OLDINROQ OVOZ BERISH IMKONIYATI
Men saylov kuni o‘z turar joyimda bo‘lmayman, xorijga bir oylik o‘qishga ketyapman. Bu holatda ovoz berish masalasi qanday hal etiladi? Saylovchining oldinroq ovoz berish imkoniyatini ta’minlash mumkinmi?
Temur Avezov,
Toshkent
Darhaqiqat, saylov kuni o‘z turar joyida bo‘lmaydigan va uchastka komissiyasiga kela olmaydigan saylovchining oldinroq ovoz berish imkoniyatini ta’minlash instituti mavjud. Saylov kuni o‘z turar joyida bo‘lish imkoniyatiga ega bo‘lmagan saylovchi yashash joyidagi uchastka saylov komissiyasidan saylov varaqasini talab qilib olishi, bir qarorga kelgach to‘ldirilgan varaqani konvertga solib, uni yelimlangan, ya’ni yopiq holda uchastka komissiyasida qoldirishi mumkin.
Saylovchiga oldinroq ovoz berish imkoniyatini yaratadigan uzrli sabablar qatoriga-ta’til, xizmat safari, mehnat va ta’lim faoliyati rejimi, davlat va jamoat oldidagi majburiyatlarini bajarish, salomatligining yaxshi emasligi tufayli davolanish kabilar kiradi.
Bunda saylovchining boshqa ma’muriy hududga ketayotganligi tegishli hujjatlar bilan tasdiqlangan bo‘lishi kerak.
Saylov o‘tkaziladigan kuni ovoz berish tugagach, saylov qutilarini ochishdan oldin uchastka saylov komissiyasining a’zolari hozirligida saylov varaqalari solingan yopiq konvertlar saylov qutisiga tashlanadi.
Shuningdek, muddatidan oldin ovoz berishni amalga oshirish chog‘ida ham xohish-iroda ifodasi yashirinligiga amal qilish kafolatlari belgilangan.
Ovoz berishning yashirinligi – fuqaroning xohish-iroda ifodasi har qanday yo‘l bilan nazorat qilinishi mumkinligini istisno etuvchi, uning bergan ovozi natijalari boshqa shaxslarga oshkora qilinmasligini kafolatlovchi konstitutsiyaviy tamoyildir. Ushbu prinsip fuqarolar o‘z xohish-irodasini bildirish erkinligini ifodalaydi.
Yashirin ovoz berish prinsipining saylov komissiyalarining a’zolari, mansabdor shaxslar tomonidan buzilishi aybdorlarning jinoiy va ma’muriy javobgarlikka tortilishiga sabab bo‘ladi.
Qirol Ahmedov,
huquqshunos