HAR TONG BAXT KULIB BOQADI
ezgulikka Quloch yozsang bas!
Maktab yillaridanoq shifokor bo‘lishni orzu qilgan qizaloq bugun orzulari sari dadil odimlab, qo‘li yengil shifokor bo‘ldi. Dastlabki ish faoliyatini Shoshilinch tibbiy yordam markazining Pastdarg‘om tuman bo‘limida boshlab el nazariga tushgan Mahliyo Do‘smuratova kasallikka qarshi astoydil kurashib, uni bartaraf etish yo‘llari ustida tinimsiz izlandi.
Ayni vaqtda Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumaniga qarashli 4-oilaviy poliklinikada umumiy amaliyot shifokori vazifasida faoliyat yuritayotgan Mahliyo opaning huzuriga shifo izlab keluvchilar ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatdan mamnun bo‘lmoqda.
– Kichik farzandim Hojikabar betob bo‘lib qolganida ko‘zimga dunyo qorong‘u bo‘lib ketdi. Zudlik bilan Mahliyo Do‘smuratova huzuriga olib keldim. Shifokorning iliq muomalasi, o‘z vaqtida qo‘ygan to‘g‘ri tashxisi, bergan maslahatlari hamda malakali hamshira Mamlakat Siddiqovaning ko‘magi bilan o‘g‘lim sog‘ayib ketdi. Ulardan minnatdorman, – deydi O‘g‘iloy Tursunova.
Shifokor bemor najotkori, buni dildan his qilgan tibbiyot xodimigina el e’tirofiga sazovor bo‘la oladi.
– Har bir kishining sog‘lig‘i avvalo o‘z qo‘lida. To‘g‘ri ovqatlanish, tozalik, sof havo, tabiat qo‘ynidagi sayr, o‘z vaqtidagi uyqu hamda xushkayfiyat albatta sog‘liqni ta’minlaydi.
Aholining tibbiy madaniyatini oshirish borasida “Qarindoshlar o‘rtasidagi nikohning zararli oqibatlari”, “Yurak ishemik kasalliklarining oldini olish”, “Gipertoniya (xafaqon) kasalligining oldini olish”, “Bolalar o‘rtasida yuqumli kasalliklarning oldini olish” kabi mavzularda muntazam ravishda suhbatlar o‘tkazayapmiz. Fertil yoshidagi ayollar bilan alohida ish olib boramiz. Sababi ona sog‘lom bo‘lsa uning farzandi ham sog‘lom tug‘iladi. Bu bizning eng katta yutug‘imiz, – deydi Mahliyo opa.
Kasallikni davolagandan ko‘ra uning oldini olgan yaxshi. Mahliyo opa aytganidek, kundalik ovqatlanish tartibiga vitaminga boy meva-sabzavotlar, jigar, baliq, tuxum, go‘sht, sut-qatiq mahsulotlarini kiritish salomatlik uchun ijobiy samara beradi.
– Oilaviy shifoxonamizda 27 nafar malakali umumiy amaliyot shifokori mehnat qiladi. Mahliyo Do‘smuratovaning boy tajribasi yoshlarga qo‘l kelmoqda. Uning o‘z ustida tinimsiz ishlashi, izlanuvchanligi, bemorlarga ko‘rsatayotgan beminnat xizmati yosh mutaxassislar uchun o‘ziga xos tajriba maktabini o‘tamoqda, – deydi bo‘lim boshlig‘i Ma’mura To‘xtapo‘latova.
Darhaqiqat, umr karvoni yozu qishlardan o‘tib yelib borar ekan ortingdan qoldirayotgan yorug‘ iz sening kimligingni elga ko‘rsatib turadi. Yelkasida bir ayol ko‘tarolgudek zalvorli yuklar bilan ham oila atalmish oshiyonni, ham sevimli kasbini ardoqlab kelayotgan ayol bugun farzandlari kamolidan ko‘ngli to‘q. Turmush o‘rtog‘i Shermat aka bilan to‘rt nafar farzandini oq yuvib, oq tarab voyaga yetkazdi. Mashhuraxon Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat institutini muvaffaqiyatli tamomladi. Go‘zaloy O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti magistranti, Rustamjon O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi xodimi, Faridaxon esa volidasining izidan borib Toshkent Pediatriya tibbiyot institutida tahsil olmoqda.
Elga, el farzandlariga sog‘liq tilab hayot yo‘llarida odimlayotgan Mahliyo opa har tong shabbodalarga sir aytadi. Kim bilsin qo‘li yengil shifokor yana qancha bemorlarning dardiga malham bo‘lib ularni hayotga bo‘lgan ishonchini yuksaltirar…
Jamila HAYDAROVA