O‘ZBEK KINOSI KASHFIYOTChISI

Xivada Nurmuhammad devon oilasida dunyoga kelgan bolakay nihoyatda yangilikka, bilim olishga intilardi. U eski maktabda savod chiqarib sharq, arab, fors tillari grammatikasini puxta o‘zlashtiradi. Rus, nemis, fransuz tillarini o‘rganadi. Keyinchalik esa u O‘zbekistonda ilk bor fotografiya va kinematografiya sohasining paydo bo‘lishi va rivoj topishida tamal toshini qo‘ydi. U bu yutuqlarga tasodifiy omad tufayli erishgani yo‘q. Mehnat va izlanishlari natijasida keyinchalik u Xudoybergan Devonov sifatida tarixda qoldi.

Xudoybergan Devonov hayot taqozosi bilan nemis hunarmandi Vilgelm Penner bilan uchrashib, unga shogird tushadi. Keyinchalik Peterburg shahriga borib kinematografiya mutaxassislaridan shu soha bo‘yicha kerakli ma’lumotlarni oladi. Rus hamda fransuz firmalarining kinoapparatlari, grammofon va teleskopidan ilk o‘zbek farzandi sifatida foydalanadi. Ta’sirli asarlar yaratadi. 1908 yilda u Xivaning markaziy ko‘chalari, bozor va saylgohlarini mahorat bilan suratga oladi va uyida namoyish etadi.

Shunday qilib birinchi o‘zbek kinooperatori tomonidan o‘zbek xalqi hayoti, turmush tarzi va urf-odatlari tasvirlangan “O‘rta Osiyo me’moriy yodgorliklari”, “Xiva va xivaliklar”, “Turkiston ko‘rinishlari”, “To‘rtko‘l”, “Charxpalak”, “Paxta terimi”, “Ariq tozalash” kabi mingga yaqin kinomateriallari avlodlarimizga muhim tarixiy manba bo‘lib qoldi.

1925 yilda Toshkentda o‘zbek kinostudiyasi tashkil etilib, X.Devonov shu yerda o‘z faoliyatini davom ettiradi. U nafaqat o‘z kasbining mohir ustozi, iste’dodli fotograf, kinooperator, soatsoz, zargar, balki, she’riyat muxlisi, musiqa shinavandasi ham bo‘lgan.

Xudoybergan Devonov Xiva pedagogika bilim yurti hamda “Bolalar uyi”da foto to‘garagi tashkil qilib, yoshlarga foto, kino sohalari bo‘yicha bilim bergan. Markaziy gazetalarda muxbir va fotomuxbir sifatida ijodiy faoliyat ko‘rsatdi. Xorazmga birinchi traktor kelishi, yerni ijara usulida taqsimlab berilishi va ommaviy tadbirlarni bir qancha fotosurat hamda kinolavhalarda aks ettirdi.

O‘z davrining ma’rifatli kishilari qatorida Xudoybergan Devonovga ham 1937 yilda yomon odamlarning tuhmati bilan “xalq dushmani” tamg‘asi qo‘yilib, u qamoqqa olindi va bir yildan keyin otib tashlandi.

Biroq, u yaratgan ijod namunalari bugungi o‘zbek kinosining mustahkam poydevori uchun asos bo‘ldi. U tomonidan yaratilgan fotosuratlar va kino asarlar bebaho tarixiy meros sifatida, avlodlar xotirasida abadiy saqlanib qoladi.

Yana o‘qing:  Vatanga muhabbat, tug‘ma qobiliyat, ulkan jasorat

Xiva davlat “Ichan-qal’a” tarixiy-me’morchilik muzey-qo‘riqxonasi tarkibida “sanoi nafisa” jonkuyari, o‘zbek kinosi kashfiyotchisining hayoti va ijodiga bag‘ishlangan muzey ekspozitsiyasi faoliyat ko‘rsatmoqda.

Muhabbat XO‘JAMURODOVA

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: