YAXShILIK ULASHIB YASHASH ZAVQI

Qizlarxon To‘rayeva og‘ir ahvolda shifokor huzuriga keltirildi. U hushsiz holatda, behol nafas olardi. Ustiga-ustak homilasi ham bor. Bemor preeklampsiya kasalligi bilan og‘rigan, xastalik o‘tkazib yuborilgandi. Haqiqatda Qizlarxonning dardi og‘ir edi. Qo‘l-oyoqlarida shish paydo bo‘lgan, qon bosimi ko‘tarilgan. Bunday paytda shifokorning xato qilishga haqqi yo‘q. Nafaqat ayolni, balki hali yorug‘ dunyoni ko‘rib ulgurmagan murg‘ak vujudni ham xatardan holi qilishi zarur. Vrachning bor bilim va tajribasi natijasida bemor va f homilasining hayoti saqlab qolindi. O‘n kun davomida ayol sog‘ayib oilasi bag‘riga qaytdi. Shifokor esa uning ortidan mayingina jilmayib kuzatdi.

Darhaqiqat, uzoq yillik ish tajribasiga ega Mehriniso Nomozovaning har kuni ana shunday ichki mamnuniyat bilan o‘tadi. U Yakkabog‘ tumanida ona va bola salomatligini asrash, bemorlarning dardiga davo topish, turli murakkab jarrohlik amaliyotlarining o‘tkazilishida o‘z hissasini qo‘shib kelayotir.

– Shifokor, avvalo, insonlarni yaxshi ko‘rishi kerak, – deydi Yakkabog‘ tuman Tibbiyot birlashmasi oliy toifali shifokori Mehriniso Nomozova. – Ko‘p yillik faoliyatim davomida amin bo‘ldimki, eng yaxshi muolaja mehrdir. Shifokor shirinso‘z, xushmuomala bo‘lmas ekan, u bemorni to‘liq davolay olmaydi. Mana, yigirma besh yildirki, minglab insonlar muassasamizdan shifo topib ketishmoqda. Ularning xizmatimizdan minnatdorligi, sog‘lom holatda shifoxonani tark etishi bizga kuch beradi. Ustozlarimizning bir o‘giti bor: O‘zingni bemor o‘rniga qo‘y va xastalikka qarshi kurash. Darhaqiqat, o‘zini bemor o‘rniga qo‘ygan shifokor o‘z vazifasiga sidqidildan yondashadi.

Mehriniso Nomozova oliy o‘quv yurtini tamomlagach, Rossiya Federatsiyasining Xabarovsk va Vladivostok shaharlari klinikalarida bir yil davomida anesteziolog-reanimatolog sifatida amaliyot o‘tab qaytdi. Bir muddat Qashqadaryo viloyat bolalar shifoxonasida mehnat qilgan shifokor Yakkabog‘ tuman markaziy shifoxonasining reanimatsiya bo‘limida faoliyat yurita boshladi. U mazkur muassasa tarixida birinchi marta anesteziolog-reanimatolog ayol sifatida ish boshladi.

Tinib-tinchimas shifokor 2006 va 2009 yillarda Respublika Perinatal markazida malaka oshirish kursida o‘qib, soha bo‘yicha o‘z tajribasini boyitib keldi. Ana shunday o‘qib-o‘rganish samarasi o‘laroq, u 2009 yilda Yakkabog‘ tumanida ilk bora orqa miya narkoz-anesteziyasini yo‘lga qo‘yib, zamonaviy tibbiy jihozlar yordamida og‘ir bemorlarni hayotga qaytarish mumkin ekanligini muvaffaqiyat bilan sinovdan o‘tkazdi.

Yana o‘qing:  “QIRQ QIZ”

– Respublika Perinatal markazida ish o‘rgangan damlarimda professor-o‘qituvchilar “reanimatsiya bo‘limiga og‘ir bemorlar keltiriladi. Ularni jonlantirish anesteziolog-reanimatolog shifokorning vazifasi”, deb qayta-qayta uqtirishardi, – deya hikoya qiladi Mehriniso opa. – Malaka oshirish kurslarida olgan saboqlarim samarasida muassasada bemorlarni sog‘lom hayotga qaytarish borasida o‘ziga xos uslub yaratdim. Og‘ir bemorlarga birinchi tez yordam ko‘rsatish, o‘mrov osti vena tomiriga kateter qo‘yish, o‘pka va boshqa kasalliklarda ko‘krak qafasida yig‘ilgan patologik suyuqlikni olib tashlash, tizza bo‘g‘imlaridagi suyuqliklarni olib tashlash, turli xil jarrohlik amaliyotlarida anesteriyaning hamma turlari qo‘llanilmoqda. Bemor og‘irlashib qolganda yurakka malham yuborib, uning faoliyatini qayta tiklash, zamonaviy tibbiy uskunalardan og‘ir bemorlarni hayotga qaytarishda foydalanish va uni boshqarish, ahvoli og‘ir chaqaloqlar va bolalarga reanimatsiya yordami ko‘rsatish kabi o‘nlab davolash uslublari shifoxona jamoatchiligi o‘rtasida keng ommalashib bormoqda.

Mehriniso Nomozova nafaqat malakali shifokor, balki yaxshigina oila bekasidir. Uch qizi Maftuna, Ma’mura va Mahzunalar ham kelajakda onasining kasbini davom ettirib, insonlar dardiga malham bo‘lishni niyat qilishgan.

Navro‘z NORBOBOYEV,

Qashqadaryo viloyati

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: