QVP – salomatlik markazi
Mamlakatimiz sog‘liqni saqlash tizimini isloh qilishda qishloq vrachlik punkt(QVP) larining ahamiyati katta bo‘lmoqda.
Qoraqalpog‘iston Respublikasida bu yil 7 ta QVP rekonstruksiya qilinib, to‘liq ta’mirdan chiqarildi.
Kegeyli tumanidagi “Janabazar” ovul fuqarolar yig‘inida joylashgan 19-sonli QVP bosh shifokori Jarqinay Akimaliyeva aholi salomatligini saqlash maqsadida olib borilayotgan ishlar haqida bizga quyidagilarni so‘zlab berdi:
– Bugungi kunda qishloq vrachlik punktlari har jihatdan shahar tipidagi tibbiyot muassasalari bilan tenglasha oladi. Laboratoriya tahlillari ham shu yerning o‘zida amalga oshiriladi va bemorga aniq tashxis qo‘yiladi. Aholi salomatligiga, ayniqsa, fertil (tug‘ruq) yoshidagi ayollar, o‘smir qizlarning reproduktiv salomatligiga davlatimiz tomonidan nihoyatda katta e’tibor berilayotgan bir davrda bizning “Janabazar” ovul fuqarolar yig‘inida joylashgan 19-sonli QVPda uch nafar shifokor va hamshiralar el salomatligini asrashdek ezgu maqsad yo‘lida xizmat qilib kelishmoqda. Tumanimizdagi 4 ming 454 nafar aholining 1 ming 193 nafari fertil yoshidagi ayollar bo‘lsa, o‘smir qizlar 235 nafarni tashkil etadi. Shu bilan birga chekka hududlargacha borib yosh onalarga chaqaloqlarni emlashdan maqsad ularning immunitetini ko‘tarish orqali boshqariladigan infeksiyalarning, masalan, virusli gepatit, qoqshol, polimiyelit, ko‘kyo‘tal, bo‘g‘ma, shol kabi turli yuqumli kasalliklarning oldini olish ekanini tushuntiramiz. Biz Yestek, Axunbabayev, Ajinikes ovullarida bo‘lib slaydlar orqali hayotiy misollarni ko‘rsatganimizdan keyin bu joydagi aholi farzandlarini emlash kalendari bo‘yicha o‘z vaqtida bizga olib kelib emlatadigan bo‘lishdi.
QVP tibbiyot xodimlari tomonidan “Sog‘lom bola yili” davlat dasturi bo‘yicha o‘quv muassasalari va boshqa tashkilotlarda yaqin qarindosh-urug‘lar o‘rtasidagi nikoh va erta turmush qurishning oldini olish maqsadida muntazam ravishda davra suhbatlari o‘tkazilmoqda. “Reproduktiv salomatlik nima?”, “Erta nikohning oldini olish”, “Sog‘lom turmush tarzi”, “Sog‘lom oilani shakllantirish, “Tamakisiz hayot” kabi mavzularga bag‘ishlangan ko‘rgazmali materiallar asosida tayyorlangan slaydlar tinglovchilarda katta qiziqish uyg‘otdi.
Har oyda “Janabazar” ovul fuqarolar yig‘ini raisi, faollar, maktab rahbarlari bilan hamkorlikda QVPda olib borilayotgan ishlar borasida o‘z fikr-mulohazalarini bildirib, tibbiyot xodimlari bilan hamkorlikda ishlaydilar. Tartib bo‘lgan joyda ish ko‘ngildagidek bo‘lishi tabiiy. Mazkur dargoh ostonasiga qadam qo‘yar ekansiz buning guvohi bo‘lasiz, albatta. Mahallalarda sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish bo‘yicha hafta kunlarini belgilash grafigi qishloq vrachlik punktiga kiraverishda ko‘rsatib qo‘yilgan. Masalan, haftaning dushanba kuni nuroniylar kuni, seshanba – ayollar, chorshanba – bolalar, payshanba – oila va ekologiya, juma – ayollar va qizlar kuni bo‘lsa shanba umumta’lim maktablari va boshqa tashkilotlarga borib suhbatlar o‘tkazilishi qayd etilgan. Va ana shu tartibda ish qat’iy tashkil etilgan.
– Mazkur salomatlik muassasamizda tekshirish natijalariga ko‘ra katta hamshira Gulbahor Latipova, fizioterapevt Liza Nurisheva, hamshira Zuhra Qartbayeva kabi tibbiyot xodimlari bilan birgalikda fertil yoshidagi ayollarni sog‘lomlashtirish, homiladorlarni sog‘lom farzand ko‘rishlari uchun tug‘ishgacha bo‘lgan davrini nazorat qilish, ularga kerakli maslahatlar berish kabi ishlarni olib boramiz, – deydi akusher-ginekolog Gulbahor Naubetova. Ba’zida tibbiy ko‘rikka kechikkan bo‘lajak onalarning xonadonlariga borib ularni ogohlantiramiz. Shundan keyin ular albatta shifokorlar ko‘rigiga kelishadi va tibbiy tekshiruvdan o‘tadilar.
Shu bugungacha aholining barcha qatlamlari chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Bu albatta kelajakda aholi orasida sog‘lom turmush tarzini yo‘lga qo‘yish, sog‘lom avlodning jismonan va ruhan barkamol voyaga yetishida muhim omil bo‘ladi.
Muhabbat XO‘JAMURODOVA,
Qoraqalpog‘iston Respublikasi