FUQAROLIK JURNALISTIKASI
uni rivojlantirishda internetning tutgan o‘rni
Joriy yilning 18-19 sentyabr kunlari Toshkentdagi “Dedeman Silk Road” mehmonxonasida bo‘lib o‘tgan “Milliy internet-jurnalistikasini rivojlantirishning dolzarb masalalari” respublika ilmiy-amaliy seminari internetning jurnalistika sohasida tutayotgan o‘rnini yanada yaqqol ko‘rsatib berdi.
Bugungi kunda “.uz” domenida fuqarolik jurnalistikasi deb nom olgan yangi yo‘nalish vujudga keldi. Ayni paytda milliy internet saytlarimiz soni 18 mingdan ortdi. “.uz” domenining ro‘yxatga olinganidan buyon yigirma yil o‘tganini hisobga oladigan bo‘lsak, virtual media rivoji shiddatini tasavvur qilish qiyin emas. Kiber muhitda Ommaviy axborot vositalarining faolligi ham ortib borayotganini inobatga olsak, axborot maydonidagi manzara yaqqol namoyon bo‘ladi. Xususan, hozir internet tizimida foydalanuvchilarga 270 dan ziyod tarmoq OAV axborot-tahliliy xizmatlarni taqdim etmoqda.
Anjumanda fuqarolik jurnalistikasi va blogsfera fenomenlarining mohiyatini tadqiq etish, uning rivojlanish yo‘nalishlarini aniqlash ham asosiy masalalardan biri bo‘ldi. Davr voqeliklari va mass-media taraqqiyotiga blogerlarning ko‘rsatayotgan ta’siri, ayniqsa, jiddiy bahs-munozaralarga sabab bo‘ldi. Yuzlab internet foydalanuvchilar uchun chinakam minbar vazifasini o‘tayotgan blog sohaning mavjudligi, unda qator ijtimoiy, siyosiy, madaniy tematikalarga oid “post”lar, mulohazali, tahliliy materiallarning e’lon qilinayotgani fuqarolik jamiyatining yutug‘idir. Qolaversa, “Axborotlashtirish to‘g‘risida”gi Qonunga joriy yilning 5 sentyabr kuni kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar sohaning keyingi taraqqiyotida muhim ahamiyat kasb etadi. Qonunchilik hujjatiga ilk bor “bloger” tushunchasi kiritildi. Shuningdek, qonunda ularning faoliyatiga doir talablar ham belgilab qo‘yildi. Bu fuqarolik jurnalistikasining ham professional OAV vakillari bilan bir qatorda uzatayotgan axborotining haqqoniyligi uchun javobgar bo‘lishlarini huquqiy jihatdan kafolatlanishidir. Endi bloger o‘zi havola etayotgan har qanday xabar uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga oladi va bu jamiyat hayotida axborot shaffofligini ta’minlashda qo‘l keladi.
Seminar yakunida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olishdi.
Jamila HAYDAROVA