EL DARDIGA MALHAM ODAMLAR
Shifokorlik ulug‘ va sharafli kasb. Inson salomatligini asrash — mas’uliyatli vazifa. Dunyoda sog‘liqdan ham katta boylik bormi? Joningiz og‘risa ko‘zingizga olam qorong‘u ko‘rinadi. Ko‘nglingizga qil ham sig‘maydi. Shunday damlarda oppoq xalatli shifokorlar siz uchun barcha yaqinlaringizdan ham aziz bo‘lib tuyuladi. Sababi u sizning dardingizni yurakdan his etib, bor mahoratini qo‘llab yordam qo‘lini cho‘zadi. Shunday insonlarni yaxshi ko‘rmay bo‘ladimi?!
Sharq mamlakatlari qadimdan o‘z allomayu oqil donishmandlari bilan jahongga mashhur. Tabobat ilmining sultoni Abu Ali ibn Sino yoqqan ziyo mash’ali mana necha asrki avlodlar yo‘lini yoritmoqda. “Meditsina” so‘zi ham Yevropaga “madadi Sino” so‘zining o‘zgargan shakli bo‘lib kirib borgan desak, mubolag‘a bo‘lmas. Buyuk bobokalonimizning shifokorlar xususida aytgan ushbu so‘zlari hamon o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan. Ya’ni, “Shifokorda burgutning nigohi, qizning qo‘llari, ilonning donishmandligi, sherning yuragi bo‘lishi shart”.
Ana shunday sifatlarga ega bo‘lgan mashhur zamondoshimiz, akademik Nabi Majidov va uning munosib izdoshlari xususida so‘z yuritar ekanmiz, beixtiyor insonning bosib o‘tgan nurli yo‘li uning qanday yashaganligidan dalolat ekanligiga yana bir bor amin bo‘ldik.
Mamlakatimizda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasining hamda Yevropa va Osiyo Meditsina Fanlari Akademiyasining akademigi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi, tibbiyot fanlari doktori, professor Nabi Majidovni tanimagan odam bo‘lmasa kerak.Chunki, bu mashhur inson jahon tibbiyot tarixida ham o‘zining ilmiy ishlari bilan yorqin iz qoldirgan. Shu sababli “Dunyoning mashhur 500 kishisi” kitobida nomi qayd etildi.
O‘zbekistonda nevrologiya faniga asos solgan olim Toshkent shahrida 1928 yilda xizmatchi oilasida tavallud topdi.
Toshkent Tibbiyot Akademiyasi (Sobiq ToshMI)ni 1952 yilda tugallagan N. Majidov ustozlaridan olgan saboqlarini amaliyotda qo‘llab bemorlar dardiga shifo izladi. Qo‘li yengil, yosh shifokorga oyoqqa turib ketgan bemorlarning minnatdorlik so‘zlari qanot bag‘ishlar edi. Kunduz kunlari bemorlarni muolaja qilish bilan band bo‘lgan bo‘lajak olim tunlari kitob ustiga muk tushib ba’zan tunlarni tonglarga ulardi. Uning mashaqqatli ilm yo‘lidagi mehnatlari besamar ketmadi.
Institutning “Asab kasalliklari” kafedrasida faoliyat yuritayotgan Nabi Majidovga ustozlari katta ishonch bildirishdi. Assistentlik lavozimidan dotsent darajasiga ko‘tarilgan lavhamiz qahramoni 1966 yilda o‘zi ishlayotgan kafedra mudirligi vazifasiga tayinlandi. Izlanuvchan va iqtidorli shifokorning o‘tgan yillar mobaynida ko‘plab ilmiy maqolalari hamda monografiyalari ilmiy jurnallarda chop etildi. 1965 yilda N. Majidov ustozi, mashhur nevrolog, professor M. Rapopport boshchiligida “Kalla suyagi orqa chuqurchasining surunkali fibrozlanuvchi leptomeningitlari” mavzusidagi doktorlik dissertatsiyasini Moskvada Tibbiyot Fanlari Akademiyasida himoya qildi.
N.Majidov o‘zining ilmiy salohiyatini nevrologiya fanining asosiy yo‘nalishlaridan biri bo‘lgan serebral leptomeningitlar va xorioependimatitlarning etiologiyasi, patogenezi, klinik manzarasi, kechish davri va davolash muammolariga bag‘ishladi. Olimning bosh miya qorinchalarining klinik-anatomik xususiyatlariga bag‘ishlangan ilmiy kashfiyoti fanda o‘chmas iz qoldirdi. Bu olamshumul kashfiyot jahon miqyosida nevrologlar tomonidan e’tirof etilib, o‘tgan asrning 86-yilida Rossiya Tibbiyot Fanlar Akademiyasining “Katta tibbiyot ensiklopediyasi”da “xorioependimatitlar” nomli atama sifatida e’lon qilindi. Asab kasalliklarini davolashda olim fermentativ preparatlarni ishlatishni tavsiya etdi. Leptomeningitlar tasnifini ishlab chiqdi. Bu tasnif sobiq Ittifoq miqyosida qabul qilindi. Akademik Nabi Majidov turli chet mamlakatlar (Nyu-York, Chikago, Kanzas-Siti, Sofiya, Plodiv, Varna)da nevropatologlarning nufuzli xalqaro anjumanlarida ma’ruzalar qildi. Ustoz 1972 yilda sobiq Ittifoq Nevropatologlar va psixiatrlar jamiyatining raisi etib tayinlandi. U Rossiyada chop etiladigan “Katta meditsina ensiklopediyasi”ning nevrologiya bo‘limi muharrirlaridan biri edi. N. Majidov rahbarligida 63 ta nomzodlik va 12 ta doktorlik dissertatsiyalari tayyorlandi hamda juda ko‘plab amaliyotchi shifokor-nevrologlar ustozdan saboq olishdi. Kashfiyotchi olim 8 ta ilmiy ixtiro, tibbiyot oliy o‘quv yurtlari uchun 4ta darslik, 60 ta metodik tavsiya, tibbiyotning dolzarb muammolariga bag‘ishlangan 30 ta monografiya, 40 ta tematik to‘plam, 500 dan ziyod ilmiy ishlar muallifi sifatida jahonda nom qozondi. Amerika Biografiya institutining bosh tahririyati tomonidan uning nomi “Dunyoga mashhur 500 kishi” kitobiga kiritildi. Shuningdek, N. Majidov O‘zbekiston tarixida ilk bor 1998 yilda tashkil etilgan “Nevrologiya” ilmiy-amaliy jurnalining muassisi ham edi. Ustoz umrining oxirigacha ushbu jurnalda bosh muharrirlik vazifasini ado etdi. Taniqli olim va jamoat arbobi hukumatimiz tomonidan munosib taqdirlandi. Ustoz olim O‘zbekiston Nevrologlar Assotsiatsiyasi raisi sifatida ham samarali faoliyat yuritdi.
“Oila-qo‘sh ustunli ayvon”, deydi dono xalqimiz. Yuqorida Nabi Majidovning erishgan yutuqlarini bir-bir tilga olar ekanmiz, bu ezgu faoliyatda ustoz olimning umr yo‘ldoshi Oydin opa Majidovaning ham ulkan xizmatlari borligini alohida e’tirof etish lozim. Tajribali bolalar nevrologi, Toshkent Vrachlar malakasini oshirish instituti dotsenti bo‘lgan O.Majidova ustozni har jihatdan qo‘llab-quvvatladi. Unga ruhan madad bo‘lib, oila osoyishtaligini ta’minladi. Bu ziyoli oilada voyaga yetgan farzandlar ham ota-ona izidan borib ilm yo‘lini tanlashdi. Hozirda akademik Nabi Majidovning qizi tibbiyot fanlari doktori, professor Yoqutxon Majidova Toshkent Pediatriya Tibbiyot institutining “Nevrologiya, bolalar nevrologiyasi va tibbiy genetika” kafedrasini boshqaradi. U “Nevrologiya” jurnali bosh muharriri, O‘zbekiston Nevrologlar Assotsiatsiyasi raisi o‘rinbosari, YevroOsiyo Tibbiyot Fanlari Akademiyasi muxbir a’zosi, “Spektra nevrologiya” klinikasi bosh shifokori bo‘lib ishlaydi. Olima Yoqutxon Majidovaning umr yo‘ldoshi Turg‘un Shahobiddinov ham tibbiyot fanlari doktori, professor. Toshkent Pediatriya Tibbiyot institutida “Teri-tanosil kasalliklari” kafedrasida faoliyat yuritadi. Bu oilada ham uch nafar farzand kamol topmoqda. Yulduzxon mamlakatmizdagi nufuzli Vestminster universitetining magistratura bosqichini imtiyozli bitirib, hozirda poytaxtdagi “La Spoza” to‘y liboslar salonini boshqarmoqda. Nodiraxon ham shifokorlik kasbini tanlagan. Hozirda u Toshkent Vrachlar malakasini oshirish institutida klinik ordinaturani o‘tamoqda. Kenja farzand Temur “Interxauz” litseyi o‘quvchisi.
Bolalikdan ota-onasining kitobga o‘zgacha mehr qo‘yganini ilg‘agan Yoqutxonda ham o‘qishga ishtiyoq baland bo‘ldi. Har holda bilimga chanqoqlik unga qondan o‘tgani bejiz emas. Chunki, zukko va donishmand padari buzrukvori va volidai muhtaramasi ilmu ziyoga umrlarini baxshida etgan insonlar edi. Ana shu nurafshon oilaviy muhit farzandlar uchun ibrat maktabi bo‘ldi. Hamda ularning hayotdagi o‘z yo‘llarini topishda, kasb tanlashlarida yo‘lchi yulduz bo‘lib xizmat qildi. Mashhur sulolaning munosib izdoshi, haqli ravishda hozirdagi darg‘asi Yoqutxon Majidovadan tashqari yana to‘rt nafar qiz ham o‘z umrini ilmga bag‘ishladi. O‘zbekiston ilmiy tibbiyotiga o‘z munosib hissasini qo‘shgan olimalar tibbiyot fanlari doktori, nevropatolog Ra’no Majidova, tibbiyot fanlari nomzodi, kardiolog Go‘zal Mirjo‘rayeva, tibbiyot fanlari nomzodi, nevropatolog Dilbar Hidoyatova, pedagog-defektolog Oynisa Aminova kabi fidoyi yurtdoshlarimizdan biz ham faxrlanamiz.
Har bir ota-ona avvalo oilada farzand tarbiyasida vaqtdan unumli foydalanish, hamda kitobga mehr qo‘yish, insonlarni sevishni o‘rgatsa, odamiylik ilmidan nafaqat bolalari, shogirdlariga ham mukammmal saboq bersa akademik Nabi Majidov va dotsent Oydin Majidova kabi doimo nomi yaxshilik ila yod etiladi. Mangulikka daxldor bu insonlarning nomlari O‘zbekiston ilmiy tibbiyoti tarixiga zarhal harflar ila bitilganiga ishonamiz.
Gulchehra ShIRINOVA