ChIQINDI: uni qayta ishlab foydalansa bo‘ladimi?

Mutaxassislarning fikricha, chiqindilarni qayta ishlash – ancha daromadli soha. Qimmat birlamchi xomashyoni sotib olish shart emas. Bugun bu borada yurtimizda ham sezilarli yutuqlarga erishilmoqda. Ayni paytda respublikamiz miqyosida 70 ga yaqin chiqindilarni qayta ishlashga ixtisoslashgan korxonalar faoliyat yuritayotgani fikrimiz tasdig‘idir.

Jahondagi eng toza shahar

Hozirgi kunda chikindi muammosi ko‘plab davlatlar, ayniqsa, turizm sohasi taraqqiy etgan mamlakatlar uchun jiddiy «bosh og‘rig‘i» bo‘layotgani rost. Bu borada qat’iy choralar ko‘rish bo‘yicha mutlaq rekordchi sifatida aynan Singapur tan olingan. Chiqindini duch kelgan joyga tashlagan kishi 500 Singapur dollari (bu qariyb 400 AQSH dollariga teng) miqdorida jarimaga tortiladi. Agar qoidabuzarlik qayta takrorlansa, aybdor axloq tuzatish ishlari, ba’zan qamoq jazosiga hukm qilinishi mumkin. Yana bir qiziq holat. Rezina saqich mamlakatda «mislsiz ofat» deb e’lon qilingan. Nafaqat uni ko‘chaga tashlash, balki Singapur hududiga olib kirishga urinish ham yaxshigina jazolanadi.

Mamlakat rasmiylari bunday tartibni quyidagicha izohlashadi: Singapur – eng yirik megapolis, sayyohlar ko‘p tashrif buyuradigan maskan. Agar barchasi o‘z holiga tashlab qo‘yilsa, jazirama iqlim sharoitida mamlakat ekotizimi tanazzulga yuz tutishi muqarrar.

Bundan yigirma yilcha oldin boshlangan sa’y-harakatlar beiz ketmadi. Asta-sekin aholi orasida yagona tushuncha shakllanib bordi: «Chiqindini faqat qutiga tashlash kerak!». So‘nggi yillarda Singapurning bir necha marta «Jahondagi eng toza shahar» unvoniga sazovor bo‘layotgani ham shundan.

Tozalik nazariyasi

Mutaxassislarning uqtirishicha, o‘tgan asrning 60-yillarida chiqindi «balo»si insoniyatga hozirgidek xavf solmagan.

Sababi oddiy: bu vaqtda plastik paket va alyuminiy bankalar hali o‘ylab topilmagan. Bir martalik qadoqlash vositalari haqida esa gap-so‘z yo‘q edi hisobi. Oziq-ovqat mahsulotlari xarid qilish uchun o‘sha kezlari keng urfda bo‘lgan mustahkam bozor sumkalari ishlatilardi. Sut, smetana va salqin ichimliklar shisha idishda sotilar, keyinchalik ularni maxsus qabul punktiga topshirib, evaziga pul olish mumkin edi.

Buning ustiga chiqindilar atrof-muhitga u qadar zarar keltirmasdi. Ammo bugun texnologiyalar nihoyatda rivojlangan, mahsulot turlari ko‘paygandan-ko‘paygan. Shu navbatda qadoq o‘ramlari ham. Muammoni hal etish oson kechmasligi aniq. Shunday bo‘lsa-da, ayrim rivojlangan mamlakatlar chiqindiga qarshi kurashishning samarali yo‘llarini topa olishdi. Bu borada jahon tajribasi bilan atroflicha tanishish foydadan xoli bo‘lmaydi.

Yana o‘qing:  KOLLEJ BITIRUVCHILARI

So‘nggi vaqtda jahon jamoatchiligi orasida «zero Waste» tushunchasi paydo bo‘ldi. Ushbu iborani so‘zma-so‘z o‘zbek tiliga tarjima qilsak, «nol chiqindilar» degan ma’noni beradi. Bu o‘ziga xos tozalik nazariyasi bo‘lib, unga ko‘ra, aslida tabiatda chiqindi umuman bo‘lmaydi, balki takror foydalanish ehtimoli mavjud mahsulot bor. Ya’ni biror buyum shunchaki chiqindiga chiqarib yuborilmaydi, aksincha ikkilamchi qayta ishlanib, iste’mol uchun yaroqli holga keltiriladi. Bu, o‘z navbatida, chiqindiga qarshi kurashish sohasida «yangi sahifa» ochdi.

Germaniya birinchilardan bo‘lib chiqindilarni alohida-alohida to‘plashni joriy qilgan mamlakat hisoblanadi. Dastlab ish plastikdan qilingan va qayta ishlash mumkin bo‘lgan mahsulot o‘ramlariga maxsus belgi qo‘yishdan boshlangandi. Shundan so‘ng har bir xonadonda qo‘shimcha quti o‘rnatildi. Unga maxsus belgi qo‘yilgan o‘ramlarni tashlash mumkin edi. Bora-bora chiqindilarni saralashning mazkur tizimi yanada rivojlantirildi. Bitta sariq bochka yoniga bir necha rangdagi qutilar qo‘shildi. Ayni vaqtda ularning soni 8-10 taga yetadi. Endilikda plastikdan tashqari qog‘oz, shisha, metall, oziq-ovqat chiqindilariga ham maxsus konteynerlar ajratilgan. Hozirgi kunda chiqindilarni qayta ishlash sanoati alohida soha sifatida to‘liq shakllangan.

Yaponlar uchun qoidalar shunchalik ko‘pki, ularni eslab qolish oson emas. Buni e’tiborga olgan hukumat aholi uchun maxsus qo‘llanma ishlab chiqqan. Kunchiqar yurtda chiqindilarni to‘plash borasida qat’iy tartib joriy qilingan. Misol uchun, ayrim chiqindilarni aholidan yig‘ib olish uchun muayyan vaqt belgilangan. Agar kimdir biror sabab bilan ularni tegishli muddatda topshirishga ulgurmasa, keyingi kungacha uyida saqlashiga to‘g‘ri keladi. Yaponlar chiqindini tashqariga chiqarib qo‘yishni kamdan-kam unutishadi, mavjud qoidaga qat’iy rioya qilishga harakat qilishadi. Aks holda bu qo‘shnilar oldida sharmandalik hisoblanadi.

Qo‘shma Shtatlarda esa «Chiqindini qayta ishlash» xalqaro kuni keng miqyosda nishonlanadi. Bundan maqsad – jamoatchilik e’tiborini ushbu muammoga jalb qilish.

Qayta ishlash – yagona chora

Statistik ma’lumotlarga qaraganda, bugun dunyoda chiqindilarning faqat 2 foizi qayta ishlanadi. Bir qismi yondirib yuborilsa, qolgani maxsus joylarda ko‘miladi. Hozirgi kunda chiqindilarning 800 dan ortiq turi qayd etilgan. Ularning soni kelgusida yanada ortishi ehtimoli yo‘q emas.

Ta’kidlash joiz, so‘nggi yillarda respublikamizda yiliga ishlab chiqarish va iste’mol chiqindilarining hosil bo‘lish miqdori 100 million tonnani tashkil etadi. Uning 35 million tonnasi maishiy chiqindilar bo‘lib, ular shahar va qishloq chiqindixonalariga joylashtirilmoqda. O‘z navbatida o‘rtacha har bir million maishiy chiqindi bilan 360 ming tonna oziq-ovqat chiqindilari, 160 ming tonna qog‘oz va karton, 55 ming tonnaga yaqin tekstil, 45 ming tonnaga yaqin plastmassa va boshqa qimmatli komponentlar yo‘qotiladi.

Shundan utilizatsiya qilinadigan chiqindilar 2 foizni tashkil etadi. Ayni vaqtda yurtimizda chiqindini qayta ishlash borasida samarali ishlar amalga oshirilayotir.

Yana o‘qing:  Xushxabar, raqamlar (2014/37)

Birgina Toshkent shina tiklash zavodida 1,5 ming tonna chiqindi qayta ishlanadi. Zavod zamonaviy texnika va texnologiyalar bilan jihozlagan. Korxonada qayta ishlanayotgan shinalardan olinayotgan kauchukdan bir necha xil rezina mahsuloti ishlab chiqarilmoqda. Qayta ishlash jarayonida ajratilayotgan sim «O‘zmetkombinat» ochiq aksiyadorlik jamiyatiga topshirilmoqda.

Tayyorlangan tovarlar shartnoma asosida «O‘zbekiston temir yo‘llari», «O‘zavtosanoat» kompaniyalari va boshqa korxonalarga yetkazib berilayotir.

Buxoroning «Maxsusavtoxo‘jalik» korxonasida chiqindilarni saralash va qayta ishlash bo‘yicha zavod ishga tushirildi. Hozirgi vaqtda korxonada 10 ta ixtisoslashgan «ISUZU» mashinalari va 3 ta samosval bor, har oy 37 nafar xodim maxsus texnikalar yordamida 65 ta mahalladan 300 ming tonnaga yaqin chiqindini olib chiqadi. Yaqin vaqt ichida qo‘shimcha 10 ta «MAN» va «HOWO» rusumidagi chiqindi tashish avtomobillarini sotib olish rejalashtirilgan.

Mirzohid JO‘RAYEV

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: