ERTAK QAL’ASI – ma’naviyat mash’alasi

Bolalar shoiri va dramaturgi S.Marshak “Dam olish kunlarida bolalar quvnoq tomoshalar koni – kichik ertaklar qal’achasini erta tongdan zabt etardilar. Bu – o‘zining dramaturgiyasini, yo‘lini izlayotgan va topayotgan teatr edi”, degandi.

Qo‘g‘irchoq teatri, ertaklarining sirli va mo‘jizakor olami kichkintoylarni sehrlab qo‘yadi. Unda har bir buyum, qahramonlar harakati yosh tomoshabinlarning miriqib hordiq chiqarishlari uchun xizmat qiladi.

Tarixiy ma’lumotlarga qaraganda, yurtimiz hududlaridagi qadimiy qal’alarda arxeologik qazilma ishlari olib borilganda g‘aroyib hayvonchalar, sopol o‘yinchoqlar, qo‘g‘irchoqlar topilgan. Bundan ko‘rinib turibdiki, qo‘g‘irchoq teatri qadimdan shakllangan. Hozirga kelib respublikamizning to‘qqiz viloyatida qo‘g‘irchoq teatri mavjud.

Ertak qahramonlari ibratli xislatlari bilan bolalarning irodasi mustahkam bo‘lishiga zamin hozirlaydi. Mamlakatimizda o‘sib kelayotgan yosh avlodni ona Vatanga muhabbat, milliy an’analar va qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash, ularning dunyoqarashini shakllantirishda qo‘g‘irchoq teatrlarining o‘rnini yanada oshirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 7-avgustdagi “Respublika qo‘g‘irchoq teatri binosini to‘liq ta’mirlash va uning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi hamda ushbu qaror ijrosi ta’minlandi. Ayni kunlarda Respublika qo‘g‘irchoq teatrini ta’mirlash ishlari yakunlanib, bir-biridan qiziq ertak spektakllar namoyish etilmoqda.

Istiqlol yillarida bolalar teatrida qadriyatlarimizga mos ertak va xalq dostonlari asosida yangi spektakllar yaratildi. Ertak tomoshalari kichkintoylarga estetik zavq ulashib, uni voqealar girdobiga olib kiradi. Ibratli hikoyalar orqali bola to‘g‘ri fikrlash, xulosa chiqarishga o‘rganadi. Qo‘g‘irchoqlar bolaning nutqini rivojlantirishga yordam beradi, uning ijtimoy qarashlarini shakllantirib, to‘g‘ri va noto‘g‘ri narsalarni farqlashga o‘rgatadi. Mutaxassislar ham farzandga tanbeh va dashnom bermasdan namuna ko‘rasatib tarbiyalashning afzalligi haqida fikr bildirishgan. Qo‘g‘irchoq teatri ana shunday namuna o‘chog‘idir.

– Bolaligimda onam yasab bergan cho‘p qo‘g‘irchoqlarga andarmon bo‘lib vaqt o‘tkazganman, – deydi O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutining “Qo‘g‘irchoq aktiyorligi mahorati” bo‘limi o‘qituvchisi Nilufar Mirsaidova. – Ularga rostdan ham jon kirsa-yu, men bilan suhbatlashsa, deb orzu qilardim.

Hozirda qo‘g‘irchoq teatrida salohiyatli spektakllarni sahnalashtirish ishlari qizg‘in davom etmoqda. “Fotimaning sarguzashtlari”, “Ziyod va Botir”, “Kachalpolvon”, “Oygul bilan Baxtiyor”, “Meshpolvon” kabi bir-biridan qiziqarli ertaklar namoyish etilyapti. Kelajak egalarining ma’rifatli, ziyoli insonlar bo‘lib ulg‘ayishi uchun teatr xodimlari sermahsul mehnat qilishmoqda.

Yana o‘qing:  Obod Vatanning jambilu rayhonlari

Spektakl tomosha qilayotgan kichkintoyni kuzatsangiz, uning ko‘zidagi zavq beixtiyor sizga ham quvonch ulashadi. Qahramonlarning har bir harakatiga diqqat qaratayotgani esa hayratingizni oshiradi. Yomonlik va yaxshilik, axloqsizlik va odob, dangasalik va mehnatsevarlik o‘rtasidagi nizolarning so‘ngida ijobiy qahramonlar g‘olib bo‘ladi. Buni ko‘rib turgan bolakay, albatta, o‘ziga xulosa chiqaradi. Mustaqil fikrlashni o‘rganadi.

– Onam meni tez-tez qo‘g‘irchoq teatriga olib boradi, – deydi yetti yoshli qizaloq Durdona Musayeva. – U yerda No‘xotpolvon, aqlsiz Qimmat, gapiradigan quyonchalar va Bo‘g‘irsoqni ko‘raman. Hammasi biz bilan gaplashadi, boshiga qiyin ish tushib qolsa, bolalardan yordam so‘raydi. Biz esa u bilan qalin do‘st bo‘lib to‘siqlarni yengib o‘tamiz.

Ha, beg‘ubor kunlarning har lahzasi mo‘jizaga boy. Atrof-muhit bilan tanishishni boshlagan kichkintoylar o‘zlari sevgan qahramonlar timsolida hayotga nazar tashlaydi. Ularning harakatlarini o‘rganib, taqlid qiladi, do‘stlar orttiradi. Eng muhimi, bolaligidanoq jamiyatga moslashib boradi. Odamlar orasida o‘zini tutishni, muomala madaniyatini o‘rganadi.

Ayrim vaqtlarda ota-onalari aytgan so‘zlarning ma’nosini anglab yetmagan bolalar tomosha orqali savollariga yechim topadi. Shu sababdan farzandingizni qo‘g‘irchoq teatrlariga olib borishni kanda qilmaganingiz ma’qul. Zero, ertaklar qal’asida bolangiz faqat va faqat ezgu maqsadlar sari intilishni o‘rganadi.

Dildora QARSHIBOYEVA

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: