Maktab yarmarkalari
yosh avlodning yanada chuqur bilim egallashiga qulaylik yaratadi
Farzandi maktab yoshiga yetgan ota-onaning quvonchini hech kuzatganmisiz? O‘quv yili boshlanishidan ancha avval bolasiga maktab forma izlay boshlaydi. To‘g‘ri-da, kim dilbandining orasta, chiroyli bo‘lib yurishini xohlamaydi, deyciz?!
Ayni paytda har yangi o‘quv yili oldidan tashkil etilishi odat tusini olgan maktab yarmarkalari qizg‘in pallaga kirgan. O‘zbekiston Respublikasi Xalq talimi vazirligi ma’lumotlariga qaraganda bu yil mamlakatimiz bo‘ylab 1885 ta maktab yarmarkalari o‘quvchilar uchun zaruriy o‘quv qurollari yetkazib berayotir. 398 ta bozor va 276 ta yirik savdo majmualarida ham xuddi shunday yarmarkalar tashkil etildi. Olis va borish qiyin bo‘lgan tog‘li hamda cho‘l hududlariga 130 ta ko‘chma avtodo‘konlar xizmat ko‘rsatmoqda. Bundan ko‘rinadiki, maktab yarmarkalari jajjilarning haqiqiy shodiyonasiga aylangan. Har bir biriktirilgan ta’lim muassasasi bolalarning baxtiyor kulgisi bilan to‘lib-toshgan.
ENDI ISTAGAN RASMNI ChIZA OLAMAN
Jasurjon poytaxtimizdagi 252-umumta’lim maktabining 4-sinf o‘quvchisi. Uni suhbatga tortarkanmiz, u to‘lqinlanib, boshlanajak o‘quv yilini faqat besh baholarda yakunlashiga so‘z berdi:
– Men matematika, o‘qish, ona tili fanlariga, shuningdek, rasm chizishga qiziqaman, – deydi u. – Yozgi ta’til davomida ham o‘tgan yilgi saboqlarimni takrorlab chiqdim. Hozir esa maktab yarmarkasidan ko‘pgina dars jarayonida kerak bo‘ladigan o‘quv qurollarini xarid qildim. Qalamlarni aytmaysizmi, xohlagan rangidan topish mumkin. Endi istagan rasmimni chiza olaman.
Darhaqiqat, Toshkent shahar Xalq ta’limi bosh boshqarmasining ma’lumotlariga ko‘ra poytaxtimizdagi 24 ta umumta’lim maktabi qoshida maktab bozorlari tashkil etildi. Ularga esa yaqin atrofdagi 102 ta ta’lim muassasasi o‘quvchilari biriktirilgan. Mazkur yarmarkalar 92 ming nafar bolani qamrab olishi ko‘zda tutilgan.
YARMARKALAR 76 TA UMUMTA’LIM MAKTABIDA TASHKIL ETILDI
O‘quvchilarni sifatli o‘quv qurollari bilan ta’minlash Toshkent viloyatida ham yaxshi yo‘lga qo‘yilgan.
– Viloyatdagi 76 ta umumta’lim maktabida yarmarkalar tashkil etildi, – deydi viloyat Xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Axtam Abubakirov. – Ushbu bozorlardan 500 ga yaqin ta’lim muassasasi o‘quvchilari foydalanishlari mumkin. Qolaversa, bu yilgi yarmarkada 327 ming nafarga yaqin bolani qamrab olish rejalashtirilmoqda.
Ha, Toshkent viloyatida bu boradagi ishlar izchillik bilan amalga oshirilmoqda. Bu sa’y-harakatlardan nafaqat o‘quvchilar, balki ularning ota-onasi ham minnatdor.
OLIS TOFLI VA ChO‘L HUDUDLARIGACHA…
– Boshqarma tasarrufidagi 108 ta umumta’lim maktabida tashkil etilgan mazkur yarmarkalarda viloyatimizdagi barcha o‘quv muassasalari biriktirildi, – deydi Qashqadaryo viloyati Xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Qurbon Ismoilov. – Ayni paytda har bir nuqtada 26 turdagi sifatli o‘quv qurollari o‘z egalarini topayotir. Unutmaslik kerakki, bu kabi qulayliklar, albatta, yosh avlodni ham ma’nan, ham jismonan yetuk bo‘lib ulg‘ayishiga xizmat qiladi.
Barcha viloyatlardagi kabi Qashqadaryoda ham yarmarkalar ishini muvofiqlashtirishga mas’ullar tayinlangan bo‘lib, ular savdo-sotiq jarayonining haqqoniy o‘tishini nazorat qiladi. Shuningdek, olis tog‘li va cho‘l hududlari, xususan, Kitob, Dehqonobod, Qamashi va Chiroqchi tumanlarining markazdan uzoq joylari o‘quvchilarini qamrab olish maqsadida ko‘chma avtodo‘konlar qatnovi yo‘lga qo‘yildi.
SPORT KIYIMLARI HAM
Andijon viloyati maktab yarmarkalarida 28 turdagi o‘quv qurollari, maktab formalari va sport kiyimlari sotilishi yo‘lga qo‘yilgan. Shuningdek, hududlardagi xususiy tadbirkor chevarlar tomonidan o‘quvchilar uchun qulay, arzon hamda sifatli matolardan tikilgan maktab formalari ko‘rgazmalari ham tashkil qilinmoqda.
Viloyat Xalq ta’limi boshqarmasining ma’lumotlariga ko‘ra, 72 ta umumta’lim maktabida maktab yarmarkalari faoliyati yo‘lga qo‘yilib, 365 ta ta’lim muassasasining 187 ming nafardan ziyod o‘quvchisi qamrab olinishi ko‘zda tutilmoqda. Qolaversa, shahar, tumanlar hududidagi buyum, oziq-ovqat bozorlari hamda yirik savdo komplekslari va do‘konlarida tashkil etilgan “Maktab bozorlari”dan foydalanadigan maktablar soni 377 taga yetgan. Undan 197 ming nafardan ziyod o‘quvchi o‘quv qurollariga bo‘lgan ehtiyojini qondirishi mumkin.
BU BOLALARGA FAQAT HAVAS QILISH KERAK
– Maktab yarmarkasini aylana turib, beixtiyor o‘zimning o‘quvchilik yillarim yodimga tushdi, – deydi termizlik Baxtiyor Usmonov. – Akamning sumkasini uch yil tutganman. Maktab kutubxonasida ishlataverilib, siyqasi chiqib, sahifalari titilib qolgan kitoblarga andarmon bo‘lib o‘quvchilik yillarimizni o‘tkazgan edik. Bugun kenja farzandimga o‘quv qurollari, portfel va yana o‘quv yili uchun zarur narsalar olishga chiqdik. Bilasizmi, men ko‘rsatgan mahsulotlar o‘g‘limga ma’qul bo‘lmayapti. Bundan sevindim. Ikkinchi sinf bolasining didi yuksakligidan lol qoldim. Menimcha, mustaqil O‘zbekistonimizning eng katta yutug‘i ham shu saviyasi baland yosh avlod. Bu bolalarga faqat havas qilish kerak.
Darhaqiqat, yurtimizda yosh avlod kamoloti yo‘lida misli ko‘rilmagan ishlar amalga oshirilayotir. Ana shunday tadbirlardan biri sifatida bolajonlarning xotirasida o‘chmas iz qoldiradigan maktab yarmarkalari ham Surxondaryo viloyatida uyushqoqlik bilan tashkil etilyapti. Ayni paytda viloyatdagi 64 umumta’lim maktabida faoliyat boshlagan maktab yarmarkalarida barcha o‘quvchilar qamrab olinmoqda.
370 MINGGA YAQIN O‘QUV QUROLLARI
Namangan viloyatidagi maktab yarmarkalari esa 155 ming nafardan ziyod o‘quvchining sifatli o‘quv qurollariga bo‘lgan ehtiyojini qondirishni maqsad qilgan. Viloyat Xalq ta’limi boshqarmasi ma’lumotlariga qaraganda tashkil etilgan 46 ta umumta’lim maktabi yarmarkalarida 370 mingga yaqin o‘quv qurollari sotish rejalashtirilmoqda. Mavjud nuqtalarda 689 ta ta’lim muassasasi o‘quvchilari biriktiriladi.
Maktab yarmarkalari Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm, Navoiy, Buxoro, Samarqand, Sirdaryo, Farg‘ona va Jizzax viloyatlarida ham ko‘tarinki saviyada tashkil etilgan. Eng muhimi, sotuvga qo‘yilgan mahsulotlarning aksariyati o‘zimizda ishlab chiqarilgan.
Ta’kidlash joiz, joylarda tashkil etilgan maktab yarmarkalariga asosiy turdagi mahsulotlarni aniqlangan ehtiyoj asosida O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi, “O‘zbekengilsanoat” kompaniyasi, “O‘zbekcharmpoyabzali” uyushmasi, “Sharq” nashriyot matbaa aksiyadorlik kompaniyasi yetkazib berayotir. Mahsulotlarni yong‘indan saqlash, sanitariya holatini yaxshilash hamda boshqa zaruriy xavfsizlik choralari tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda.
Bu yilgi maktab yarmarkalarida 6 million o‘quvchi uchun ehtiyoj zahirasi shakllantirilgan. Eslatib o‘tamiz, mazkur jarayon joriy yilning 10 sentyabriga qadar davom etadi.
Bahodir HALIMOV,
“Sog‘lom avlod” muxbiri