MUSTAQILLIK TUHFA ETGAN SAODAT

yoxud “Baxtiyor ona” haykali poyidagi o‘ylar

Quchog‘ida yayrab yotgan farzandiga mehr bilan boqib turgan onaning nigohida chinakam hayot quvonchi aks etadi. Bu quvonch lahzalarni nurafshon ranglar bilan bezaydi. Tabiat ana shu ranglardan jilolanib turadi. Oila qo‘rg‘onida bola kulgusi yangraganda, xonadon fayzu barakaga to‘ladi. Hayot davomiyligi ta’minlanadi, ko‘ngillarga obodlik iz soladi. Oila – mo‘jaz vatan, demak, baxtiyor ona – obod Vatan ramzi, farovon turmush timsolidir.

Bugun yurtimizda onalik va bolalikni muhofaza qilish, barkamol avlodni kamol toptirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar tahsinga loyiq. Bu yo‘nalishga mustaqillikning ilk yillaridan yuksak e’tibor qaratildi. Istiqlolga erishgan mamlakatning ilk ordeni “Sog‘lom avlod uchun” nomi bilan ta’sis etildi. “Sog‘lom ona – sog‘lom bola” tamoyili davlat va jamiyat darajasiga ko‘tarilgan ustuvor vazifaga aylandi.

Ta’bir joiz bo‘lsa, davlatimiz rahbari, Prezident Islom Karimovning “kecha kim edigu bugun kim bo‘ldik?” degan hayotiy haqiqatlarini yodga olish o‘rinlidir. Unday paytlarda beixtiyor bolalik damlarimni xotirlayman, norasida qalbimizni hadikka qo‘ygan qishloqdagi pastqam, ko‘rimsiz feldsherlik punkti, ismini eshitganda bolalar qo‘rquvdan titraydigan – haminqadar do‘xtir va o‘nlab norasidalar jismiga bir shprits orqali singgan “malham”lar xotiramizda gavdalanib turadi. Ukol og‘riqlari va asoratlari oylab murg‘ak jismimizni tark etmagan damlarni bugun ham xo‘rsinib yodga olamiz.

Afsuski, sobiq sho‘rolar zamonida MDH davlatlari orasida O‘zbekiston onalar va bolalar o‘limi ko‘rsatkichi bo‘yicha eng yuqori pog‘onada turganini ma’lumotlar tasdiqlaydi.

Bugunga kelib O‘zbekiston bexatar onalik va bolalikka g‘amxo‘rlik ko‘rsatish bo‘yicha jahonning 161 mamlakati orasida 9-o‘rinni egallagani, yurt kelajagi – yosh avlod salomatligini asrab-avaylash borasida olib borilayotgan ishlarning nechog‘li ulug‘vor ekanini hayot tasdiqlab turibdi.

Istiqlol yillarida mamlakatimizda onalik va bolalikni muhofaza qilish bo‘yicha yuksak samarali zamonaviy tibbiyot muassasalarining mustahkam tizimi yaratildi. So‘nggi o‘n yil mobaynida respublikaning barcha hududlaridagi 236 ta tug‘ruq muassasasi Osiyo taraqqiyoti banki ko‘magida “Ayollar va bolalarning salomatligini mustahkamlash loyihasi” asosida zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlandi.

Yurtimizning yaqin va olis manzillarida yangidan qad rostlagan, qayta rekonstruksiya qilingan 3 ming 192 ta qishloq vrachlik punktlari “Salomatlik-1”, “Salomatlik-2” loyihalari asosida zamonaviy tibbiy jihozlar bilan ta’minlandi. Ushbu shifo maskanlari aholiga sifatli birlamchi tibbiy xizmat ko‘rsatib kelmoqda.

Yana o‘qing:  YOSH OILALAR QO‘LLAB-QUVVATLANMOQDA

Onalar va bolalar salomatligini asrashga ixtisoslashgan tibbiy yordam ko‘rsatish maqsadida Respublika ixtisoslashtirilgan akusherlik va ginekologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi va qator viloyatlarda uning filiallari tashkil etildi.

Bundan tashqari, Respublika Perinatal markazi va 10 ta viloyat va shahar perinatal markazlari, Respublika ixtisoslashtirilgan pediatriya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi va uning hududlardagi bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot muassasalari onalar va bolalar salomatligini muhofaza qilishda muhim asos bo‘lib xizmat qilayotir.

Bugun mamlakatimizning deyarli barcha viloyatlarida “Ona va bola skriningi” markazi faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Qishloq joylarida istiqomat qilayotgan barcha homilador ayollar davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan sog‘lom naslni shakllantirish uchun zarur polivitaminlar bilan ta’minlanmoqda. Shuni qayd etish kerakki, mamlakatimizda olib borilayotgan aholining reproduktiv salomatligini, jumladan tarkibida hayot uchun muhim mikronutriyentlar mavjud bo‘lgan maxsus polivitaminlar bilan homilador ayollarning salomatligini mustahkamlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan profilaktik tadbirlar hali dunyo miqyosida qayd etilmagan.

“Ona va bola skriningi” davlat dasturi doirasida skrining tekshiruvlari yo‘lga qo‘yilgan – 2000 yildan buyon irsiy va tug‘ma nuqsonli bolalar tug‘ilishi 1,8 barobarga kamaydi.

So‘nggi besh yil davomida homilador ayollarni polivitaminlar kompleksi bilan ta’minlash natijasida mamlakatimizda nuqsonli go‘daklar tug‘ilishi soni 1,3 martaga kamaydi. Ona va bola salomatligi muhofazasiga davlatimiz tomonidan qaratilayotgan yuksak e’tibor natijasida ushbu yo‘nalishdagi tibbiy muassasalarning eng so‘nggi rusumdagi zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlanishi hamda tibbiyot xodimlarining yuqori saviyadagi malakali xizmat ko‘rsatishi va yana ota-onalarning tibbiy savodxonligi kun sayin oshib borayotganligi natijasida quyidagi quvonarli ko‘rsatgichlarni izohlashga hojat yo‘q, ya’ni, 6-15 yoshli bolalar o‘rtasida O‘RVI (o‘tkir respirator virusli infeksiyalar) bilan kasallanish 9,7 foizga, pinevmoniya (zotiljam) bilan og‘rish 49,1 foizga, bronxitga chalinish 32,8 foizga, skolioz (umurtqa pog‘onasi kasalligi) xastaligi esa 32,7 foizga kamaydi.

O‘n to‘rt yoshgacha bo‘lgan bolalarning 100 foizi yiliga ikki marta, tug‘ish yoshidagi ayollar esa har yili chuqur tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilmoqda.

Respublika Xotin-qizlar qo‘mitasining ma’lumotlariga tayanib aytish mumkinki, har yili 10 milliondan ziyod xotin-qizlar va bolalar tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, sog‘lomlashtirilmoqda. Bu xayrli ishlar natijasi o‘laroq, o‘tgan yillarda onalar va bolalar o‘limi 3 barobardan ko‘proq kamaydi.

Yana o‘qing:  Murabbo mavsumi mulohazalari: shakarni necha so‘mdan sotib olyapsiz?

Farzand – nasl davomiyligini ta’min etadi. Shu bois bolalarning sog‘lom dunyoga kelishi ko‘p jihatdan ota-onaning salomatligi bilan bog‘liqdir.

Mamlakatimizda sog‘lom oilani shakllantirish va irsiy kasalliklarga chalinish mumkin bo‘lgan holatlarni kamaytirish maqsadida turmush qurayotgan fuqarolar nikohdan oldin majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilmoqda. Katta hayot ostonasida turgan yoshlarning nafaqat jismonan sog‘lom bo‘lishi, balki ma’nan yetuk, biror kasb-hunarga ega, mehnatga munosabatining shakllanishi qurilajak oila qo‘rg‘onining poydevori mustahkam bo‘lishiga zamin yaratadi. Aslida ham sog‘lom oila, oiladagi sog‘lom muhit sog‘lom bolaning dunyoga kelishida ulkan ahamiyat kasb etadi. Va bu an’ana xalqimizda yuksak qadriyat sifatida e’zozlanmoqda.

Sog‘lom onadan sog‘lom bola dunyoga keladi. Ayolga e’tibor, uning hayotdan rozi bo‘lib yashashi uchun imkon yaratish – farzandlari, oilasiga mehr-muhabbatini, hayotga ishtiyoqini oshiradi. Bir paytlar emizikli bolasi bilan dalaga shoshgan, egni yupun, qo‘li qadoq ayolning jamiyatda nufuzi yuksaldi. Bugun yurtimizning har jabhasida ularning muvaffaqiyatlari o‘z aksini topmoqda. Zero, ayol sog‘lom bo‘lsa, bola sog‘lom, ayol oqila bo‘lsa, farzand komil inson bo‘lib voyaga yetadi.

Yurtimizda xotin-qizlar sportini rivojlantirishga ham o‘tgan yillarda mustahkam asos yaratildi. Birgina an’anaviy tarzda uy bekalari ishtirokida o‘tkazib kelinayotgan “Ayollar sport festivali”ning joriy yildagi musobaqalarida 178 ming 815 nafar xotin-qiz qatnashdi.

Aholi salomatligini mustahkamlash, onalik va bolalikni muhofaza qilish borasida dunyoning ko‘plab yetakchi klinikalari bilan uzviy hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Yurtboshimiz tashabbusi bilan mustaqillikning ilk yillarida tashkil etilgan “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi faoliyati doirasida tug‘ma nuqson bilan dunyoga kelgan va orttirilgan jarohatlardan aziyat chekayotgan bolalar dunyoning nufuzli klinikalarida jarrohlik operatsiyalari orqali xastalikdan xoli bo‘lmoqda. Xususan, 2003 yildan buyon janubiy koreyalik mutaxassislar bilan hamkorlikda yurtimiz va xorijda tug‘ma yurak nuqsoni bilan og‘rigan 77 nafar bola sog‘lomlashtirildi. Ana shu davr oralig‘ida 249 nafar o‘zbekistonlik bola “Fridenzdorf interneyshnl” xayriya tashkiloti ko‘magida Germaniyaning nufuzli klinikalarida davolanib yurtimizga qaytdi.

Bundan tashqari fond tomonidan diyorimizning chekka va ekologik jihatdan noqulay hududlarida istiqomat qilayotgan aholiga tibbiy va insonparvarlik yordami ko‘rsatish maqsadida mana bir necha yildirki, “O‘zbekiston temir yo‘llari” DATK bilan hamkorlikda “Salomatlik” poyezdlari tashkil etilayotir.

Yana o‘qing:  Xolis ishning qo‘sh yutug‘i

Mamlakatimizda aholi salomatligini saqlash, xususan, onalik va bolalikni muhofaza qilish borasida yuqorida keltirilgan raqamlar va izohlar daryodan tomchi, xolos. Bu kabi qalbimizni cheksiz faxr va iftixorga to‘ldiradigan yutuq va muvaffaqiyatlarni hali uzoq sanash mumkin.

Darhaqiqat, Mustaqillik xalqimizga hech kimdan kam bo‘lmay, tinch va obod yurtda xotirjam yashash saodatini berdi. Zero, ozod va obod yurt bag‘rida cheksiz mehr va imkoniyatlardan bahramand ulg‘ayayotgan el farzandlari o‘zining yuksak bilim va salohiyati, mehr va sadoqati bilan muqaddas Vatan ravnaqi, xalq farovonligiga hissa qo‘shadi.

Faxriddin HAYITOV

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: