E’zoza endi xastalikdan xoli
O‘tgan iyul oyida bir guruh tug‘ma yurak nuqsoni bilan og‘rigan o‘zbekistonlik bolalar Janubiy Koreyada jarrohlik operatsiyalarini muvaffaqiyatli o‘tkazib, Ona yurt bag‘riga qaytdi. Ular orasida kitoblik 2 yoshli E’zoza Sa’dullayeva ham bor.
Xalqimiz o‘g‘il bolaga naslning davomchisi sifatida qaraydi. Shu bois yosh otalar xonadonda o‘g‘il bolaning dunyoga kelishini ulkan quvonch bilan qarshilaydi. Qizmi, o‘g‘ilmi, sog‘lom farzand bersin, deguvchilar esa kamchilikni tashkil etadi.
Shohnazar Dilmurodov maktabda o‘qituvchi. Bolalarga xorijiy tillardan saboq beradi. Yosh muallim tengqurlari qatori pahlavondek o‘g‘il ko‘rishni orzulaydi. Ammo taqdir unga guldek to‘rt nafar qizaloq tuhfa etdi. E’zoza esa ana shu to‘rt qizning kichigi, Shohnazar muallimning erkatoyi.
– Qizim E’zoza dunyoga kelganidan so‘ng tez-tez kasallikka chalinib, rivojlanishdan ham orqada qola boshladi, – deydi Shohnazar Sa’dullayev, – keyin uni shifokorlar ko‘rigidan o‘tkazdik. Tibbiy ko‘rikdan so‘ng E’zozaning yuragida tug‘ma nuqsoni borligi aniqlandi. Oilamizni halovat tark etdi. Turmush o‘rtog‘im uy bekasi, mening oylik maoshim ro‘zg‘or uchun sarf etiladi. Avvalida, qizimning salomatligini tiklay olmaymanmi, deb qo‘rqdim. Keyin yaxshilar ko‘magi bilan “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondiga murojaat etdim. Yurtimizda bolalar salomatligini saqlash uchun shunday imkoniyatlar borligidan ko‘nglim osmonga yetdi. Janubiy Koreyada jarrohlik operatsiyasi o‘tkazish uchun ketayotgan qizimga o‘zim hamrohlik qildim. Barchasi bepul amalga oshirildi. Klinikada ham har daqiqa shifokorlar E’zozaning ahvolidan xabardor qilib bordi. Hozirda qizim o‘zini ancha yaxshi his qilmoqda. Oilamizga ko‘ngil xotirjamligi va halovat qaytdi.
Darhaqiqat, farzandlari salomat kishining ko‘nglida halovati bo‘ladi. Yurtimizda esa aholi salomatligi, xususan, bolalar salomatligini saqlash, xastaliklarni erta aniqlash va bartaraf etish borasida ko‘plab xayrli ishlar amalga oshirilmoqda. Boshqa sohalar qatorida sog‘liqni saqlash sohasida ham dunyoning rivojlangan mamlakatlari nufuzli klinikalari bilan olib borilayotgan o‘zaro hamkorlik yuksak samara berayotir. Janubiy Koreyaning “JCI KOREA” yoshlar tashkiloti, Pundan Cha gospitali kabi nufuzli tibbiyot maskanlari shular jumlasidandir.
Bundan tashqari yurtimizda aholining tibbiy savodxonligini oshirish borasida ham keng ko‘lamda targ‘ibot ishlari olib borilayapti. Diyorimizning eng chekka hududlarida ham zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlangan qishloq vrachlik punktlari va ularda malakali tibbiyot xodimlari faoliyat yuritmoqda.
Shunga qaramasdan ayrim yurtdoshlarimizning tibbiy savodxonligi haminqadarligi sabab ona va bola salomatligi xatarda qolayotgani ko‘zga tashlanadi. Shu o‘rinda E’zoza va uning jajji opalari oralig‘idagi yosh masofasining qisqaligini aytish joiz. Ayonki, tug‘ruqlar oralig‘ining qisqaligi (Bu oraliq kamida uch yil bo‘lishi zarur. Chunki, yangi bo‘shangan ona organizmi kamida ikki yilda tiklanadi) va ota-onaning sog‘lom bo‘lmasligi hamda onaning kamqon bo‘lishi ayniqsa, homila salomatligiga salbiy ta’sir etadi va bolaning nuqson bilan tug‘ilishiga sabab bo‘ladi…
Quvonarlisi, E’zoza endi xastalikdan butunlay xoli.
F.HAYITOV,
“Sog‘lom avlod” muxbiri