Jazirama yoz mavsumi: mikroorganizmlar rivojlanishiga qulay muhit
Yozning issiq kunlarida oziq-ovqat mahsulotlari yetarli darajada sanitariya-gigiyena qoidalariga amal qilingan holda muzlatgichlarda saqlanmasa yoki sarxil tayyorlanmasa turli me’da-ichak tizimi xastaliklarini yuqtirib olish hech gap emas. Ayniqsa, issiq kunda ko‘p suyuqlik ichish kishini yanada chanqatadi va me’da shirasi suyulgani sababli unga tushgan mikroorganizmlarni qirib tashlashga kuchi yetmaydi. Shuningdek, o‘tkir yuqumli ichak kasalliklarining yozda ko‘payishida pashshalar ham katta rol o‘ynaydi.
O‘tkir ichak infeksiyasi – ya’ni, ich ketar bu o‘ta yuqumli kasallik bo‘lib, quyida qayd etilgan belgilar bilan kechadi.
Ushbu kasallikning kelib chiqishiga sabab (maktab va maktabgacha ta’lim, umumiy ovqatlanish muassasalarida) sanitariya-gigiyena qoidalariga rioya qilmaslik, ya’ni o‘yinchoq, sochiq va idish-tovoqlarni har bir kishi uchun alohida ishlatmaslik, yuvishda dezinfeksiyalovchi eritmalardan noto‘g‘ri yoki umuman foydalanmaslik hisoblanadi.
Hamma ichak infeksiyasi kelib chiqish turiga hamda me’da-ichak tizimining yallig‘lanishiga qarab (gastrit, enterit, kolit, gastroenterit va gastroentetrokolit) tashxis qo‘yiladi. O‘tkir ichak infeksiyasining ko‘payishi va tarqalishining ko‘proq foizi yoz mavsumiga to‘g‘ri keladi. Sababi optimal issiq harorat va sharoit tufayli mikroorganizmlar uchun qulay muhit yaratiladi.
Ushbu xastalik o‘tkir boshlanuvchi kasallik bo‘lib, keltirib chiqaruvchi sababchisiga ko‘ra bir necha soatdan 1-2 kecha-kunduzgacha kasallik belgilari namoyon bo‘ladi.
O‘tkir ichak infeksiyasi og‘iz bo‘shlig‘iga e’tiborsizlik tufayli, ya’ni qo‘llarimizni yuvmasdan yeyilgan ovqat, shuningdek, sifatsiz va turib qolgan ovqatlarni iste’mol qilsak bir necha soatdan (6-8 soat) so‘ng me’da sohasida behuzurlik, kekirish, og‘rish, ko‘ngil aynishi, tez-tez qusish, harorat ko‘tarilishi kuzatiladi. Bu holatda organizmda suvsizlanish boshlanadi. Bunda teri va shilliq qavatlar, lab, til qurishi va oqarishi kuzatiladi. Yurakning tez-tez urishi, holsizlik, qo‘l-oyoqlarning bo‘shashishi, peshobning kamayishidan bemor shikoyat qiladi. Agar patologik jarayon me’dadan ichakka tushsa unda yuqorida ko‘rsatilgan belgilarga qo‘shimcha qorin og‘rishi va najasning tez-tez suvdek hamda shilliq yashil kelishi kasalni bezovta qiladi. Bu holatda tanani suvsizlanish va zaharlanish darajasi ortib boradi.
Kasallikni davolagandan ko‘ra oldini olish afzal deganlaridek, iste’mol qilingan sut va go‘sht mahsulotlari, meva va sabzavotlarning tozaligi hamda saqlanishiga va tayyorlanishiga katta e’tibor berish kerak. Ayniqsa, yosh bolalarga sut, go‘sht, meva va sabzavot mahsulotlarini termik ishlov berilishi katta ahamiyatga ega. Sut va sut mahsulotlarining tez buzilishini hisobga olib – 4 darajali haroratda bir necha soatdan bir-bir yarim kun saqlash mumkin. Agar oilada, qarindoshlarda yoki ich ketar bilan kasallangan bemorlarni parvarish qilishda va muloqotda bo‘lsangiz bu holatda idish-tovoqlarni, sochiq va barcha foydalanilayotgan narsalarni alohida ajratish, shuningdek dizenfeksiyalovchi eritmalarga 30 daqiqa bo‘ktirish yo‘li bilan boshqalarga yuqishining oldini olamiz.
Kasallik alomatlarini sezishingiz bilan uchastka shifokorini uyga chaqirish yoki uning qabuliga borishingiz kerak. Shifokor huzuriga borgunga qadar tananing suvsizlanib qolishini oldini olish uchun tez-tez suyuqlik ya’ni, ko‘k choy, novvotli qora choy, “Regidron” eritmasidan foydalanish maqsadga muvofikdir.
VIRUSLI DIAREYa
Virusli diareyalarni rotaviruslar, adenoviruslar, asteroviruslar va boshqalar ham chaqirishi mumkin. Yuqorida ko‘rsatilgan viruslardan rotavirusga to‘xtalsak, bu infeksiya o‘tkir yuqumli kasallik bo‘lib inson va hayvonlarda kasallik chaqiruvchi ichak infeksiyasi hisoblanadi.
Rotavirus infeksiyasi butun dunyoga tarqalgan bo‘lib, o‘tkir me’da-ichak infeksiyasining asosiy sababchilaridan biridir. Ayniqsa, yosh bolalar orasida bu infeksiya tez tarqaladi. Rotavirusli ich ketishlar asosan yilning kuz oylari, yuqori darajada dekabr, fevral oylariga to‘g‘ri keladi. Qish oylarida kasallikning ko‘payishiga asosiy sabab bu infeksiya, ya’ni rotavirusning sovuq past haroratga chidamliligidir. Virusli diareyaning bakterial diareyadan farqi shundaki, rotavirus infeksiyasining tashqi muhitga chidamliligi yuqori bo‘ladi. Efir xloroform eritmasi, ultratovush, ko‘p marotabalik muzlatilganda ham bu infeksiya juda kam parchalanadi. Virus faqat qaynatilgandagina yuqumliligini yo‘qotadi. Kasallik manbai asosan me’da-ichak kasalligi bilan og‘rigan bemorlar hisoblanadi.
Rotavirus bilan kasallangan bemorning najasi boshqa ichak infeksiyasi yuqqan bemor najasidan farqi shundaki, birinchi kundanoq uning ichi 10-15 martagacha suvdek, sariq, shilliqsiz va qonsiz keladi. Rotavirus infeksiyasi yuqori darajali yuquvchan hisoblanadi. Hatto katta yoshli odamlar kasallik manbai yoki virus tashuvchi bo‘lishi mumkin. Rotavirusli diareya ham qusish, tana haroratining ko‘tarilishi, najasining suyuq kelishi bilan xarakterlanadi. Ichak faoliyati buzilishining rotavirusga xosligi shundaki, bu tur ich ketarda faqat me’da va ingichka ichak sohasida yallig‘lanish jarayoni kuzatiladi. Yo‘g‘on ichakda esa o‘zgarish kuzatilmaydi. Shu sababli najas suyuq, suvdek va sariq patologik qo‘shimchalarsiz, ya’ni shilliqsiz, qonsiz yoki bo‘lmasa oqish xira rangli bo‘ladi.
Hozirgi kunda kasallikninng oldini olish maqsadida, virusli diareyalarning shu jumladan, rotavirusli diareyaning oldini olish maqsadida profilaktik emlashlar go‘dak va yosh bolalar orasida o‘tkazilmoqda.
Salmonellyoz kasalliklari
Ushbu xastalikni salmonella avlodiga mansub bo‘lgan bakteriyalar keltirib chiqaradigan yuqumli ichak kasalliklari guruhiga aytiladi. Salmonellyoz ko‘zg‘atuvchisini dastlab Salman va Smith 1985 yilda hayvonlardan topgan. Hozirgi vaqtda salmonellalarning 2000 ga yaqin serologik turlari ma’lum bo‘lib, ulardan 200 dan ortiq serotipi odamlarda kasallik qo‘zg‘atish xususiyatiga egadir.
Salmonellalarning 98 foizi 4 ta (V, S, D, Ye) guruhlarga mansubdir. Eng ko‘p tarqalgani V serologik guruhi bo‘lib, bu salmonellalar orasida S. Typhi murium Heidelberg derby va boshqalar hisoblanadi.
Salmonellalar tashqi muhitning turli omillari ta’siriga, boshqa turli kasalliklar qo‘zg‘atuvchilariga nisbatan chidamliligi bilan ajralib turadi. Ular quruq va past haroratli sharoitda uzoq saqlanadi. Ular uy changida 80 qurigan va aralash holda 90 buzoqning qurigan axlatida 60 kungacha, katta yoshli qoramolnikida 4 yilgacha, odamning najasida 39 kungacha saqlanadi. Agar tashqi muhitda salmonellalar haddan tashqari ko‘p bo‘lsa, kasallik odamga havo va chang orqali ham yuqishi mumkin. Bu mikroorganizmlar suvda ham uzoq yashaydi. Sterillangan suvda 22-55 kungacha saqlanib qoladi. Ular sut va go‘sht mahsulotlarida uzoq yashaydi. Salmonella bakteriyalari sovuq haroratda ham, issiq haroratga ham uzoq chidaydi. Bu mikroorganizmlarning tuxum mahsulotlarida uzoq yashashi isbotlangan. Ularning tashqi muhit omillariga nihoyatda chidamliligi, hayvonlar va odamlar orasida mikroblarning tez tarqalishiga va ko‘payib ketishiga sabab bo‘ladi.
Salmonellyozli diareyada ham kasallik o‘tkir qusish, tana haroratining ko‘tarilishi, qorin og‘rishi, holsizlanish, tananing suvsizlanishi, najasning suyuq, shilliq va to‘q yashil yaltiroq ko‘rinishda kelishi ya’ni, bu holatni “baqa to‘ni” o‘xshashligi bilan boshqa ichak infeksiyasidan farqlash mumkin.
Go‘zal MO‘MINOVA,
oliy toifali shifokor,
Virusologiya ilmiy tekshirish instituti