Inson salomatligini ta’minlash ulug‘vor maqsadga aylandi

– deydi tibbiyot fanlari doktori, professor Abduvohid Sodiqov

Endigina atak-chechak qilib ostonadan ko‘chaga otlanayotgan bolakayning nigohidagi hurlik, erkinlikka bo‘lgan intilish beixtiyor kishi ko‘nglini munavvar etadi. Darhaqiqat, insoniyat yaralibdiki, o‘ziga o‘zi bek, ozod fikrli bo‘lish yo‘lida jonbozlik ko‘rsatadi. Ulkan-ulkan rejalar tuzadi. Kelajakka dadil qadamlar bilan boradi. Buni qariyb yigirma uch yillik davr mobaynida xalqimiz dunyoqarashi keskin o‘zgarganida ko‘rish mumkin. 1991 yil 31 avgust yurtimiz tarixida zarhal harflar bilan bitilganidek, mustaqillik kishilarni farovon turmush, yorqin hayot sari yetaklovchi eng muqaddas chorlov bo‘lib yangradi.

Istiqlol yillarida Prezidentimiz rahnamoligida yosh avlodni ham jismonan, ham ma’nan barkamol bo‘lib ulg‘ayishi yo‘lida misli ko‘rilmagan ishlar amalga oshirildi. Ayniqsa, islohot islohot uchun emas, inson manfaatlari uchun xizmat qilishi qariyb bir asrlik davr mobaynida erki, huquqlari, madaniyati kamsitilgan xalqimizning ezgu orzu-umidlarini o‘zida ifodaladi. Mustaqillikning dastlabki kunlaridanoq ona va bola salomatligini ta’minlash davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgani fikrimizning tasdig‘idir.

– O‘z erkiga erishgan Vatanimizda aholi salomatligini muhofaza qilish borasida olib borilayotgan keng ko‘lamli ishlar haqida har qancha havas bilan gapirsak oz, – deydi biz bilan suhbatda malakali shifokor, sil kasalliklari bo‘yicha mutaxassis, tibbiyot fanlari doktori, professor, Abduvohid Sodiqov. – Ana shu yuksak e’tibor o‘zbek xalqiga so‘nmas ishonch va irodaning shakllanishiga omil bo‘ldi. Bugun faxr bilan aytish mumkin, har bir o‘zbek bolasining tili istiqlol deb chiqmoqda. Ularning qon-qoniga hurlik singib, voyaga yetmoqda. Bunda esa albatta, sog‘liqni saqlash tizimida olib borilgan ulkan islohotlar ham sababdir. Axir, sog‘lom kishigina sog‘lom va ezgu g‘oyalar og‘ushida yashaydi. Oilasi, mahalla va Vatan taraqqiyoti yo‘lida ter to‘kib mehnat qiladi.

Bilasizmi, har qanday rivojlanish o‘zlikni anglashdan boshlanadi. Zero, Prezidentimiz “Tarixiy xotirasiz kelajak yo‘q”, degan g‘oyani ilgari surgani bugun nechog‘li haqiqat ekani hammaga ma’lum. Biz buyuk ajdodlarimizning, jumladan Abu Ali ibn Sinoning chinakam avlodi ekanimizni dunyo ahliga namoyish qila oldik.

Ayni paytda yurtimiz tibbiyot muassasalarida eng murakkab hisoblangan yurak va asab bilan bog‘liq jarrohlik ishlari amalga oshirilmoqda. Ularning aksariyati muvaffaqiyatli yakun topayotgani esa quvonarli holdir. 25-30 yil oldin “O‘zbekistondan shunday malakali vrachlar yetishib chiqadi”, desa hech kim ishonmasdi. Bu istiqlol sharofati, albatta. Birgina sil kasalliklarining oldini olish, uning o‘zgalarga yuqish holatlarini kamaytirish borasida salmoqli ishlar amalga oshirildi. Shulardan biri, bemorni alohida maxsus shifoxonalarda, yopiq joyda davolashni joriy etishdir. Aslida bu kishilar salomatligini muhofaza qilish, bemorlarni esa tegishli mutaxassislar davolashiga zamin yaratadi. Qolaversa, yangi tug‘ilgan chaqaloq uch kunlik bo‘lishi bilan silga qarshi emlanadi.

Yana o‘qing:  Xalq qabulxonalari – inson manfaatlari yo‘lida xizmat qilmoqda

Darhaqiqat, istiqlol yillarida tibbiyot muassasalari zamonaviy davolash uskunalari, so‘nggi rusumdagi tibbiy asbob-anjomlar bilan ta’minlanmoqda. Aholi orasida tibbiy madaniyatni shakllantirish, sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish, aholi salomatligini muhofaza qilish ustuvor vazifalardan biri sifatida belgilandi. Olis hududlarda joylashgan qishloq vrachlik punktlari, oilaviy poliklinikalarda har bir kishi qamrab olinib, mavsumiy va doimiy tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilayotgani ham ayni haqiqatdir.

– Aholi orasida sog‘lom turmush tarzini qaror toptirishga bog‘liq targ‘ibot-tushuntirish ishlarini olib boramiz, – deydi A.Sodiqov. – Tumanlar markaziy shifoxonalari, QVPlarning zamonaviy qiyofa kasb etgani kishini sevintiradi. Oldin esa birgina tibbiy uskuna olish uchun ham markazdan ruxsatnoma kerak bo‘lardi. Yodimda, o‘tgan asrning 60-yillarida Kitob tumanidagi Palandara qishlog‘i hududida sil kasalliklari sanatoriyasi ochilishini so‘rab ustozim Shokir Alimov Moskvaga tinimsiz qatnar va uzoq urinishlar natijasida muvaffaqiyatga erishgandi. Har xil bahonalar bilan markazdagilar qo‘ynimizni puch yong‘oqqa to‘ldirishdan charchamasdi. Achchiq haqiqat bo‘lsa-da, aytaman. O‘zbek xalqi faqat qora mehnat uchun farzand ulg‘aytirardi. Yurtimizdagi bolalar va qariyalar o‘limi sobiq Ittifoqda yuqori ko‘rsatkichni tashkil etardi. Bu mahalliy rahbarlardan boshqa hech bir mas’ulni tashvishlantirmasdi. “Mustaqillik bizga nima berdi”, degan savolga hech ikkilanmasdan ulkan imkoniyatlar berdi, deb aytish mumkin. Men Toshkent Pediatriya tibbiyot institutida talabalarga saboq beraman. Ularning izlanishi, bilimi, dunyoqarashi odamni hayratlantiradi. Ular nafaqat davolashni, balki davosi yo‘q kasalliklarni ham aniqlash borasida ishlar olib bormoqda, bilim doirasini kengaytirish uchun xorijning ilg‘or davlatlarida tahsil olayotir. Talabalar zamonaviy bilim egallashi uchun barcha shart-sharoitlar muhayyo. Laboratoriya xonalari so‘nggi jihozlar, kutubxonalari esa kerakli o‘quv qo‘llanmalari bilan ta’minlangan. Ularga faqat bu kunlarning qadriga yetishni, Vatanimizni ko‘z qorachig‘iday asrashni, xalqimiz salomatligini ta’minlashni oliy vazifa sifatida bilishi lozimligini uqtiraman. Boisi, biz talabalik vaqtimizda faqat birinchi yordam berish va kasalliklar haqida nazariy bilim bilan cheklanib qolganmiz, xolos. Hozir shogirdlarim orasidan murakkab jarrohlik amaliyotlarini amalga oshirayotganlari borligini ko‘rib quvonaman.

Ha, istiqlol xalqimizga bebaho boylik – tinchlikni va osoyishta yurtda jismonan va ma’nan sog‘lom yashash baxtini in’om etdi. Ayni paytda xalqaro ekspertlarning katta qiziqishi va hayratiga sabab bo‘layotgan sog‘liqni saqlash borasidagi islohotlar ham inson va uning manfaatlari, orzu-umidlarining ro‘yobga chiqishi yo‘lidagi sobitqadam yuksalishning amaliy ifodasidir.

Yana o‘qing:  MUVAFFAQIYAT FORMULASINI bilimli bolalar topadi

Bahodir HALIMOV

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: