Oq dog‘lar haqida saboqlar

O‘g‘limning yoshi 12 da. 2 yil avval ko‘z qovog‘ida, oyoq va tizzasida, tirsagi va quloq ichida oq dog‘ paydo bo‘ldi. Ushbu xastalikni davolash uchun qayerga murojaat qilishim kerak? Bu masalada mutaxassis-shifokor bilan bog‘lanishim uchun yordam berishingizni so‘rayman. Kasallik men va turmush o‘rtog‘imning nas­lida bo‘lmagan.

T. Ergashev,

Toshkent viloyati


Vitiligo boshlanayotganining aniq bir klinik belgilari yo‘q. Lekin terida oq dog‘lar paydo bo‘lishi bilan darhol shifokor-dermatologga murojaat qilish kerak. Dog‘lar har doim ham vitiligoga sabab bo‘lmasligi mumkin. Ayrim hollarda zamburug‘li kasalliklar va gijjalar, shuningdek kamqonlik ham oq dog‘lar paydo bo‘lishiga olib keladi. Vitiligo rivojlanayaptimi, yo‘qmi aniq tashxisni faqat shifokor qo‘yadi. Dog‘lar paydo bo‘lishi bilan qancha tez shifokorga murojaat etsangiz, uni davolash shuncha oson kechadi.

Xalq orasida «pes» deya nomlanadigan vitiligo kasalligi qadim zamonlardan beri insoniyatga ma’lum bo‘lsa-da, uning davosi hali-hanuz sirliligicha qolayotgan xastaliklardan biri. Terida oq dog‘larning paydo bo‘lib, ko‘payib borishi bilan xarakterlanadigan ushbu kasallik inson salomatligidan ko‘ra ko‘proq uning ruhiy holatiga ta’sir ko‘rsatadi. Kelib chiqish sabablari noma’lum bo‘lgani bois uni davolash ham qiyin sanaladi. Respublika ixtisoslashtirilgan dermatologiya va venerologiya ilmiy-amaliy markazida amalga oshirilayotgan melanotsitar transplantatsiya muolajasi ko‘plab hamyurtlarimizni bu xastalikdan forig‘ qilib, normal hayot tarziga qaytishlariga yordam bermoqda.

Vitiligo, ya’ni oq dog‘lar bedavo kasalliklar sirasiga kirmaydi. Ko‘pchilik bu kasallik haqida yetarlicha ma’lumotga ega bo‘lmagani bois uni yuqumli va nasl suruvchi kasallik deb ham hisoblaydi. Shu sababdan ham unga mubtalo bo‘lganlar o‘zlarini jamiyatdan ayridek his etishadi. Hatto bemorlar orasida tengim deb xuddi shunday kasallikka uchraganlar bilan oila quradiganlar ham bor ekan. Bunday bemorlar ruhan siqilganliklari bois ham kasallik ko‘payib boraveradi. Natijada u bedavo degan tushuncha yuzaga keladi. Aslida esa vitiligoni 70-80 foiz holatda davolash, oq dog‘lar ko‘payishini to‘xtatish mumkin.

Yana o‘qing:  Sabzi haqida qiziqarli ma’lumotlar

Kasallik asosan ikki xil usul yordamida davolanadi. Birinchisi, terapevtik konservativ usulda dori-darmonlar, turli fizioterapevtik muolajalar qo‘llaniladi. Lekin ular har doim ham kutilgan natijani beravermasligi mumkin. Masalan, yillar mobaynida muolajalar qilib, in’yeksiya, tabletkalar qabul qilish natijasida oq dog‘ chegaralanib, ko‘payishdan to‘xtaydi-yu, ammo yopilmaydi, muallaq turaveradi. Mana shunday holatda melanotsitar transplantatsiya amaliyoti qo‘llanadi. Bunda kamida 6 oy mobaynida oq dog‘lar ko‘paymagan, kattalashmagan bo‘lishi kerak. Oq dog‘lar ko‘payib borayotgan paytda bu jarrohlik usulidan foydalanish mumkin emas. Negaki, ko‘chirib o‘tkazilgan hujayralar yashab ketmasligi mumkin.

Masalan, deylik, oq dog‘ 10 sm kvadratni tashkil etsa, biz asosan tananing son qismi terisidan, ya’ni terining eng ustki qavati – epidermisidan 1 sm kvadrat olamiz-da, yuqori texnologik usullar, zamonaviy asbob-uskunlar yordamidan undan melanotsit hujayralarni ajratib olamiz va ularni oq dog‘ sohasiga ko‘chirib o‘tkazamiz.

Aytish kerakki, epidermis olingan sohada hech qanday chandiq qolmaydi. Chunki, terining eng ustki yupqa qavati olinadi. Teri yana o‘z holatiga qaytadi. To‘g‘ri, sal to‘qroq rangga kirib qolishi mumkin.

Muolaja davomiyligi hammada har xil kechadi. Oq dog‘ning katta-kichikligiga qarab muolaja bir soatdan uch soatgacha cho‘zilishi mumkin. Bu teri transplantatsiyasiga o‘xshash muolaja emas.

Biz terini ko‘chirib o‘tkazmaymiz. Chunki, teri transplantatsiya qilingan vaqtda oq dog‘ sohasi 10 sm bo‘lsa, son sohasidan kamida 5 sm teri olinishi va u zararlangan yerga tortib-tortib tikilishi kerak bo‘ladi. Bunda teri olingan sohada ham, ko‘chirib o‘tkazilgan sohada ham chandiq izlari qolishi mumkin. Melanotsitar transplantatsiya zamonaviy usullardan biri. Unda faqat hujayralar olinib, oq dog‘ sohasiga o‘tkaziladi. Hujayralarni ko‘z bilan ko‘rib bo‘lmaydi. Shu bois ham olingan joyda ham, o‘tkazilgan sohada ham ularning o‘rni bilinmaydi.

Jarrohlik yo‘li bilan teri ko‘chirib o‘tkazilsa oq dog‘lar yana chiqib kelaverishi mumkin. Buni inkor eta olmayman. Chunki, bu kasallikning hammaga bir xilda naf beradigan aniq bir davo chorasi yo‘q. Transplantatsiya o‘tkazildi degani bemor, vitiligodan tuzaldi, degani emas. Shifokor-dermatolog tavsiyalariga to‘la amal qilmaganlar, nosog‘lom turmush tarzi kechirishda davom etganlar, salomatligiga bee’tibor bo‘lganlarda kasallik yana rivojlanib ketishi mumkin. Transplantatsiya ko‘proq kosmetologik samara beradi. Garchi bu muolaja markazimizda joriy etilganiga ko‘p bo‘lmagan bo‘lsa-da, qisqa vaqt ichida ommalashib ulgurdi. Avvallari terapevtik muolajalar samara bermagan bemorlarda oq dog‘lar yopilmasdan qolardi. Bugun bu tibbiy uslub yordamida hatto yuzdagi, qovoqlardagi, qo‘llardagi va tananing istalgan yeridagi dog‘larni yopishga muvaffaq bo‘layapmiz.

Yana o‘qing:  Ochlik foydalimi?

Xastalik Qanday paydo bO‘ladi?

Teri rangi uning tarkibidagi 4 ta pigment holatiga bog‘liq bo‘ladi: ko‘k dezoksigemoglobin, qizil oksigemoglobin, sariq karotin, jigarrang melanin. Ularning orasida melanin pigmenti muhim rol o‘ynaydi. Turli irqlar (qora, sariq, oq) terisining rangi aynan melaninning teridagi miqdori va tarqalishi bilan belgilanadi. Vitiligo kasalligida mana shu melanin pigmenti nobud bo‘ladi. Shu sohada oq dog‘lar paydo bo‘ladi. Bu yerda dog‘ning qanday paydo bo‘lishi haqida gap ketmoqda. Lekin bu holning vujudga kelishiga aniq nima sabab bo‘lishi tibbiyotga noma’lum. Stress (ruhiy zo‘riqish), siqilish, qattiq qo‘rquv, depressiya (tushkunlik) noto‘g‘ri ovqatlanish, immunitetning tushib ketishi va turli gijjalarning organizmda yashashi kabi omillar sabab kasallik to‘satdan boshlanib ketishi mumkin. Ayrim hollarda dog‘lar paydo bo‘lishidan oldin qichishib, qipiqlashish kuzatiladi. Oq dog‘lar saratonni keltirib chiqarmaydi.

Vitiligoga chalinganlar uchun maxsus parhez ishlab chiqilmagan. Bemorlar uchun mol go‘shti, jigari, baliq, banan, yeryong‘oq, bodom, loviya, qo‘ng‘ir guruch, grechka, xurmo juda foydali hisoblanadi. Bu mahsulotlar teri pigmentatsiyasini yaxshilovchi tirozin va triptofan moddalariga juda boy. Bundan tashqari, qizil va sabzi rang sabzavot va mevalar, sut-qatiq mahsulotlarini iste’mol qilish tavsiya etiladi. Xasta kishilar qovurilgan, yog‘li, achchiq, dudlangan yeguliklar, gazlangan, ayniqsa, spirtli ichimliklar, tamaki chekish, giyohvand moddalarni iste’mol qilishdan qat’iy voz kechishi kerak bo‘ladi. Vitiligoda xalq tabobati usullari yordam bermaydi. Dog‘larni kesish, kuydirish mumkin emas. Shu kungacha vitiligoning organizmning boshqa a’zolariga ta’sir qilishiga doir ko‘plab tekshiruvlar o‘tkazdik. Kasallik kechayotgan paytda ichki a’zolarda o‘zgarishlar bo‘lishi mumkin, lekin ularning aynan shu kasallikka bog‘liq ekani isbotlanmagan.

Kasallik o‘z vaqtida davolanmasa ko‘payib ketib, butun tanani egallashi mumkin. Zararlangan joylar og‘rimaydi. Pes kasalligi har qanday yoshda kelib chiqishi mumkin. Hatto, bolalarda ham uchraydi. Bo‘lajak onaning homiladorlik paytida vitaminlar yetishmasa, endokrin o‘zgarishlar ro‘y bersa, xastalik kelib chiqishi mumkin. Homilador onadan bolaga kasallik o‘tish-o‘tmasligi ham ma’lum emas. Erkak va ayollarda vitiligo bir xil uchraydi.

Haqiqatan vitiligo kasalligi ekanligini faqat dermatolog aniqlay oladi.

Dog‘larning ko‘payib, kattalashib ketishiga kuchli stress (ruhiy zo‘riqish), asabiylashish, doimiy ravishda noto‘g‘ri ovqatlanish sabab bo‘ladi va kasallikni tez rivojlantirib yuboradi. Hamma bemorlarda ham oq dog‘lar ko‘payib va kattalashib ketmaydi. Kasallik ayrim holatlarda o‘z-o‘zidan yo‘qolib ketishi mumkin. Ko‘pincha boshdagi oq dog‘larni bemorlar bilishmaydi. Dog‘ paydo bo‘lgan joyda soch oqarishi kuzatiladi. Soch tolasi bitta-ikkita bo‘lib emas, tutam-tutam bo‘lib oqaradi. Bemor sochini oldirib tashlasa, bosh terisi oqargan bo‘ladi.

Yana o‘qing:  RULDAMISIZ? DORI ICHMANG!

Organizmni tashqi tomondan qoplab turuvchi teri o‘ziga xos salomatlik ko‘zgusi hisoblanadi. U inson salomatligi to‘g‘risida «so‘zlab» turadi. Inson terisiga toshma toshishi, dog‘ tushishi singari o‘zgarishlar moddalar almashinuvining buzilgani, vitaminlar yetishmovchiligi, asabiylashish, noto‘g‘ri ov­qatlanish, nosog‘lom turmush tarzi tufayli paydo bo‘ladi. O‘zgarishlar paydo bo‘lishi bilan darhol shifokor-dermatologga murojaat eting. O‘z vaqtida mutaxassis nazoratida bo‘lgan bemorlar sog‘ayib ketishi mumkin.

Ulug‘bek SOBIROV,

tibbiyot fanlari doktori, professor,

Respublika ixtisoslashtirilgan dermatologiya va venerologiya ilmiy-amaliy markazi direktori

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: