Charchoqdan xoli bo‘ladimi?
Yaqin tanishimdan qo‘l barmoqlari uchi bilan a’zoi-badanini tukillatish orqali charchoqdan xoli etganligi haqida eshitib qoldim. Shu haqida ma’lumot bersangiz.
Hamidulla TO‘raQulov,
Baxt shahri
Tezkor va shiddat bilan kechayotgan axborot asrida ba’zan ma’lumot ko‘pligidan nafaqat miyamiz, balki a’zoi-badanimiz charchab, o‘zimizni behol his etamiz. Shunday vaqtda har bir inson o‘ziga kunda 10-20 daqiqa vaqt ajrata olishi zarur. Oddiygina tukillatish mashqlari orqali organizmni bir silkitib, uni ko‘tarinki ruhda ishlashga majbur etish mumkin. Mashg‘ulotlar davomida xonada yoqimli va sokin musiqa yangrab tursa yanada yaxshi.
Qulayroq joyga o‘rnashib olib, ko‘zlaringizni besh daqiqaga yuming. Oyoq va qo‘llaringizni qush qanot qoqayotganday bir oz cho‘zing. Yana dastlabki tinch holatga qayting. Kaftlaringizni bir-biriga ishqalab, qizdirib oling. O‘t bo‘lib yonayotganday holatni his etmaguncha bu mashg‘ulotni davom ettiring. Qizigan o‘ng kaftingiz barmoq uchlari bilan bo‘yningizning orqa qismidagi soha va ensangizdan asta-sekin yengil harakatlar bilan dumg‘azagacha tukillatib chiqing. Xuddi shu mashqni dumg‘azadan kurak tomonga qarab qo‘lingiz yetguncha umurtqa pog‘onasi yo‘nalishida bajaring. Keyin shu mashqni teskari tomonga qarab yuqoridan pastga qarab bajaring. Ya’ni, peshana, ensa, bo‘yin, umurtqa pog‘onasining bo‘yin va ko‘krak sohasi keyin esa dumg‘aza qismiga qarab tukillatib chiqing. Tanangizning orqa qismiga qo‘lingiz yetmasa plastik butilka (baklashka)dan ham foydalanishingiz mumkin.
Ensa sohasini tukillatib chiqish miya faoliyatini yaxshilaydi. Ya’ni, bosh aylanishi va quloq shang‘illashi ketadi. Ammo ushbu belgilar qon bosimi yuqori yoki past bo‘lganligi tufayli yuzaga kelsa, shifokor maslahati bilan davolanish zarur. Yana qizdirilgan barmoq uchlari bilan har ikkala quloq atrofini yengilgina tukillatib chiqing. Buyraklar sohasini esa mushtingizning yuza qismi bilan og‘rimaydigan qilib tukillating. Ikki daqiqa davomida tukillatish yetarli. Ammo yelkangiz og‘rimasa yana mashqlarni davom ettirib ko‘krak sohasi markazidan boshlab soat strelkasi yo‘nalishida kichik halqa hosil qilib tukillatib chiqing. Mashq 2 daqiqa davom etishi kerak. Keyin navbati bilan yelka sohasiga o‘ting. Muntazam ravishda yuqorida ko‘rsatilgan mashqlarni bajarib tursangiz tez orada kayfiyatingiz ko‘tarilib, charchoqni ham unutasiz.
Diqqat!
Mashqlar och qoringa yoki haddan tashqari to‘q qoringa bajarilmaydi. Ovqatlanganingizdan so‘ng 1 soat o‘tgach mashqlarni bajaring. Agar buyraklar va yuragingizda muammo bo‘lmasa bir kunda 2 litr toza buloq suvini ichishni unutmang. Chunki, suv ham quyilgan qonni suyiltiradi. Organizmdan ortiqcha toksin (zahar) va xiltlarni ter va peshob bilan chiqib ketishiga ko‘maklashadi. Tukillatish sababli organizm yengil silkinib (vibratsiya)oladi. Bu esa to‘qimalarda moddalar almashinuvini yaxshilaydi va vujudimizdagi barcha tizimlarga ijobiy ta’sir etadi. To‘qimalar kislorod bilan to‘yinadi.
Savollarga oliy toifali pediatr Dilorom KENJAYEVA javob berdi.