Bolalar salomatligi e’tiborda
Aholi salomatligi, ayniqsa, sog‘lom avlodni voyaga yetkazish oilaviy poliklinikalarning doimiy nazoratida, – deydi Toshkent shahar Chilonzor tumanidagi 37-oilaviy poliklinika bosh shifokori, oliy toifali shifokor Dilnoza Qayumova.
Mana o‘ttiz yildirki, u aholi salomatligini asrash yo‘lida xizmat qilmoqda. Hayotda shunday insonlar bo‘ladiki, ular boshqa kishilarning og‘irini yengil qilishni, ularning dardiga malham bo‘lish, ikki og‘iz shirin so‘z yoki maslahat bilan o‘zgalarga yordam berishni o‘zlariga maqsad qilib oladilar. O‘z maqsadlarini amalga oshirish barobarida barcha qiyinchiliklarni mardonavor yengib boradilar, erishilgan natijadan ham ma’naviy, ham ruhiy ozuqa oladilar.
– Tibbiyot sohasiga kirib kelishimga buvijonim Bashira opa hamda Najim bobom sababchi bo‘lishgan, – deb xotirlaydi D.Qayumova. – Bobom Toshkent tibbiyot institutining dastlabki qaldirg‘ochlaridan edi. U kishi ftiziatr-shifokor bo‘lib, shu sohada 45 yil ishlagan va menda tibbiyotga ham qiziqish uyg‘otib, har bir bemorga alohida yondoshib muomala qilish lozimligi haqida uqtirar edi.
Shahrimizdagi 34-oilaviy poliklinikada hudud shifokori sifatida faoliyatini boshlagan Dilnoza terapiya bo‘limi boshlig‘i, yillar o‘tib esa bosh shifokor o‘rinbosari vazifasida 20 yil faoliyat ko‘rsatdi.
Ma’lumki, shifokor bo‘lish kishidan juda katta mas’uliyatni, o‘z ustida tinmay izlanish, tibbiyot sohasida yuz berayotgan yangiliklardan muntazam xabardor bo‘lib borish, ushbu yangiliklarni o‘z faoliyatida qo‘llashni talab qiladi.
Joriy yilda shifo maskani hududida yashovchi bolalarning barchasini chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish hamda unga biriktirilgan ta’lim muassasalari bolalari, o‘quvchi va talabalarni ham ana shunday ko‘rikdan o‘tkazish rejalashtirilgan. Bolalar 98-100 foizgacha emlanmoqda.
Shifokorlar ayniqsa, o‘smir qizlar va tug‘ish yoshidagi ayollarning tibbiy ko‘rikdan o‘tishlarini alohida nazorat qiladi. Tug‘ish yoshidagi 12 ming nafarga yaqin ayolning barchasi har yili bir marta tibbiy ko‘rikdan o‘tadi va kasalligi aniqlanganlar sog‘lomlashtiriladi. Hududdagi fertil yoshidagi barcha xotin-qizlar doimiy shifokor-ginekologlar nazoratiga olingan, homiladorlari esa alohida nazoratda turadi.
Mehnat qilgan elda obro‘-e’tibor topadi. Oppoq xalat kabi qalbi beg‘ubor, qo‘li yengil va bilimdon shifokorimiz Dilnoza Qayumovaning aholi salomatligini saqlash yo‘lidagi xizmatlari e’tiborga olinib, Toshkent shahar sog‘liqni saqlash Bosh boshqarmasi hamda O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining faxriy yorliqlari bilan taqdirlangan.
Shavkat YOQUBOV