YOSH OILALAR QO‘LLAB-QUVVATLANMOQDA

Prezidentimiz Islom Karimov tashabbusi bilan qabul qilingan “Mustahkam oila yili” Davlat dasturida yosh oilalarga e’tibor va g‘amxo‘rlikni kuchaytirish, ularni moddiy va ma’naviy jihatdan qo‘llab-quvvatlash, zarur imtiyoz va afzalliklar berish masalalariga alohida e’tibor qaratilgan.

Toshkent viloyatida ham ushbu vazifalar ijrosini ta’minlash bo‘yicha muayyan ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, “Mikrokreditbank”ning viloyat filiali joriy yilning o‘tgan davrida 164 yosh oilaga uy-ro‘zg‘or buyumlari, maishiy texnikalar xarid qilish uchun qariyb 864 million so‘m iste’mol krediti ajratdi.

Yaqinda oila qurgan zangiotalik Dilora Odilova ham bunday imkoniyatdan samarali foydalanib, mebellar to‘plami sotib oldi.

– Biz, yosh oilalarga kam foizli, muayyan imtiyozli davri bilan berilayotgan iste’mol kreditlari orzularimizni amalga oshirishimizda katta yordam bo‘lmoqda, – deydi Dilora. – Hech kimdan kam bo‘lmagan sharoitda, yaxshi yashashimiz uchun qator imtiyoz va afzalliklar yaratib berayotgan Prezidentimizdan minnatdormiz.

Mazkur bank tomonidan shu yilning o‘tgan to‘qqiz oyi mobaynida 119 yosh oilaga tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yish va rivojlantirish uchun 1 milliard 171 million so‘mlikdan ortiq mikrokreditlar berildi. Tijorat banklarining viloyatdagi filiallari 946 yosh oilaning tadbirkorlik faoliyatini moliyalashtirdi. Bu boradagi ishlar izchil davom etmoqda.

Yosh oilalar mustahkamligi ko‘plab omillarga, jumladan, ularning uy-joy bilan ta’minlanishiga bog‘liq. Moliya muassasalari ushbu muhim masalaga alohida e’tibor qaratmoqda. “Ipoteka bank”ning Toshkent viloyati filiali o‘tgan to‘qqiz oy davomida yosh oilalarga uy-joy sotib olish uchun 2011 yilning shu davriga nisbatan ancha ko‘p — 1 milliard 110 million so‘m ajratgani buning dalilidir.

“Mustahkam oila yili” Davlat dasturi, davlatimiz rahbarining 2007 yil 18 mayda qabul qilingan “Yosh oilalarni moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni asosida turar-joy xaridi uchun berilayotgan imtiyozli ipoteka kreditidan bahramand bo‘lganlar orasida olmaliqlik Sirojiddin Qobulov ham bor. U “Ipoteka-bank”ning Olmaliq filialidan 26 million 300 ming so‘m kredit olib, uch xonali kvartira xarid qildi. U yaqinda oilasi bilan uyga ko‘chibo‘tdi. – Davlatimiz tomonidan yaratib berilgan imkoniyat va imtiyozlar tufayli o‘z uy-joyimizga ega bo‘ldik, – deydi oila bekasi Ziyoda Qobulova. – Bunday katta e’tibor va g‘amxo‘rlikka javoban oilamiz mustahkamligini ta’minlab, farzandlarimizni elu yurtimizga nafi tegadigan insonlar qilib tarbiyalaymiz, mamlakatimiz taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shishga astoydil harakat qilamiz.

Yana o‘qing:  Xuddi ertakdagiga o‘xshaydi

Viloyatda ko‘plab yosh oilalar banklardan imtiyozli kredit olib, uy-joyini, maishiy sharoitini yaxshilamoqda, tadbirkorlikni yo‘lga qo‘ymoqda.

Bularning barchasi mamlakatimizda oilalar, ayniqsa, yosh oilalarning huquqiy va ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlarini himoya qilish hamda qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirish borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar samarasidir.

X.SALIMOV,

O‘zA muxbiri

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: