Xalq salomatligi – yurt boyligi
Yaqinda Milliy matbuot markazida “O‘zbekiston tibbiyotining onkologiya tizimi, ushbu kasallikning oldini olish va uni samarali davolashning zamonaviy usullari” mavzusiga bag‘ishlangan anjuman tashkil etildi. Unda Respublika Sog‘liqni saqlash vazirligi mutasaddi vakillari sohaning yetuk olimlari hamda OAV xodimlari ishtirok etdi.
O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vaziri A.Alimov anjumanni kirish so‘zi bilan ochib, bugungi kunda tibbiyot tizimida inson hayoti uchun xavfliligi jihatidan yurak qon tomir kasalliklaridan keyingi o‘rinda turadigan onkologik kasalliklarni erta aniqlash va davolash choralarini ko‘rish dolzarb vazifalardan biri ekanini va mustaqillik yillarida bu borada samarali ishlar amalga oshirilganini ta’kidladi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012 yil 29 martdagi “Tibbiyot muassasalarining moddiy texnika bazasini yanada mustahkamlash va faoliyatini tashkil etishni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bu tizimning yanada rivojlanishida muhim omillardan biri bo‘lib xizmat qilayotir. Davlat byudjeti tomonidan onkologiya tizimini rivojlantirish uchun ajratilayotgan mablag‘ning ikki barobar oshirilgani ham fikrimizning tasdig‘idir. Ushbu qaror asosida Navoiy, Sirdaryo, Jizzax viloyat onkologik dispanserlari zamonaviy tashxislash va davolash uskunalari bilan jihozlangan yangi binolarda ish boshladi. Shuningdek, mazkur muassasalarda radiologiya bo‘limlari ishga tushirildi. Qolaversa, 13 ta viloyat onkologiya dispanserida qurilish va ta’mirlash ishlari olib borilmoqda.
Sarimbek NavrO‘zov,
Respublika Onkologiya ilmiy markazi direktori, professor:
– Mamlakatimizda o‘sma kasalliklari turi ichida eng ko‘p tarqalgani ko‘krak bezi saratonidir. Undan keyin me’da, bachadon bo‘yni, o‘pka va qizilo‘ngach saratoni turadi. Kasallikni yashirsang, isitmasi oshkor qiladi, degan maqol bor xalqimizda. Ba’zi kishilar bu kasallikni bedavo hisoblaydilar. Hattoki, uning nomi qo‘rqinch uyg‘otadi. Lekin mutaxassis sifatida shuni ta’kidlashni istardimki, saraton kasalligini erta bosqichlarda aniqlashning bemor uchun ham, shifokor uchun ham nihoyatda ahamiyati katta. Inson, avvalo, salomatligiga ahamiyat berib, zararli odatlardan o‘zini tiya olishi, yaratilgan sharoitlardan unumli foydalangan holda o‘z vaqtida mutaxassis-shifokorga murojaat etishi shart. Ana shundagina malakali onkologik muassasalarda to‘laqonli shifo olgan bemorlar bu xastalikdan butunlay forig‘ bo‘lishi va sog‘lom hayotga qaytishi mumkin.
Ushbu turdagi kasalliklar asosan belgisiz kechganligi bois, bemorlar shifokorga kechikib murojaat etishadi. Bunday ko‘ngilsizliklarning oldini olish maqsadida shifo maskani mutaxassislari tomonidan turli tashkilotlar, o‘quv maskanlari va chekka qishloq hududlarida bo‘lib, keng jamoatchilik o‘rtasida sog‘lom turmush tarzi targ‘ibotiga bag‘ishlangan suhbatlar, bepul tibbiy tekshiruvlar o‘tkazilayotgani o‘z samarasini bermoqda.
Shuningdek, mazkur sohani rivojlantirishda xorijiy yetakchi klinikalar bilan ham yaqin aloqalar yo‘lga qo‘yilgan. Yaponiya, Janubiy Koreya, Germaniya, Fransiya kabi davlatlarning yetuk olimlari ishtirokida xalqaro konferensiyalar tashkil qilinayotgani bunga misoldir. Bu esa yosh mutaxassislar, onkolog olimlarning chet el klinikalarida malaka va tajribasini oshirishga xizmat qilmoqda.
Tojiddin MUSTAFOYEV,
Respublika Onkologiya ilmiy markazi bolalar bo‘limlari ilmiy rahbari, tibbiyot fanlari nomzodi:
– Respublika Onkologiya ilmiy markazining “Bolalar onkologiyasi” bo‘limi 2011 yildan beri 50 o‘rinli davolash binosida faoliyat olib boradi. Bolalarda uchraydigan xavfli o‘sma kasalliklarining 75 foizdan ziyodini embrional o‘smalar tashkil etadi. Xavfli o‘sma kasalliklari orasida xavfli limfomalar, markaziy asab tizimi o‘smalari, buyrak xavfli o‘smalari, suyak va yumshoq to‘qima xavfli o‘smalari, bosh-bo‘yin sohasi o‘smalari yetakchi o‘rinda turadi. Bu kasalliklarning barchasi kombinirlashgan va kompleks usulda davolanadi.
Muloqot tarzida o‘tgan tadbirda mutaxassis shifokorlar ommaviy axborot vositalari xodimlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javob berishdi.
Muhabbat XO‘JAMURODOVA