Xotira xiyoboni – mangu hayot saboqxonasi

Xotira xiyoboni. Har gal bu manzildan o‘tayotganimda qalbimga bir dam sukunat tushadi. Tizginsiz xayollar og‘ushiga cho‘maman. Doimo ozoda, turfa gullar barq urib turgan bu go‘sha hayot haqidagi tasavvurlarimga salmoq beraveradi. Shu bois, har gal bu manzildan o‘tayotib maysalarga suv purkab turgan kichik favvora yaqinidagi o‘rindiqdan joy olishga chog‘lanaman. Ayriliq dog‘ida o‘rtanib turgan Ona haykaliga boqaman.

Motamsaro Ona haykali. Negadir, bu mushtipar ayolning chehrasi tanish. O‘tgan yili yuz yoshning poyida cho‘kkalab jon bergan momomga o‘xshaydi. Ammo, momom bu dunyodan baxtiyor ko‘z yumdi. Istiqlol yillarining shukuhli kunlaridan bahramand yashadi.

– Dorulamon kunlarga yetkazganingga shukr, – dedi umrining so‘nggi fursatlarida ham chehrasida nimtabassum bilan, – bolalarimdan, nabiralarimdan ko‘nglim to‘q. Yurt tinch, turmush obod, to‘qchilik. Faqat farzandlarim ahil bo‘lib, bu davru davronlarning qadriga yetsinlar.

Ha, momom keksalik gashtini oydin kunlarda surib yashadi.

Bolaligim zarvaraqlaridan xotiralarimni hijjalayman. Ko‘chamiz muyulishida bir past­qam kulba yodimga tushdi. U Ashshi momoning uyi. Bu mushtipar momoning ismi nima uchun Ashshi momo, hanuz o‘ylanaman. Balki, Ashurgul momodir.

Momo doim bolalarga konfet ulashib yurardi. Jelagining ikki yengidan parvardadan tortib, chaqa tangalargacha joy olgan.

Bola tasavvurimda, Ashshi momoning huvillagan kulbasiga salobat berib turgan ikki sandiq to‘la shirinlik edi. Shu bois ishtaham shirinlik tusaganda momoning uyiga borardim. Ariqdan bir, ikki chelak suv olib kelib berardimu bir talay konfetni qo‘njimga urardim.

Balki, uning ismi Yaxshigul momodir. Teng­doshi Zevar momo uning suyanchig‘i edi. Zevar momo u haqida gapirganida Achchi momo deb tilga olardi. Uning qismati, ko‘z yoshlarini, taqdirning achchiq kunlarini ko‘rgani uchun shunday atagandir.

Rahmatli otamning uzuq-yuluq hikoyalarini eslayman. Ashshi momoning turmush o‘rtog‘i ham, tilab olgan birgina o‘g‘li O‘roqboy ham Ikkinchi jahon urushining qurboni bo‘lgan ekan…

Shu tobda xayolimga kelgan savoldan quvonib ketdim. Ashshi momoning o‘g‘li O‘roqboyning ismi-sharifi xiyobonga ko‘rk berib turgan ayvon tokchalaridagi metin zarvaraqlarida bitilganmikan? Ildam odimlayman. Yuragim hapqirib, tumanimiz yozilgan temir to‘plamni topaman: Abdiyev O‘., 1920 – 1943*, Abdullayev O‘., 1922 – 1943*, Eshmirzayev O‘., 1919 – 1942*… Bularning qaysi biri Ashshi momoni firog‘ida kuydirgan, o‘n gulidan bir guli ochilmagan, janggohlarda yigit umri xazon bo‘lgan O‘roqboy ekan-a?..

Yana o‘qing:  Xushxabar, raqamlar (2014/19)

Aslida ularning barchasi bir Onaning – Vatanning jasur o‘g‘lonlaridir. Insoniylik burchini ado etib, yurt ozodligi uchun fashizmga qarshi kurashgan va bu ulug‘vor yo‘lda jon bergan botir yigitlar, vatandoshlarimizdir. Ularning muqaddas xotirasi xalqimiz qalbida mangu yashaydi.

Motamsaro Ona haykalida minglab Ashurgul, Yaxshigul momolarning siymosini, cheksiz qayg‘u-alam va iztiroblarini ko‘ramiz. Shu bois Xotira xiyoboni biz uchun mangu hayot saboqxonasidir. Zero, Prezidentimiz ta’kidlaganidek, tarixni bilmagan, tarixni unutgan, tarixdan xulosa chiqarmagan har qanday inson, har qanday xalq o‘z yo‘lidan adashishi, bir paytlar qilgan xatolarini takrorlashi mumkin.

Bugun yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo. Vatanimiz mustaqil taraqqiyot yo‘lida ulkan marralar va muvaffaqiyatlar bilan tobora yuksalib borayotgani qalbimizga cheksiz faxr va iftixor bag‘ishlaydi. Barcha sohalarda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar sabab xalqimizning hayot tarzi, turmush darajasi o‘zgardi. Mamlakatimiz yoshlari ham ularga ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rlik va keng inmoniyatlardan bahramand bo‘lib voyaga yetmoqda. Yurt ravnaqi, sha’nu shavkati yo‘lida bilim olib, iste’dodini, kuch-qudratini namoyon etayotir.

Xalqimiz boshidan kechgan turli sinovli va suronli kunlarni yodga olar ekanmiz, bugungi farahli kunlarga shukronalar aytamiz.

Tarixiy xotira – bu umr mazmunini, avlodlar o‘rtasidagi vorislik tuyg‘usini, ularning bir-biriga daxldor ekanini, hayotning bamisoli uzviy halqalar kabi ketma-ket bog‘lanishini anglash, tarixdan xulosa chiqarib, bugungi kun uchun to‘g‘ri yo‘l tanlash, ota-bobolarimizning ruhi poklariga hurmat bilan qarash, milliy qadriyat va an’analarimizni toptashga yo‘l qo‘ymaslik, ularni ko‘z qorachig‘idek asrash demakdir.

Islom KARIMOV

Shu bilan birga, dunyoda sodir bo‘layotgan voqea-hodisalarni, xavf-xatarlarni to‘g‘ri anglab, xulosa chiqarish va har daqiqa yon-atrofimizdagi qarama-qarshiliklardan ogoh bo‘lib yashash davrimizning muhim sharti bo‘lib qolmoqda. Bu esa, tabiiyki, Vatanini, o‘z oilasi va farzandlari taqdirini, ertangi kunini o‘ylaydigan hech bir yurtdoshimizni befarq qoldirmaydi.

Ajdodlar xotirasini yod etish, bugun ham saflarimizda biz bilan yonma-yon umrguzaronlik qilayotgan, osmonimiz musaffoligi va yurtimiz ravnaqi yo‘lida xizmat qilgan nuroniylarni e’zozlash xalqimizning ezgu fazilatlaridandir.

Inson qadri aziz bo‘lgan yurtda ezgulik umrboqiy bo‘ladi. Xotira xiyobonining ko‘rki va salobatida ham xalqimizga xos ezgulik va ajdodlarga cheksiz ehtirom kabi muqaddas tuyg‘ular jo bo‘lgan. Zero, mardlik va jasorat ko‘satgan, o‘z ona yurtining tinchligi yo‘lida jon fido etganlar xotirasi abadiy yashaydi.

Yana o‘qing:  Umr davomiyligini bashorat qilish mumkinmi?

Faxriddin Hayitov

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: