Boqiy navolar

Jajji qalblarda ming yillik qo‘shiqlar qayta sayqallanmoqda

Yomg‘ir yog‘aloq

Yam-yashil o‘tloq.

Endi ekinlar

Chiqarar quloq.

Yashnasin dala,

Ochilsin lola.

Tog‘lar qo‘ynida misli,

Shalola.

Osmono‘par tog‘larga tutashib ketgan yam-yashil qirlarda jam bo‘lib qo‘shiq kuylayotgan bolalarning yuzu ko‘zidagi quvonch, bahoriy kayfiyat dillarni yayratadi. Hayotga yangicha nazar bilan boqishga, yashash va yasharish umidi bilan olg‘a borishga undaydi. Darhaqiqat, “Musiqa – xalq ruhining ma’naviy ozuqasi”, deb bejiz aytilmagan. Har gal o‘zining fusun-tarovatini baxshida etib o‘lkamizga bahor tashrif buyurar ekan, kishilar qalbida ezgu va xayrli ishlar jo‘sh ura boshlaydi. Umrboqiy qadriyatlarimizni o‘zida jo etgan qadimiy Navro‘z ayyomi kishilarni mehr-oqibatli, obodlik va yasharuvchanlik hissi bilan yashashga undaydi. Ushbu bayram o‘zbek xalqining ruhiyati, urf-odat va an’analarini o‘zida jo etgani bilan ham ahamiyatlidir. Ana shunday qadriyatlardan biri milliy xalq qo‘shiqlaridir. Ayni damda insonlar orzu-umidi, maqsad va intilishlari kuyga qo‘shilib, bepoyon adirlaru-qirlar uzra bo‘y cho‘zmoqda. Birgina Samar­qand viloyatining Urgut tumanidagi Urgut bolalar folklor jamoasi a’zolari ijro etayotgan ming yillardan beri o‘z qadr-qimmatini yo‘qotmagan xalq qo‘shiqlari kishilar qalbiga iliqlik olib kirishi shub­hasiz.

Xalq qo‘shiqlari, termalarini o‘rganib, ularning umrboqiyligini ta’minlashga hissa qo‘shayotgan farzandlarimiz kundan-kun ko‘payayotgani quvonarli holdir. Samarqand viloyat Xalq ta’limi bosh­qarmasi tasarrufidagi 16-Musiqa va san’at maktabi qoshida tashkil etilgan ushbu folklor jamoasi faoliyati bunga yorqin misol.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Bolalar musiqa va san’at maktablarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va ularning faoliyatini yanada yaxshilash to‘g‘risida 2009-2014 yillarga mo‘ljallangan davlat dasturi to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida 2011 yilda qurilgan maktabning yangi binosi san’atsevar bolajonlar uchun munosib sovg‘a bo‘ldi. 180 nafarga yaqin o‘quvchilar tahsil olayotgan ilm maskanida yaratilgan shart-sharoitlar zamon talabiga mos. Urgut bolalar folklor jamoasi bolajonlarining sahna odobi, kiyinish madaniyati, yuksak iqtidori bois ham tuman, viloyat, respublika ko‘rik-tanlovlarda muvaffaqiyatli ishtirok etib kelayotir.

– Bolalarni ma’nan va ruhan kamol topishida xalq og‘zaki ijodining o‘rni katta, – deydi 16-Musiqa va san’at maktabi direktori Azizjon Hakimov. – Zero, unda xalqimizning ming yillik tarixi, orzu-umidlari, yashash tarzi, o‘z ifodasini topgan. Jajji avlodning bu qo‘shiqlarni sevib ijro etishi ularning ma’naviy olami kengayishiga bemisl hissa qo‘shadi.

Yana o‘qing:  Chempion bo‘lishni maqsad qilgan qiz

Bizning muassasada ham malakali o‘qituvchilar Xursandmurod Eshboyev, Manzura Sattorova kabi tajribali o‘qituvchilar ustozlik qilmoqda. Bolajonlarning qadimiy xalq qo‘shiqlari – terma va laparlarni kuylashga bo‘lgan qiziqishini o‘stirmoqda. Maktab qoshidagi Urgut Bolalar folklor jamoasi “Mayda-mayda”, “Hakalakam-dukalakam”, “Happak”, “Navro‘z” kabi ashula va raqslari bilan respublika miqyosida qator tanlovlarda muvaffaqiyat qozondi. “Yagonasan Muqaddas Vatan” respublika ko‘rik-tanlovining final bosqichida ishtirok etgan jamoa tanlovning I darajali diplomiga sazovor bo‘ldi. Jamoaning yutuqlarida Shavkat Shukurullayev, Davlat Avazov, Guldona Qarshiyeva, Madina Bahrillayeva, Shahzod A’zamqulov kabi san’atsevar bolajonlarning xizmati katta. Ta’lim maskaniga viloyat Xalq ta’limi boshqarmasi, viloyat Madaniyat va sport ishlari boshqarmasi, Urgut tuman hokimligi tomonidan muntazam ravishda homiylik yordami ko‘rsatilmoqda. Bolalarning iqtidorini ro‘yobga chiqarish uchun turli tadbirlar uyushtirilyapti.

Ha, xalq ijodi tuganmas boylik. Ana shu boylikni ko‘z qorachig‘idek avaylab, kelgusi avlodlarga yetkazish yo‘lida ter to‘kayotgan urgutlik san’atsevar bolajonlar Respublika bolalar folklor jamoalarining “Ko‘hna zamin ohanglari” telefestivalida yana bir bor o‘z iqtidorlarini namoyish etdi. Biz esa xalq durdonalarini dildan kuylayotgan o‘quvchilar va ularning ustozlariga san’at yo‘lida yangi-yangi zafarlar tilab xayrlashdik.

“Hilola”ning qizlari –kelajak yulduzlari

Sahna uzra “Tanovor” qo‘shig‘i yangrab unga mos ravishda xirom etayotgan Munisa Karimova va Umida Mirtursunovani olqishlayotgan tomoshabinlar raqqosa qizlarning imkoniyati cheklanganligini payqashmadi ham.

Respublika miqyosidagi ko‘rik-tanlovlarda, Mustaqillik va “Navro‘z” umumxalq bayrami shodiyonalarida o‘z san’atlari bilan shuhrat qozonayotgan poytaxtimizning Olmazor tumani 6-Aholi madaniy dam olish markazi tasarrufidagi “Hilola” folklor etnografik raqs dastasining o‘ziga xos repertuari bor. Yuqorida tilga olgan raqqosa qizlar ham ana shu raqs dastasi qatnashchilari. Oliy toifali pedagog Jamila Hamidova rahbarligidagi raqs dastasi O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasining “Istiqlol g‘unchalari”,“Mening mahallam” nomli ko‘rsatuvlarida o‘z san’atlarini namoyish etgan. “Bo‘zto‘rg‘ay”, “Chittigul”, “Lolajon” kabi laparlarni maromiga yetkazib ijro etishga intilayotgan Robiyabonu Erkinova, Munisa Karimova, Ra’no Niyozova, Akmaljon Axmedov kabi san’atsevar yigit-qizlarning shirali ovozi va nozik raqslari hayratingizni oshiradi. Axir bo‘lg‘usi san’atkorlarga musiqa sirlarini o‘rgatayotgan Hilola Elmurodovaning o‘zi ham sanatni jonu-dilidan yaxshi ko‘radi-da. Opa-singil Ziyoda, Marjona Yodgorovalar ham ana shu dastada ko‘plab raqslarni o‘rganib qator tanlovlarda g‘olib bo‘lishdi.

Yana o‘qing:  Yaxshi ot uloqda sinaladi

Darhaqiqat, Respublika bolalar folklor jamoalarining “Ko‘hna zamin ohang­lari” telefestivalida o‘z san’atlarini namoyish etishga muvaffaq bo‘lgan o‘quvchilar yana yangi tanlovlarga qizg‘in hozirlik ko‘rishmoqda.

Sahifani Jamila Haydarova tayyorladi.

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: