Yolg‘onning umri qancha?..
Yolg‘onchilik nima? Bu savolga hamma turlicha fikr bildiradi. Kimdir uni shunchaki bir hazil desa, yana kimdir tilyog‘lamachi, tuhmatchi va uydirmachilar kasbi deydi. Hammamiz ham hayotda oz bo‘lsa-da, yolg‘on ishlatib turamiz. Ba’zida yolg‘on bizga ijobiy natijalar keltirgan holatlar ham uchrab turadi. Biroq, uning me’yordan oshishi noxush holatlarga sabab bo‘ladi. Uchiga chiqqan yolg‘onchilar esa, kasallikka chalingan, deya hisoblanadi…
Bu kasallikka odam qanday duchor bo‘ladi?
“Shum bola” filmini eslaylik. Qoravoy onasini aldab, uyidan tuxum o‘g‘irlab chiqayotganda qo‘lga tushib qoladi. Bu kinoda yolg‘on kulgili tarzda gavdalantirilgan bo‘lsa-da, aslida, achinarli holat. Chunki u yoshligidan yolg‘onchilikka o‘rganib, umri davomida bu illatdan qutulishi qiyin kechadi. U qayerga bormasin, shu kamchiligi orqasidan pand yeydi. To‘g‘ri, uning shunday bo‘lib o‘sishiga davr, qolaversa, ota tarbiyasini ko‘rmagani sabab bo‘lgan. Ammo yolg‘onni tez-tez ishlatadiganlar oz bo‘lsada oramizda uchrab turadi.
Yolg‘onni qay vaqtda ishlatish mumkin? Arazlashib qolgan kishilarni yarashtirish, oiladagi janjalning oldini olish, tushkunlikka tushgan insonning ko‘nglini ko‘tarish, umuman, yaxshilikka xizmat qilish uchun yolg‘on ishlatish joiz. Shunda ham me’yoridan oshmaslik, boshqalarga zarar yetkazmaslik sharti bilan.
O‘zni aldashdan yomoni yo‘q!
“O‘zini aldash – eng yomoni, chunki bunda aldamchi doimo aldanganning qarshisida baqrayib turadi”, deganda Aflotun naqadar haq edi. Ko‘pchiligimiz hayotda o‘zimizni aldab yashaymiz. Ehtimol, tirikchilikni arang o‘tkazayotgandirmiz. Shuni hisobga olib, “Birovga yaxshilik qila olmayotganimga sabab – qo‘lim qisqaligi”, degan fikrga o‘zimizni ishontiramiz. Aslida, ana shu yerda yolg‘onga yo‘l qo‘ygan, o‘z-o‘zimizni aldagan bo‘lamiz. Chunki yaxshilik faqat ehson yoki boylik bilan o‘lchanmaydi. Kimningdir yukini manziliga eltib berish, kimningdir g‘am to‘la ko‘zlariga quvonch baxsh etish uchun pulga ne hojat? Buning uchun ikki og‘iz shirin so‘z yoki biroz vaqtning o‘zi kifoya emasmi? Balki bu gaplar hozirgi zamonga to‘g‘ri kelmaydi, dersiz? Inson yaralibdiki, mehr-muhabbat, sadoqat, vafo, saxovat kabi tuyg‘ular yashab kelmoqda. Qancha zamonlar o‘tsa-da, mezoni yo‘q bu tushunchalarning qadr-qimmati hanuz o‘zgarmagan!
Zarina RAHMONOVA