Me’da yarasi yuqumli

“Xelikobakter”ni kashf qilgan avstraliyalik olimlar Barri Marshall va Robin Uorrenlar tomonidan me’da yarasini bakteriya qo‘zg‘atishi aniqlandi. Qish fasli nafaqat O‘RVI va gripp xastaliklari, balki surunkali me’da-ichak kasalliklarining ham qo‘zg‘alish davri hisoblanadi. Keyingi yillarda yara kasalligi ko‘pgina olimlarning bahslashuviga sabab bo‘lmoqda. Bu xastaliklarni davolash va profilaktika muammolari oldinroq paydo bo‘lgan. So‘nggi besh yillikda muolajaning samaradorligi, dori-darmonlarning iqtisodiy qiymatlari dolzarb muammoligicha qolmoqda. Oshqozon o‘n ikki barmoqli ichakning yara kasalliklari yosharib borishi, ya’ni yosh bolalarda ham ko‘payganligi sezilmoqda. Makro va mikroorganizmlarga kasallikning klinik kechishiga ekologik omillarning ham ta’siri katta.

ME’DA VA O‘N IKKI BARMOQLI ICHAK YARA KASALLIGI

Yara kasalligi – me’da yoki o‘n ikki barmoqli ichakda joylashadigan polietiologik kasallikdir. Shilliq pardaga, parda ostiga, ba’zan esa mushak qavatlariga o‘sib kirib boradigan notekis har xil shakldagi chuqurchalar paydo bo‘ladi. Me’da yoki o‘n ikki barmoq ichak shilliq pardasining muayyan bir qismida qon ta’minoti buziladi. Bu sohaning me’da shirasi tarkibidagi xlorid kislotasidan ta’sirlanishi natijasida shilliq parda go‘yo “hazm qilinadi”, yara hosil bo‘ladi. Kuchli ruhiy zo‘riqish ham kasallikka sabab bo‘ladi.

Yara kasalligining rivojlanishida ovqatlanish tartibining buzilishi shubhasiz asosiy sabablardan hisoblanadi. Shuningdek, yara kasalligiga nos, sigaret chekish kabi zararli odatlar yo‘l ochib beradi. Chunki, nikotin qon tomirlarini spazmiga (qisqarishiga) va me’daning qon ta’minoti buzilishiga olib keladi. Nahorga chekish, ayniqsa, juda ham zararli. Yara kasalligining paydo bo‘lishiga spirtli ichimliklarga ruju qo‘yish, shuningdek, dag‘al va muntazam ravishda me’da shilliq pardasini ta’sirlantiradigan ovqatlarni yeyish, qalampir, sirka, gorchitsa, xren kabilarni ovqatda ko‘p ishlatish ham xastalikka sharoit tug‘diradi.

Yara kasalligining rivojlanishida gastrit (me’da yallig‘lanishi)ning roli xususida alohida to‘xtalib o‘tish lozim. Me’da suyuqligida xlorid kislota miqdorining oshganligi sababli u shilliq pardani ta’sirlantirib turadi. Shilliq qavat bichilishi natijasida mayda yara o‘chog‘i yuzaga keladi. Yallig‘lanish jarayonini qo‘zg‘atuvchi bakteriya o‘z zimmasiga oladi. Bu bakteriya spetsifik harakatchan, uchlari mayda-mayda bir-biri bilan chalkashib ketgan o‘simtalari bo‘lib, ular juda ham harakatchan. Ular vertolyot parragiga o‘xshab aylanganligi sababli “gelikoptera” deb ataladi. Bakteriyaning me’da ichida rivojlanganligini hisobga olib “xelikobakter pilori” nomi berilgan. Birinchi bo‘lib avstraliyalik olimlar Barri Marshall va Robin Uorrenlar tomonidan me’da yarasini bakteriya qo‘zg‘atishi aniqlangan. Ammo bunga ko‘p olimlar ishonishmagan. Qanday qilib xlorid kislota ichida bakteriya bo‘lishi, rivojlanishi mumkin, deya e’tiroz bildirishgan. O‘zlarining fikrini to‘g‘riligini isbotlash maqsadida Barri Marshall bir stakan xelikobakteriyali suvni ichib me’da yara kasalligini yuqtiradi va muolajadan so‘ng tuzaladi. Shundan so‘ng bu ikki olimga 2005 yilda Nobel mukofoti berilgan.

Yana o‘qing:  Anjir – ming dardga davo

Hozirgi vaqtda aksariyat bemorlar orasida o‘z-o‘zini davolashga urinish, tabiblar sharbatini hamda dori-darmonlarini betartib qo‘llanishlar uchrab turadi. Shunga ko‘ra yara kasalligining paydo bo‘lishi ba’zi bir dori vositalari – aspirin, paratsetamol, indometatsin, diklofenak, ortofen, dikloberil bemorlar tomonidan gormonlarni ichish bilan bog‘lash mumkin. Sefazalin, sifloks, biseptol ayni vaqtda urf bo‘lgan dorilarni salgina gripp, O‘RVI (o‘tkir respirator virusli infeksiyalar) bilan og‘risalar qabul qila boshlaydilar va bakteriyalarni chala o‘ldiradilar. Ma’lum vaqtdan so‘ng ular tiriladilar. Bu dorilar muayyan turdagi kasalliklarga uchragan bemorlar uchun nihoyatda zarur. Biroq, ularni faqat shifokorgina to‘g‘ri dozada tayinlaydi va bekor qiladi.

Avval yara kasalligi avvalo me’da va o‘n ikki barmoq ichakning mahalliy kasalligi deb hisoblangan bo‘lsa, hozirda bu kasallikka butun organizmning kasalligi deya qaralmoqda. Bu kasallikning rivojlanish mexanizmini me’da faoliyatining neyroendokrin boshqarilishi tizimidagi son jihatdan ko‘p bo‘lmagan aniq patologik (nuqsonli) o‘zgarishlarga taqash mumkin. Biroq, yara kasalligining sabablari, yuqorida aytilganidek nihoyatda turli-tuman bo‘ladi. Bularga boshqa a’zolar va tizimlarning qator kasalliklarini: jigar, o‘t qopi, me’da osti bezi, ichki sekretsiya bezlari kasalliklarini kiritish mumkin.

Yara kasalligining boshlang‘ich belgilari: chunonchi, me’daning yara kasalligida ovqatdan keyin me’da osti sohasidagi og‘riq o‘n ikki barmoq ichakning yara kasalligiga qaraganda bir muncha tezroq (30-60 daqiqa o‘tgach) paydo bo‘ladi. To‘sh ostida ovqat yeyishdan 2-3 soat o‘tgach paydo bo‘ladigan qattiq og‘riq, shuningdek, qon ketish alomatlari (qora, qatronsimon axlat, “kofe quyqasi” ko‘rinishida qusish), och qolganda og‘riq bo‘lishi ovqatdan keyin og‘riqning yo‘qolishi asosida o‘n ikki barmoq ichakning yarasi qo‘yiladi.

Biroq, yara kasalligining belgilari kam ifodalangan atipik “o‘zgargan” belgilari bilan ham bo‘ladi. Kasallikning bunday kechishi aksariyat 60 yoshdan oshgan shaxslarda kuzatiladi. 18-25 yoshli davrida yara kasalligi shiddat bilan kechadi. Ko‘pincha vaqti-vaqti bilan qo‘zg‘alib turadi. Och qolganda qattiq og‘riq kechalari uyqudan turib ovqat yeyishga majburlaydi. Me’da shirasida xlorid kislota miqdorining oshishi bilan o‘tadi. Kasallikning bu turida me’da va o‘n ikki barmoq ichakdan ba’zan qon ketadi.

Yara kasalligi diagnostikasida axlatni yashirin qonga tekshirish muhim ahamiyatga ega. Noto‘liq muolajalar me’da (pilorus)ning chiqish qismidagi yara chandiq hosil qilib bitadi. Bu soha torayib qoladi va ovqat u orqali qiyinchilik bilan o‘tadi. Me’da bo‘shlig‘i kengayadi, ovqat turib qoladi, bijg‘ishi, achishi va jadal gaz hosil bo‘lishi, ketma-ket kekirish kuzatiladi. Kekirishdan so‘ng yengillik seziladi. Me’da shu qadar cho‘zilib ketadiki, qorinning yuqori qismi bilinarli darajada kattalashadi. Bemorni qayt qilish bezovta qiladi, qusuq massalarida avval yeyilgan ovqat qoldiqlari ko‘rinib turadi. Ovqatning yetarlicha hazm bo‘lmasligi va noto‘liq hazm bo‘lib so‘rilishi natijasida organizmning umumiy holsizlanishi ro‘y beradi, odam ozib ketadi, darmonsizlashadi, terisi quruq, oppoq bo‘lib qoladi. Bu organizmning suvsizlanishi alomatlaridan biri hisoblanadi. Bemor kayfiyatining yomonligi qayd qilinadi va u mehnat faoliyatini yo‘qotadi. Yara kasalligini kompleks davolash zarur, ya’ni tayinlangan o‘ziga taaluqli dori-darmonlarni, parhez ovqat, kechikib o‘tkazilgan asoratlar bo‘lsa operativ muolaja bilan qo‘shib olib borish kerak.

Yana o‘qing:  OZODALIK YUQUMLI KASALLIKDAN ASRAYDI

Yara kasalligida jismoniy va ruhiy osoyishtalik, mexanik va kimyoviy jihatdan to‘g‘ri keladigan ovqat asosiy davo omillaridan bo‘lganligi tufayli bemor ruhiy va jismoniy zo‘riqishlardan, keskin sovuqqotishlardan va isib ketishdan, qattiq, yaxshi pishirilmagan ovqatdan, sho‘r va o‘tkir taomdan, dudlangan mahsulotlardan va shirinliklardan o‘zini tiyishi lozim. Chekish va spirtli ichimliklarni ichish mumkin emas. Xelikobakter nafaqat yara kasalligini vujudga keltiradi, balki me’dadagi og‘ir yallig‘lanishni (gastrit) hamda yomon sifatli o‘smalarni ham qo‘zg‘atishi mumkin. Shuning uchun sog‘lom kishilar ham bunday bakteriyalardan o‘zlarini saqlashlari lozim. Ammo bu hozirgi kunda bajarilishi murakkabroq bo‘lgan muammodir.

Xo‘sh, xelikobakter pilorini yuqtirib olmaslik uchun nima qilmoq kerak?

Ovqatlanishdan oldin qo‘lni yaxshilab yuvish lozim. Barmoqlarni xuda-bexudaga og‘izga solmaslik, bir idishdan boshqa kishilar bilan birga ovqatlanmaslik yoki suv ichmaslik, boshqalar ishlatgan tish cho‘tkasi, qoshiq, vilka, sochiqlardan foydalanmaslik kerak. Kishilar bilan o‘pishib ko‘rishmang, qo‘l berib ko‘rishganda, pul sanagandan so‘ng qo‘lingizni albatta sovunlab yuving, umumiy qo‘l artishga qo‘yilgan sochiqlarga qo‘l artmang, birovning yostig‘ida yotmang.

Yara kasalligida birovga shifo bo‘lgan dori-darmon boshqa kishiga umuman to‘g‘ri kelmasligi mumkin.

YARA KASALLIKLARIDA TO‘G‘RI OVQATLANISH QOIDALAR:

Birinchi – Har 2-3 soatda ozgina-ozgina ovqatlanish darkor. Maqsad – me’da bo‘sh qolmasligi va uning shilliq qavatiga xlorid kislota ta’sir qilmasligi uchun ovqat shimib olish miqdorini pasaytirish natijasida kislotali muhit pasayadi.

Ikkinchi – Yeyilgan ovqat yumshoq bo‘lishi, yaraning ustini jarohatlamasligi kerak. Buning uchun go‘shtmaydalagichdan o‘tkazib ovqat qaynatib pishirilishi, klechatkasi ko‘p bo‘lgan mahsulotlar (mosh, no‘xat, loviya, qo‘ziqorin, yong‘oq, kepakli non, chandrli go‘shtni iste’mol qilmaslik zarur).

Uchinchi – Oziq-ovqat mahsulotlari tana haroratiga yaqin bo‘lishi, ya’ni 370 S daraja bo‘lishi kerak. Issiq va sovuq ovqat me’da shilliq qavatini va yaraning ustini qitiqlaydi.

To‘rtinchi – Har bir bemor o‘z vaqtida ovqatlanishi, dori-darmonlarni iste’mol qilishi, parhezga qat’iy amal qilishi shart.

Beshinchi – Bahorda va kuzda jig‘ildon qaynashi, kekirish, og‘riq bo‘lishi parhezga amal qilib, muolaja olish vaqti yetganidan darak beradi.

Oltinchi – Yara kasalligini boshidan o‘tkazganlar ovqatlanish tartibini buzmasdan, me’da shirasini ko‘p ishlab chiqarishga olib keluvchi mahsulotlarni kam iste’mol qilishlari shart.

Yana o‘qing:  Bo‘yin mushaklarining qotib qolishi bukrilikka olib keladimi?

Me’da shirasini ko‘p ajralishiga olib keluvchi ozuqalar: qovurilgan baliq go‘shti, tuzlamalar, konservalar, tomat pastalar, tuxum, arpali non, limon, nordon olmalar, kofe, alkogol, gazli ichimliklar, kefir, sut, tortlar, nordon pishmagan mevalar yemasligi kerak.

Me’da shirasini kamroq ishlatilishiga olib keluvchi oziq-ovqat mahsulotlari: go‘shtli, baliqli sho‘rvalar, kartoshkali pyure, chala pishirilgan tuxum, omlet, tvorog, sut, qaymoq, sutli, guruchli ovqatlar, suvi qochgan bir kunlik nonlar, kisel, pyure, yaxshi pishgan mevalardan tayyorlangan, gazsiz ishqoriy suvlar, choy, sutli choy iste’mol qilish kerak.

Parhezning bemorga ijobiy ta’sir qilishining eng muhim sharti yaxshi ruhiy kayfiyat (ishda va uyda tinchlik va xotirjamlik) hisoblanadi.

Bahodir HAMIDOV,

ToshPMI dotsenti, Xalqaro inson va tabiatni ekologik xavfsizligi ilmiy akademiyasi

muxbir a’zosi (MANEB), oliy toifali jarroh

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: