Liqildoqlar

chaqaloqlar parvarishining ilk kezlarida nimalarga e’tibor berish kerak?

Go‘daklar hayotining birinchi yilida bosh qismida sarg‘imtir-oqimtir qazg‘oqlar paydo bo‘lishi mumkin. Bu qazg‘oqlarni kuch bilan olib tashlash mumkin emas. Tibbiyotda bu qazg‘oqlar “yog‘li gneslar” deyiladi. Chaqaloqni cho‘miltirishdan 1-2 soat oldin bolalar kremi surtiladi. U bosh terisini yumshatadi, qazg‘oqlarni ko‘chiradi. Shundan so‘ng bola cho‘miltirilib, asta-sekin uning boshi maxsus mo‘ytaroq bilan tozalanadi.

Go‘daklarning bosh qismidagi liqildoqlar nima? Bu liqildoqlar qachon yopilishi kerak? Liqildoqning hajmi juda kichkina yoki katta bo‘lsa nima bo‘ladi? Bu kabi savollar yosh onalarni qiziqtirishi tabiiy.

Chaqaloqning bosh qismi tez o‘sadigan suyakchalardan tashkil topgan. Liqildoqlarning vazifasi tug‘ruq vaqtida va bolani hayotining birinchi yilida bosh miya chanoq suyagining elastikligini ta’minlab beradi. Liqildoqlarning bu xususiyati sababli, chaqaloqning miya suyagi juda harakatchan bo‘lib, tug‘ruq paytida tug‘ruq yo‘llaridan o‘tayotganida onaning tos suyaklariga to‘g‘rilanib, moslashadi.

Yangi tug‘ilgan chaqaloqlarda oltita liqildoq bor. Bulardan eng kattasi oldingi liqildoq, keyingisi orqa liqildoq kichikroq o‘lchamda bo‘ladi. To‘rtta liqildoq hayotining birinchi kunidanoq yopiladi yoki shunchalik o‘lchamlari kichikki, bular sezilarsiz bo‘ladi. Beshinchi liqildoq hayotini ikkinchi oyida, oltinchisi ya’ni katta liqildoq bola 3 oyligidan boshlab 24 oylik va undan ham ko‘proq oylarda yopilishi mumkin.

Normal holatda liqildoqlar qanday bo‘lishi kerak?

Bola tug‘ilganida va keyingi ko‘riklarda ikkita liqildoq baholanadi. Bular katta (old) liqildoq va kichik (orqadagi) liqildoq.

Liqildoqlar hajmi maxsus formula bilan o‘lchanadi:

Liqildoqning uzunasiga diametr o‘lchami +liqildoqning ko‘ndalang diametrining o‘lchami / 2.

Ko‘pchilik chaqaloqlarning orqa liqildog‘ining o‘lchami 0,5-0,7 sm bo‘ladi. Orqa liqildoq bola hayotining ikkinchi oyida bitadi.

Katta liqildoqning o‘lchamlari katta farq qiladi. Chaqaloqlarda normada katta liqildoqning o‘lchamlari 0,6 x 3,6 sm bo‘ladi. (o‘rtacha o‘lchami 2,1 – 2,2 sm bo‘ladi. Liqildoqlar o‘lchami formulasiga qarang). Katta liqildoq yopilishi individual bo‘ladi, xuddi go‘dak o‘sayotgandagi parametrlari kabi (tishlar yorishi, birinchi qadami, gapirishni boshlash kabi). Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ekspertlari sog‘lom bolalarni kuzatganida 1 foiz bolalarda katta liqildoq 3 oylikda, 40 foiz bolalarda 1 yoshligida, 95 foiz bolalarda esa hayotining ikkinchi yilining boshida bitgan. O‘g‘il bolalarda katta liqildoq, qiz bolalarga qaraganda tezroq bitgani kuzatilgan. Katta liqildoqning sog‘lom chaqaloqlarning boshida ko‘rinishi rombga o‘xshagan bo‘ladi. Haddan tashqari katta liqildoq yoki uni juda ham kech yopilishi quyidagi kasalliklarda bo‘lishi mumkin:

Yana o‘qing:  Biz nima uchun yostiqda uxlaymiz?

Raxitda: Raxit ko‘proq muddatiga yetmay tug‘ilgan chaqaloqlarda kuzatiladi. Katta liqildoqning chekkalari egiluvchan bo‘lib, bolaning peshanasi do‘ng bo‘lib, mushaklar tonusi pasayadi, oyoq-qo‘l bo‘g‘inlari shalvirab qoladi. Suyaklarning to‘g‘ri o‘sishi buziladi. Ko‘krak qafasida o‘zgarishlar sodir bo‘lib, qovurg‘alarda og‘riqsiz qattiq (munchoq donasidek) o‘smalar hosil bo‘ladi. Nima qilish kerak? Bunda albatta mutaxassisga murojaat qilinadi va raxit umumiy qoidalar bo‘yicha davolanadi.

Tug‘ma gipotireozda – bu kam uchraydigan kasallik bo‘lib, qalqonsimon bezning funksiyasi pasayib ketganida bo‘ladi. Suyak skeleti o‘sishida qalqonsimon bez katta ahamiyatga ega. Tug‘ma gipotireozning ilk sabablaridan biri bu katta liqildoqning juda kech yopilishidir. Bundan tashqari tug‘ma gipotireozning ilk belgilariga doimiy qabziyat, uyquchanlik, lanjlik, ishtaxasizlik, shishlar kiradi.

Mutaxassis – endokrinologga murojaat qilinib, qonda gormonlar miqdorini aniqlaydigan TTG (tiretrop gormoni), tiroksin tekshiriladi va tashxis aniqlanganda kerakli muolajalar qilinadi.

Axondrodisplaziya – juda kam uchraydigan tug‘ma suyak to‘qimasi kasalligi bo‘lib, katta liqildoq juda kech yopilishidan tashqari, bunda suyaklar noto‘g‘ri o‘sadi, oyoq va qo‘llar kalta bo‘lib, bolaning peshonasi do‘ng bo‘lib, bo‘yi o‘smaydi.

Daun kasalligi – bu xromosom kasalligi bo‘lib, aqliy va jismoniy rivojlanishdan bola ortda qoladi. Bundan tashqari, Daun kasalligi bolaning tug‘ilgani zahotiyoq xarakterli belgilariga qarab aniqlanadi. Yuz tuzilishi, kalta bo‘yin, katta til, qo‘l panjasida ko‘ndalang chiziq, old liqildoqning kattaligi va boshqalar.

Bunda bola genetik ko‘rigida bo‘lib, bolaga qondagi xromosomalar kariotipi o‘tkaziladi.

Liqildoq nimaga tez yopiladi yoki nima uchun uning o‘lchamlari kichkina bo‘ladi?

Katta liqildoq bola uch oyligidan oldin bekilsa, katta liqildoq o‘lchamlari aniqlanibgina qolmay, balki chaqaloqning bosh aylanasi ham hisobga olinadi. Liqildoq muddatidan oldin(3 oyligidan oldin yopilsa), yoki o‘lchami kichkina bo‘lsa, lekin bosh aylanasi o‘lchami normal holatda bo‘lsa, bu bola sog‘lom hisoblanadi.

Liqildoqning muddatidan oldin yopilish sabablari:

Kraniosinostoz: tayanch-harakat tizimi kasalligi bo‘lib, bosh suyak choklarining tez bitib qolishi, bosh o‘lchami kichik bo‘lib, bosh miya bosimining oshishi, eshitishni buzilishi, g‘ilaylik, suyaklar o‘smasdan kalta bo‘lib qoladi. Kraniosinostoz tug‘ma bo‘lishi yoki orttirilgan, ya’ni raxit asoratlari, qalqonsimon bezning funksiyasi baland bo‘lib ketganda ham bo‘ladi.

Yana o‘qing:  Buruningiz bitayaptimi?

Bu kasallik jarrohlik yo‘li bilan davolaniladi.

Bosh miya anomaliya(nuqsonlari): Juda kam uchraydigan kasallik bo‘lib, bunda liqildoq tez bitib qoladi.

Liqildoqning shishib qolishi sabablari: Miya ichi bosimining oshishi, meningit, ensefalit, miya ichi o‘smalarida kuzatiladi.

Uning pasayib qolishi bolaning tana harorati juda yuqori bo‘lganda, go‘dak organizmi suvsizlanib qolganda, ichi ketganda, juda ko‘p qusganda kuzatiladi. Bu hollarda albatta shifokorga murojaat qilish kerak.

Feruza NAZAROVA,

neonatolog, tibbiyot fanlari nomzodi

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: