Ulug‘ shoirga ehtiyoj

Ilmiy tadqiqotim doirasida Navoiy haqida ma’lumot izlar ekanman, O‘zbekistonga kelib, tarjimon Nosir Qambarov bilan hamkorlikda Alisher Navoiyning “Lison ut-tayr” asarini ingliz tiliga o‘girgan ingliz tarjimoni Garri Dikning internetdagi bir maqolasiga ko‘zim tushdi. Ishonasizmi, bu maqolani o‘qib, Navoiyning buyukligiga qanchalik tahsin o‘qigan bo‘lsam, bir chet ellik qalbidagi Navoiyga bo‘lgan ehtirom, uning botiniga kira olish qobiliyati, bu asarning kishi kamolotiga qanchalik ahamiyatli ekani haqidagi teran fikridan quvonib ketdim. U Navoiyni “shoirim” deb ataydi va ko‘ngil bog‘ining bog‘boniga qiyoslaydi. Ushbu maqolani o‘zbek tiliga o‘girib, bir qismini sizga havola etmoqdaman.

Haqiqat va go‘zallik bilan qurollangan ruhoniyati yuksak shoirlar shaxsiy hayotimizda va keng jamiyatda chin maslakdoshdirlar. Hayotimizga haqiqiy go‘zallik va teran mazmun kiritish uchun badiiy go‘zallik, hikmatga boylik va ilmiylik kerak bo‘ladi. Keling, dunyoni bizdan ko‘ra yaxshiroq tushunadigan ijodkorlardan o‘rganaylik, ularning qaytadan gapirishlariga imkon beraylik. Ular xalqning ma’naviy taraqqiyoti har bir kishi ongining yuksalishiga bog‘liq ekanini tushunishadi. Shu o‘rinda shoirlar kuylaydigan ilohiy ishq tarannumini ham yoddan chiqarmaylik. Men aytmoqchi bo‘lganim, ilohiy ishq ta’mini tatigan shoirlar tangrining buyuk zot ekanligiga iymon keltiradilar. Ilohiy ishq shuhratini tuygan kishilarda jamiyat farovonligi uchun naf keltirish istagi dunyoga keladi. Men O‘rta Osiyoda topgan ruhoniyati buyuk shoirlardan biri Alisher Navoiydir. Navoiy taxallusi adabiyotda “kuy sohibi” degan ma’noni anglatadi. U 1441 yildan 1501 yilgacha Hirotda yashab ijod etgan bo‘lib, “Buyuk Ipak yo‘li”ning buyuk shoirlaridan biri hisoblanadi… Navoiyning birga o‘sgan do‘sti Husayn Boyqaro amir bo‘lganda Navoiy vazir etib tayinlanadi. U yuqori lavozimda mas’uliyat bilan ishlash bilan birga, o‘sha vaqtda nihoyatda zarur bo‘lgan ko‘pgina ta’lim muassasalarni tashkil etgan. Navoiyning tashabbusi bilan birgina Xurosonda 370 ta madrasa, kutubxona, kasalxona va “Saxovat uylari” barpo etilgan. Uning salmoqli ishlari, hayoti davomida qilgan xayr-saxovatli amallari O‘rta Osiyo hayotida bir necha yillar davomida ta’sirini yo‘qotmay kelmoqda.

Bugun gullab-yashnayotgan O‘zbekistonda u shoirlarning eng ulug‘i sifatida ardoqlanadi. Alisher Navoiyning nomi mamlakatning hamma burchagida uchraydi. Asosiy ko‘chalar, teatr va muzeylar, saylgohlar hattoki, viloyat va shaharlar ham uning sharafiga nomlangan. Uning hikmatlari turkiy va forsiy tillarida bitilgan. U O‘rta Osiyoning buyuk shoirlaridan biri hisoblanadi. Oltita devonidagi 100 ming misradan ortiq she’rda haqiqat va sevgi, komillikka yetishmoqlikni madh etadi. Insoniyatni ma’nan boy qilishga intilish nihoyatda muhim hisoblanadi. Bu yo‘lda butun ijodini baxshida etgan Alisher Navoiydek shoirlar ko‘p emas. U nafaqat so‘zi, balki hayot yo‘li bilan ham ibrat bo‘la oladi.

Yana o‘qing:  Tegma, kuyasan! Ana, kuyding...

Bog‘ni mevasiga qarab, yaxshi yoki yomon deb aytish mumkin. Navoiyning qilgan xayrli amallari va mashaqqatli hayotining o‘ziyoq u aytgan so‘zlarga ishonishimizga asos bo‘ladi. U faqatgina chiroyli jaranglaydigan so‘zlarni so‘zlamadi, balki o‘zining hayotida haqiqatda foydali bo‘lgan narsalar haqida yozdi. O‘zi shubhalangan joylarda esa kitobxoniga hamon tadqiq va izlanishda ekanligini aytib, noto‘g‘ri gapirgan bo‘lsa, Yaratgandan uni avf etishini so‘raydi. Buyuk shoir va vazirda ana shunday noziklik va kamtarlik mujassamligi kishini ruhlantiradi.

Navoiyga o‘xshash shoirlarning ijodi, san’ati rivojlanayotgan millatlarga katta kuch bag‘ishlagan. San’at insonlarning yuragi va tafakkurini tarbiyalaydi. She’riyat va san’at insonlar va tillarni bir-biriga bog‘laydi. San’atkorsiz jamiyat taraqqiy eta olmaydi. San’atkor shoirdangina ijobiylik ufurib turadi. Biz ruhoniyatni moddiyatdan, ilohiyni dunyoviydan, ko‘rilgan narsani ko‘rilmagandan ajratishni bas qilishimiz lozim. Bunday reduksion amalni bajarish uchun esa bizga shoirlar zarur. Biz millatimizni tarbiyalash uchun chin san’atkorlarga muhtojmiz. San’at jamiyat ichida ta’sir o‘tkazish bilan birga boshqa jamiyatlarning bir millat haqidagi tasavvurining shakllanishida ham muhim o‘rin tutadi. Haqiqiy taraqqiyot tashqarida emas, insonning yuragida sodir bo‘lishi kerak. Biz Navoiydek shoirlarning ko‘proq so‘zlashlari va kishilarning ulardan nimadir o‘rganishlariga muhtojmiz.

Filologiya fanlari nomzodi Gulnoza ODILOVA tarjimasi

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: