Bir komilga qo‘l bergan…
Bir kuni Anushervon tanho o‘tirgan edi. Shu orada uning oldiga Yunon, Mu’bad, Xurshid, Buzurgmehr va boshqalar kirib kelishdi. Anushervon ularga qarab dedi:
– Bu katta anjuman bo‘ldi. Kelinglar, har birimiz bittadan hikmatli gap aytaylik, toki so‘zimiz boshqalarga ibrat bo‘lsin! So‘ng Mu’badga qarab:
– Sen nima deysan? – dedi.
Mu’bad dedi:
– Ikki narsa borki, ular bir-biridan yaxshidir. Masalan, hunar bilimdan yaxshi, ish esa so‘zdan afzal. Anushervon:
– Batafsil tushuntir! – dedi. Mu’bad davom etdi:
– Har kimning hunari bo‘lmasa, u quruq devor bilan teng. Har kimning so‘zi chiroyli bo‘lsa-yu, ishi yomon bo‘lsa, foydasiz shamol kabidir.
Anushervon Xurshidga qarab:
– Sen nima deysan? – dedi. Xurshid:
– Jahonda ikki narsa bor, o‘sha ikki narsadan hech narsa yaxshi emas, birinchisi – xursandchilik, ikkinchisi – beozorlik! – dedi. Anushervon:
– Kengroq tushuntir, – dedi. Xurshid:
– Har kim boriga qanoat qilib xursand yashasa, hech kimga ehtiyoji qolmaydi. Kimki hech kimga ozor bermasa, hech kimni xafa qilmasa, hech kimdan xavf yetmaydi! – dedi.
Anushervon Buzurgmehrga qarab:
– Sen nima deysan? – deb so‘radi. Buzurgmehr:
– Ey Anushervon, odamlar quyidagi narsalarga amal qilmasalar, hech qachon xursandchilik yuzini ko‘rmaydilar: masalan, boriga qanoat qilmasa, yetolmaydigan narsasiga intilsa, birovning qo‘lidagi narsaga ta’ma ko‘zi bilan qarasa! – deb javob berdi.
Anushervon undan ham kengroq tushuntirishni so‘radi, u dedi:
– Xursand shunday kishiki, nima topsa, o‘shanga qanoat qiladi, topganiga shukur qilib, umrini g‘amsiz o‘tkazadi. Ta’ma va ochko‘zlik esa o‘z jonini qiynashdir. Ta’magir va ochko‘z kishi hech qachon rost yo‘ldan yurmaydi, hamisha ko‘ngli illatli bo‘ladi. Har kim o‘zini yaxshilik yo‘liga solsa, hamma yomonlikdan omon bo‘ladi, jahonda tinch va osuda yashaydi.
Anushervon Yunonga qarab:
– Sen nima deysan? – dedi. Yunon shunday deb javob qildi:
– Yetti narsa borki, har kim bu yetti narsaga amal qilsa, dunyoda yaxshi otli bo‘ladi. Birinchi – dunyoda donolar maslahati bilan ish qilsa, ikkinchi – o‘z vatanida bo‘lsa, uchinchi – odil bo‘lsa, to‘rtinchi — sabrli bo‘lsa, beshinchi – qaysar bo‘lmasa, oltinchi — foydasidan boshqalarni ham bahramand qilsa, yettinchi — kamtar bo‘lsa!
Anushervon Yunondan ham bu so‘zlarni kengroq tushuntirishini so‘radi. Yunon dedi:
– Maslahat marvaridga o‘xshaydi, odamlarni tosh deb hisoblansa, shu toshlar orasidan birorta marvarid so‘z chiqishi mumkin. Ishni o‘z joyida munosib holda qilmasang, ziyoni yetadi. Odillik bilan ish qilinsa, bu ishga hech kim qarshi chiqmaydi. Sabr va chidam barcha mushkul ishlarni yengish kalitidir. Qaysarlik esa eng yomon illat. Kamtarlik barchaning havasini va hurmatini qo‘zg‘atadigan yoqimli odatdir!
Anushervon bu hikmatlarning hammasini yozib qoldirishga farmon berdi.
Bu hikoyatga ortiqcha ta’rif berishga qalam ham, til ham ojiz, faqat niyat bildirishim mumkin:
Ixlos bo‘stonidan terganingiz dur, yaxshi xislat bo‘lsin. Maxtumquli shoirimiz lutf etganlaridek:
Ixlos bilan bir komilga qo‘l bergan,
Yetar bir manzilga yetmasdan qolmas.
Abdunabi ABDIYEV tayyorladi