Tetiklik sun’iy – zarar haqiqiy
Rang-barang qutilar ustida chaqmoq, qanot yoki portlash rasmi. Bu mahsulotlar «Kuch beradi!», «Uyg‘oq bo‘lasan!», «Qanot chiqaradi!», degan shiorlar bilan yuraklarga kirib bormoqda. Ammo bu chaqmoq qutidagi ichimliklar rostdan ham kuch beradimi? Yo bo‘lmasa, organizmimizdagi tabiiy kuchni asta-sekin o‘g‘irlayaptimi?..
Kofeinli kuch – aldamchi tetiklik
Energetik ichimliklar bir zumda «jon kirganday» his beradi: ko‘z ochiladi, yurak tez uradi, boshga tiniqlik kirgandek bo‘ladi. Ammo bu faqat sun’iy qo‘zg‘alish, xolos.
Mutaxassislar ta’kidlaydiki, bir qutidagi kofein miqdori uch-to‘rt stakan qahvaga teng. Shakar, taurin, sun’iy aromatlar esa yurak va asab tizimini haddan ortiq zo‘riqtiradi. Natijada inson kuch olgandek tuyuladi, ammo bu kuch o‘z zaxirasidan, ya’ni sog‘lig‘idan sarflanadi.
Ko‘plab yoshlar darsga kech qolmaslik, imtihon oldidan diqqatni jamlash yoki kechasi o‘qish uchun bu ichimliklarni tanlashadi. Ammo tong otganda tananing o‘zi «energiya kreditini» qaytarish uchun charchoq, bosh og‘rig‘i va uyqusizlik bilan «to‘lov» talab qiladi.
Yoshlar orasidagi yashirin muammo
Hamma joyda energetik ichimliklar tutgan bir necha yoshni uchratish mumkin. Ular uchun bu oddiy ichimlik, hatto zamonaviylik belgisi.
Lekin bu odat ildiz otmoqda – yurak kasalliklari, qon bosimining o‘zgarishi, asabiylik, uyqusizlik, hatto ruhiy tushkunlikka sabab bo‘layotgani haqida o‘ylaydiganlar kam.
Shifokorlarning ogohlantirishicha, 16-20 yosh orasidagi organizm hali to‘liq shakllanmagan bo‘ladi. Kofein va shakar miqdori yuqori ichimliklar esa bu jarayonni buzadi. Qisqasi, bugun «energiyali» bo‘lish uchun ichilgan bir quti, ertaga yurak muammosiga sabab bo‘lishi mumkin.
Qanotlar emas, qaltislik
Bu ichimliklarning eng kuchli «quroli» – reklama. Jozibali musiqalar, mashhurlar, ijobiy shiorlar… Ammo haqiqat – bu qutilar qanot emas, yurakdagi tinchlikni kesuvchi pichoqqa o‘xshaydi.
Ba’zi mamlakatlarda voyaga yetmaganlarga energetik ichimliklar sotish taqiqlangan. Bizda ham bu masalani o‘ylab ko‘rish kerak. Chunki bolalar uchun mo‘ljallanmagan mahsulotlar endi yoshlar madaniyatining bir bo‘lagiga aylanib bormoqda.
Sog‘lom kuch – ichimizda
Muammoning yechimi taqiqda emas, ongda. Biz sog‘lom energiyani sun’iy idishlardan emas, o‘zimizdan izlashimiz kerak.
Tabiiy yo‘l bilan energiya olish – bu to‘g‘ri ovqatlanish, yetarli uyqu, jismoniy faollik, ijobiy fikr va hayotiy maqsad. Haqiqiy kuch kofeindan emas, o‘z irodasidan kuch olgan insonda yashaydi.
Zeboniso RASULOVA








