Kesarcha kesishdan keyingi tabiiy tug‘uruq xavflimi?

Onalar va bolalar hayoti bilan bog‘liq ko‘rsatkichlar dunyo davlatlari rivojlanish darajasini ko‘rsatib beruvchi indikatorlardan biridir. Yurtimizda ham onalik va bolalikni muhofaza qilish, onalar va bolalar xastaligi hamda o‘limining oldini olish masalalari davlat siyosatining ustuvor vazifalaridan biri qilib belgilangan. Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Xorazm viloyati filiali direktori, tibbiyot fanlari doktori Salomat Matyakubova bilan kechadigan navbatdagi suhbatimiz aynan ana shu mavzuda bo‘ladi.

– Salomat opa, bugungi kunda Res­publika ixtisoslashtirilgan ona v­a bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Xorazm viloyati filiali tomonidan onalik va bolalikni muhofaza qilish borasida yaratilayotgan shart-sharoitlar, jumladan, homilador ayollarni to‘g‘ri tashxislash va davolash, tug‘uruq jarayonlari nazoratini samarali olib borish va sifatli amalga oshirish bilan bog‘liq chora-tadbirlar xususida to‘xtalib o‘tsangiz.

– So‘nggi yillarda markazning Xorazm viloyati filiali faoliyatiga qaratilayotgan yuksak e’tibor, bu yerda yaratilgan ko‘p­lab shart-sharoitlar tufayli reproduktiv davr­dan tortib, skrining davrgacha bo‘lgan tekshiruvlar va samarali tibbiy xizmatlar yo‘lga qo‘yildi. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad balog‘at yoshidagi qizlar salomatligiga ahamiyat qaratish orqali ularning kelajakda sog‘-salomat ayol sifatida turmush qurishi va sog‘lom homilador bo‘lishini ta’minlashdan iborat. Ahamiyatlisi, bugungi kunda filial tomonidan nikohdan oldingi genetik tekshiruv faoliyati olib borilmoqda. Buning natijasida nikohlanuvchi yoshlarda nuqsonli farzandlar tug‘ilish ehtimolini o‘z vaqtida aniqlash imkoniyati yaratildi. Skrining yo‘nalishida ham irsiy kasalliklarni chuqur aniqlovchi, yuqori texnologik yangi tashxis usullari joriy etildi. Filialimizga stotsionar holatda keladigan ko‘plab bemorlar uchun barcha turdagi sifatli tibbiy xizmatlar ko‘rsatilmoqda.Tashxis va davolash jarayonlari to‘liq zamonaviy uskunalar yordamida olib borilib,yuqori tajribaga ega bo‘lgan xorijlik shifokorlarning hamkorligi ham muvaffaqiyatli yo‘lga qo‘yilgan. Shuningdek, homilador ayollar salomatligi to‘g‘ri monitoring qilinib, tug‘uruqqacha bo‘lgan davrda ayollarning tibbiy holati va homilaning rivojlanishi doimiy tekshiruvlar orqali kuzatiladi. Bundan tashqari, homiladorlikning barcha davrlarida ayollarga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatning sifatini oshirish, tug‘uruq jarayonidagi muammolarni bartaraf etish va murakkab holatlarning oldini olish uchun doimiy ravishda yangi metodikalar ham ishlab chiqilmoqda.
Shuni quvonch bilan aytish kerakki, filialimiz mamlakatimizda XTRA (Sorin) avtogemotransfuziya qurilmasini ilk marotaba amaliyotda qo‘llagan ilmiy-amaliy markaz bo‘ldi. Qurilma ko‘p mikdorda qon ketishida yo‘qotilgan qonni to‘plash, tozalash, filtrlash, eritrotsitlarni yuvish va bemorga qayta quyish imkonini beradi. Shuningdek, ushbu texnologiya akusherlikning og‘ir asoratlari, poliorgan yetishmovchilik xavfini kamaytiradi.
Bizning filial sog‘lom avlodni tarbiyalashga yo‘naltirilgan ko‘plab tashabbuslar va aniq chora-tadbirlar bilan faoliyat yuritmoqda. Buning natijasida homilador ayollar va bolalarga to‘g‘ri tashxis, davolash va xizmat ko‘rsatishning sifati yaqqol oshgan, tug‘uruq jarayonlari esa barcha jihatdan xavfsiz va samarali olib borilmoqda.

– Shu o‘rinda kesarcha kesish amaliyoti, operativ tug‘uruq va uning tabiiy tug‘uruqdan afzalliklari va oqibatlari to‘g‘risida to‘xtalib o‘tsangiz.

– Shuni aytish joizki, jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ruxsat bergan me’yorga ko‘ra, jami tug‘uruqlarning 10-15 foizi kesarcha kesish usuli bilan amalga oshirilishi kerak. Biroq, afsuski, ushbu usulda farzand dunyoga keltirish ko‘rsatkichi yildan yilga oshib boryapti.
Kesarcha kesish usulida tug‘uruq uchun absolyut va nisbiy ko‘rsatmalar mavjud. Bachadonda 2 ta chandiqning bo‘lishi, ya’ni 2 marta kesarcha kesish usulidagi tug‘uruq, yo‘ldoshning oldinda joylashishi, ayolda yurak-qon tomir kasalliklari yoki boshqa qo‘yilgan turli diagnozlar bilan kesarcha kesish usulida tug‘ish tavsiya qilinishi mumkin. Bundan tashqari, bolaning holatiga qarab ham kesarcha kesish usulida tug‘uruq tanlanishi mumkin.
Aytish kerakki, tabiiy tug‘uruq vaqti chaqaloq uchun tug‘uruq stressi hisoblanadi va bu payti unda kotexolomin gormoni ajralib chiqishiga sabab bo‘ladi. Bu modda bolaning o‘pka suyuqligi so‘rilishiga yordam beradi. Va bu jarayonda bolaning birinchi yig‘isi, nafas olishi, mushak tonuslari faollashishi, reflekslari paydo bo‘lishi sodir bo‘ladi.
Ko‘pchilik onalarning fikricha, kesarcha kesish orqali tug‘ilgan bolalar sog‘lomroq bo‘ladi. Ammo shifokorlar ushbu fikrni inkor qildi, bolalarning sog‘ligi uning qanday usulda tug‘ilganiga bog‘liq bo‘lmaydi. Aksincha, bola uchun tabiiy tug‘uruq xavfsizroq. Chaqaloq tabiiy tug‘uruq bilan tug‘ilsa, ona unga stressga qarshi gormonlar beradi. Mana shu gormonlarni olmaslik, bola uchun yaxshi emas. Chaqaloq tug‘ilgach, bir sutkagacha uning buyragi, uch kungacha esa jigari ishlamaydi. Ichaklari esa nihoyatda nozik bo‘ladi. Bu paytda bolaga onasi yuborgan stressga qarshi gormonlar juda foydali.
Kesarcha kesish usulida nechtagacha farzand dunyoga keltirish har bir ayolning holatiga qarab individual tarzda baholanadi. Lekin eng muhimi, ayol kamida uch yil o‘z sog‘ligini tiklab olish uchun tug‘uruq oralig‘ini saqlashi kerak. Operativ yo‘l orqali farzand dunyoga keltirish ham tug‘uruqning bir usuli. Lekin bu usulda tug‘ilishning ko‘payishi keyingi avlod sog‘ligiga ta’sir qilishi mumkin. Buning oldini olish uchun onalar sog‘lig‘iga e’tiborli bo‘lishi, homiladorlikka alohida tayyorgarlik ko‘rishi, farzandli bo‘lgach esa bolasining immunitetini oshirish ustida ishlashi kerak. Bundan tashqari, ikki yil davomida ona suti bilan oziqlantirish, to‘g‘ri parvarish qilish orqali ham bola sog‘ligida paydo bo‘lishi mumkin bo‘lgan xavflarning oldini olish mumkin.

– Sizga ko‘pchilik ayollarni nihoyatda qiziqtiradigan savol bilan yuzlansam. Dastlabki operativ tug‘uruqlar oqibatida bachadonda qolgan chandiq bilan kechadigan navbatdagi tabiiy tug‘uruq qay darajada xavfli?

– Aksariyat homilador ayollarimiz bachadonda o‘tkazilgan kesarcha kesish amaliyotidan keyingi chandiq bilan navbatdagi homiladorlikni faqat operativ yo‘l bilan yakunlash mumkin, degan fikrda bo‘ladilar. Aslida esa unday emas. Dunyo tibbiyotida to‘p­langan tajribaga ko‘ra, kesarcha kesishdan so‘ng tabiiy tug‘uruqning 60 dan 85 foizgacha me’yoriy ekanligini tasdiqlaydi. Ya’ni tahlillarga asosan, har 10 ta kesarcha kesish amaliyotini boshdan o‘tkazgan ayollarning 6 tasi tabiiy tug‘ruq bilan farzandini dunyoga keltirishi mumkin. Demak, ushbu amaliyotni o‘tkazgan ayollardagi homiladorlikni tabiiy tug‘uruqqa yo‘naltirishimiz uchun biz, albatta, homilador ayolning tabiiy tug‘uruq faoliyati boshlanishini kutishimiz lozim. Va bu muddatgacha bo‘lgan davrda ultratovush tekshiruvi yordamida bachadondagi chandiqning qalinligi bevosita aniqlanib boriladi. Shuningdek, ayolda homiladorlikning kechishi, ayolning psixologik holati, homilaning shakllanishi va rivojlanishi, yuqorida ko‘rsatilgan barcha parametrlarning tug‘uruq faoliyatiga to‘g‘ri kelishi bevosita kesarcha kesish amaliyotidan keyin, ya’ni chandiqli bachadon bilan ham ayolni tabiiy tug‘uruqqa yo‘naltirish mumkinligini ko‘rsatib beradi. Agar kesarcha kesishni boshidan o‘tkazgan ayol tabiiy tug‘uruqni amalga oshirmoqchi bo‘lsa, tabiiy jarayonni kutishi kerak. Hozirda shifoxonalarda oldindan yotish imkoniyati mavjud. Bo‘lajak ona hech qanday muolajalarsiz kasalxonada bo‘lishi va tug‘uruq kunini shifokor nazoratida kutishi mumkin.


Kesarcha kesishdan keyin ayolning tabiiy tug‘urug‘i hal qiluvchi ahamiyatga ega. Shuni yodda tutish kerakki, tabiiy tug‘uruqda avval kesarcha yuz bermagan bo‘lsa ham, bir qator muammolar mavjud. Ya’ni homilaning ko‘ndalang yoki qiyshiq holati va bosh­qa qiyinchiliklar yuzaga kelishi mumkin. Qarama-qarshi ko‘rsatmalar bo‘lmasa, tug‘uruq tabiiy yo‘l orqali amalga oshiriladi. Agar asoratlar yuzaga kelsa, tug‘uruq usulini o‘z vaqtida hal qilish kerak.

– Mazmunli suhbat uchun katta rahmat!

Gulnoza UMIROVA suhbatlashdi

Vam mojet takje ponravitsya...

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: