Ustuvor, ulug‘vor maqsad
Vatanimizning yanada ravnaq topishi bevosita farzandlarimizga bog‘liq. Shu bois ularning sog‘lom va barkamol ulg‘ayishi davr talabidir. Bu borada har bir ota-ona doim bolalarining kelajagini ko‘zlab harakat qiladi, uning iqbolini tilab yashaydi.
Prezidentimiz O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 21 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimda so‘zlagan “Amalga oshirayotgan islohotlarimizni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyati qurish – yorug‘ kelajagimizning asosiy omilidir” nomli ma’ruzasida har tomonlama sog‘lom avlodni voyaga yetkazish borasidagi ishlarni izchil davom ettirish va yuksak bosqichga ko‘tarishga doir maqsad va vazifalarni belgilab berdilar.
Ushbu ma’ruzada sog‘lom bolani dunyoga keltirish, uni voyaga yetkazishning bir necha omillari ko‘rsatilib, tahlil etilgan. Jumladan, ma’ruzada “Birinchidan, sog‘lom bola – avvalo sog‘lom va ahil oilaning mevasidir”, deyiladi. Shuningdek, bu borada sog‘liqni saqlash tizimining o‘rni va ta’siri, shu bilan birga, mas’uliyati katta ekani, ta’lim-tarbiya va sportning o‘rni, uning ta’sirini yanada kuchaytirish lozimligi, farzandlarimizni sog‘lom va barkamol qilib voyaga yetkazish, davlatimiz, jamiyatimizning e’tibor markazida turishi, olib borayotgan siyosatimizning ustuvor yo‘nalishi bo‘lib qolishi shartligi ta’kidlab o‘tildi. Qolaversa, sog‘lom bola tarbiyasida mahalla va ijtimoiy tuzilmalarning munosib o‘rni hamda ta’siri borligi haqida alohida fikr yuritildi.
Darhaqiqat, oila mustahkamligi, totuvligi, uning barkamol rivojlanishi davlatimiz taraqqiyotini belgilovchi bosh omillardan biri hisoblanadi.
Shuningdek, davlat va jamiyatning rivojlanishi, taraqqiy etishi uchun oila ham ma’lum ma’noda mas’ul. Davlatimiz tomonidan oila va uning sub’yektlariga nisbatan voyaga yetgan va voyaga yetmaganlikdan qat’iy nazar juda keng miqyosda moddiy va ma’naviy imtiyozlar berilgan. Shu jihatdan oilaning davlat hamda jamiyat oldidagi vazifalari quyidagilardan iborat:
– oilani qonunda belgilangan asos va tartibda vujudga keltirish va uni mustahkamlash;
– oilaning siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlardagi ishtirokini kengaytirish va uni to‘g‘ri tashkil etish;
– davlatning kelajagi, oila mevasi – sog‘lom bolani vujudga keltirish;
– farzandlarni har tomonlama yetuk insonlar sifatida tarbiyalash;
– har bir oila a’zolarining davlat va jamiyat oldidagi fuqarolik burchlari va vazifalarini to‘liq anglab yetishlari zarurligini uqtirish.
Onalik va bolalikni muhofaza qilish borasida respublikada qator chora-tadbirlar amalga oshirildi. Jumladan, “Ona va bola”, “Sog‘lom avlod”, “Barkamol avlod”, “Ijtimoiy himoya”, “Yoshlar”, “Mustahkam oila” va nihoyat “Sog‘lom bola yili” deb atalgan yillar va ular bo‘yicha qabul qilingan Davlat dasturlari, bu yo‘nalishdagi Prezident farmonlari hamda qarorlarining ijrosini ta’minlash masalalari shu yo‘nalishdagi ishlar yaxshi tashkil etilganligidan dalolat beradi. Istiqlol yillarida onalar va bolalarning alohida muhofaza sub’yektiga aylantirilgani oilaning mustahkamligiga, avlodlar davomiyligini taminlashga, sog‘lom avlodni shakllantirish talablarini bajarishga undaydi.
Zamira ESONOVA,
yuridik fanlari doktori