Maroqli kun
Bugun dam olish kuni. Sevara va Akmal uyda nima qilishni bilmay rosa zerikishdi. Ota-onasi ularning vaqti mazmunli o‘tishi uchun madaniy hordiq tashkillashtirishga qaror qildilar.
Ular hayvonot bog‘iga yetib kelgach, turli-tuman jonivorlarni birma bir tomosha qilishdi: baliq, maymun, to‘ti, yo‘lbars, tuya, quyon, zebra…
Sevara ularni kuzatgancha savol berdi:
– Dada, aytingchi, ular bu yerda zerikishmaydimi?
– Jonivorlar o‘zlariga yoqqan mashg‘ulotlar bilan band bo‘lishadi. Masalan, echkilar tepaliklarda sakrashni yaxshi ko‘rishadi. Maymunlar arqonga osilib o‘ynashadi, begemotlar suv ichiga sho‘ng‘iydi.
– Odamlar ham sevimli mashg‘ulotlari bilan band bo‘lsa, vaqtlari mazmunli va unumli o‘tadi, – qo‘shimcha qildi onasi. – Xo‘sh, bolalar, sizlarning sevimli mashg‘ulotingiz nima?
Akmal o‘ylanib javob berdi:
– Men futbol o‘ynashni yaxshi ko‘raman. Yana rasm chizishni ham.
– Men esa raqs tushishni va kashtachilikni yoqtiraman. Demak, bular sevimli mashg‘ulotimiz hisoblanarkanda?
– Albatta. Har bir odam bolalikdan qandaydir hunar yoki sport bilan band bo‘lishni yoqtiradi va bu odat bir umr davom etadi. Inson ana shu ishning ustasiga aylansa, ko‘plab muvaffaqiyatlarga erishadi, – dedi dadasi.
– Masalan, men bolalikdan mutolaaga qiziqardim, do‘kondan kitoblar sotib olardim. Mana, hozir uyimizda katta kutubxona hosil bo‘lgan. U sizlarga ham as qotyapti, – dedi onasi kulib.
Bolalar jonivorlarni kuzatar ekan, har biri o‘z uychasida sevimli mashg‘uloti bilan band ekanliklariga guvoh bo‘lishdi. Yumronqoziq yer qazirdi, fil xartumiga suv to‘ldirib ustidan separdi, ayiq umbaloq oshib o‘ynardi.
Sayohatdan so‘ng ular uyga qaytdilar va o‘zlari yaxshi ko‘rgan mashg‘ulotga kirishib ketdilar. Dadasi hovlidagi gul ko‘chatlarini parvarishladi. Onasi esa sevimli gazeta-jurnallarini mutolaa qildi. Sevara kashtado‘zlik, Akmal surat chizish bilan band bo‘ldi. Oilaning dam olish ana shunday mazmunli o‘tdi.
Feruzbek Baxtiyorov