Byudjet mablag‘lari – qat’iy nazorat ostida

Byudjet mablag‘laridan oqilona foydalanish mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar samaradorligini oshirish, tinchlik va barqarorlikni mustahkamlash, shuningdek, aholi hayot darajasi va farovonligini yanada yaxshilashda katta ahamiyatga egadir.

O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasi va Moliya vazirligining hamkorlikdagi ishlari dasturiga asosan byudjet tashkilotlarining byudjet intizomiga rioya etishiga oid nazorat-tahlil tadbirlari tizimli ravishda amalga oshirilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasi va Moliya vazirligi yuqorida qayd etilgan dastur ijrosini ta’minlash maqsadida 2013 yilning to‘rtinchi choragida respublika va mahalliy byudjet tomonidan moliyalashtiriladigan o‘n to‘qqizta tashkilotda rejali tekshiruv o‘tkazdi.

Respublika ixtisoslashgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida o‘tkazilgan tekshiruv chog‘ida mijozlarga imtiyozli tibbiy xizmat ko‘rsatish uchun ajratilgan byudjet mablag‘laridan foydalanish, pulli tibbiy xizmatlar tariflarini qo‘llash, ovqatlanish uchun tasdiqlangan hisob-kitobga rioya etish, ish haqi to‘lash va boshqa holatlar yuzasidan moliyaviy huquqbuzarliklar aniqlandi.

Xo‘jalik hisobi asosida tashkil etilgan 20 o‘ringa mo‘ljallangan “Endokrinologiya” va 16 o‘ringa mo‘ljallangan “Neyroxirurgiya” bo‘limlari ta’minoti uchun 246,5 million so‘mlik byudjet mablag‘lari ortiqcha sarflangan.

Bemorlarni oziq-ovqat bilan ta’minlash korxonasi tuzilgan shartnoma va tasdiqlangan hisob-kitob shartlarini buzgan holda bemorlarga 155,6 million so‘mlik oziq-ovqat mahsulotlari kam bergan, oziq-ovqat mahsulotlarini qimmat narxda sotib olish oqibatida 22,3 million so‘mlik byudjet mablag‘i ortiqcha sarflangan.

Bundan tashqari, bemorlarni boshqa fuqarolar nomiga rasmiylashtirilgan imtiyozli orderlar bo‘yicha davolash holatlariga ham yo‘l qo‘yilgan.

Jizzax viloyatida mahalliy byudjet ijrosini ta’minlash bo‘yicha o‘tkazilgan nazorat-tahlil tadbirlari qiymati 159,5 million so‘mlik soliq va boshqa majburiy to‘lovlar qo‘shimcha hisoblanganini ko‘rsatdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 1998 yil 10 noyabrda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash tizimini isloh qilish Davlat dasturi to‘g‘risida”gi farmonining o‘zini o‘zi mablag‘ bilan ta’minlashga o‘tish qismida belgilangan talablar Jizzax viloyati sog‘liqni saqlash muassasalari tomonidan to‘liq bajarilmagan.

Pulli tibbiy xizmatlar ko‘rsatish zarur bo‘lgan hollarda viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida byudjet mablag‘lari hisobidan 674,6 million so‘mlik, oftalmologiya shifoxonasida 434,4 million so‘mlik, Jizzax shahar tibbiyot birlashmasida 1166,5 million so‘mlik tibbiy xizmatlar ko‘rsatilgan.

Tekshiruv o‘tkazilgan beshta kasb-hunar kollejida shtat birliklarini asossiz ravishda ko‘paytirish evaziga qiymati 275,9 million so‘mlik byudjet mablag‘lari ortiqcha sarflangan.

Yana o‘qing:  Gigiyenaga amal qilish gijjalardan asraydi: “pakana” gijja

Shu bilan birga, ta’til va mukofot pulining noto‘g‘ri to‘lanishi oqibatida byudjetga 76,7 million so‘m zarar yetkazilgan.

Xususan, Baxmal tumanidagi Kompyuter texnologiyalari kasb-hunar kollejida o‘qituvchilarni moddiy rag‘batlantirish va ularga mukofot pulini to‘lashda 58,2 million so‘m noqonuniy sarflangan. Shundan kollejning o‘n nafar o‘qituvchisi nomiga yozilgan 4,6 million so‘mni kollej direktori A.Xonimqulov shaxsiy ehtiyojlari uchun ishlatib yuborgan.

Shuningdek, o‘qituvchilarga o‘tilmagan dars soatlari uchun ish haqi yozilishi, o‘qituvchilarning malaka toifasi noto‘g‘ri hisoblanishi va boshqa qonunbuzarliklar oqibatida 111,1 million so‘mlik byudjet mablag‘lari ortiqcha sarflanishiga yo‘l qo‘yilgan.

Pudrat tashkiloti Jizzax tumani obodonlashtirish boshqarmasi tarkibiga kiradigan “Uchtepa”, “Oqtosh” va “Hazrati Bilol” qabristonlarini kapital ta’mirlashda bajarilgan ishlar hajmini 21,6 million so‘mga oshirib ko‘rsatgan.

Do‘stlik tumani obodonlashtirish boshqarmasi faoliyatida jami qiymati 61,2 million so‘mlik noqonuniy xarajatlar amalga oshirilgani, bajarilgan ishlar hajmi oshirib ko‘rsatilgani, xo‘jaliklararo ichki yo‘llarni joriy ta’mirlashda ishlar sifatsiz bajarilgani aniqlandi.

Davlat byudjeti va maqsadli jamg‘armalar mablag‘lari hisobidan ijtimoiy ob’yektlar qurish, rekonstruksiya qilish va ta’mirlash ishlari hajmi 85,6 million so‘mga oshirilgani va sifatsiz bajarilgani aniqlandi.

Bundan tashqari, umumiy foydalaniladigan avtomobil yo‘llarini ta’mirlash, ularni saqlash va tabiiy ofatlar oqibatlarini bartaraf etish uchun ajratilgan mablag‘larni sarflashda ish hajmi oshirib ko‘rsatilgan hamda sarf-xarajatlar asossiz ravishda 973,6 million so‘mga oshirilgan.

Sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilashga qaratilgan tadbirlar bo‘yicha o‘tkazilgan nazorat-tahlil ishlari jarayonida bajarilgan ishlar hajmi 26,3 million so‘mga oshirilgani aniqlandi. Bundan tashqari, “Uchtepamaxsussuvta’mir” sho‘ba korxonasi hisobiga bajarilmagan ta’mirlash-qayta tiklash ishlari uchun 41 million so‘m asossiz o‘tkazilgan.

Shu bilan birga Jizzax viloyatida Qishloq joylarda namunaviy loyihalar bo‘yicha yakka tartibdagi uy-joylar qurilishi davlat dasturini bajarishda ham qator huquqbuzarlik va kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgani aniqlandi. Qiymati 1,9 milliard so‘mlik qurilish-montaj ishlari o‘z vaqtida bajarilmagan, 8 tumanning 9 massivida davlat komissiyalari tomonidan foydalanish uchun qabul qilib olingan uy-joylarda 19 pudratchi tashkilot 1,2 milliard so‘mlik qurilish-montaj ishlarini bajarmagan.

O‘zbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi hamda uning tarkibiy bo‘limlarida o‘tkazilgan nazorat-tahlil tadbirlari natijasida 2012 yilgi geologiya-qidiruv ishlari dasturi doirasida ajratilgan mablag‘lardan davlat byudjetiga foydalanilmagan 259,7 million so‘m qaytarildi.

Yana o‘qing:  KOLLEJDAGI SOFLOM MUHIT

Geologiya-qidiruv ishlari dasturida belgilangan vazifalar ijrosi uchun import texnikani yetkazib berish bo‘yicha shartnoma majburiyatlarining o‘z vaqtida bajarilmagani, shuningdek, dasturda ko‘zda tutilmagan ehtiyot qismlar xarid qilingani oqibatida 1,4 milliard so‘m ortiqcha sarflangan.

Geologiya-qidiruv ishlari dasturiga kiritilgan ob’yektlarda bajarilgan ishlar hajmini tekshirish chog‘ida “Kompleks geologiya-suratga olish qidiruv ekspeditsiyasi” davlat korxonasida ushbu ishlar hajmi 92,1 million so‘m, “Qoraqalpog‘iston geologiya-suratga olish qidiruv ekspeditsiyasi” davlat korxonasida 759,2 million so‘m, “Sharqiy O‘zbekiston geologiya-suratga olish qidiruv ekspeditsiyasi” davlat korxonasida 66,2 million so‘m, “Janubiy O‘zbekiston geologiya-suratga olish qidiruv ekspeditsiyasi” davlat korxonasida 33,9 million so‘mga oshirib ko‘rsatilgani aniqlandi.

Hisob palatasi va Moliya vazirligi tomonidan o‘tkazilgan nazorat-tahlil tadbirlari yakunlari bo‘yicha materiallar aniqlangan moliyaviy huquqbuzarlik va kamchiliklar tahlili bilan birga huquqni muhofaza qilish organlariga topshirildi.

Byudjet intizomiga rioya etish va byudjet mablag‘laridan maqsadli foydalanish mamlakatimizda ijtimoiy-iqtisodiy, ma’naviy-madaniy, sport va boshqa sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlar izchilligi hamda samaradorligini ta’minlash, shuningdek, mamlakatimizni har tomonlama rivojlantirishda muhim o‘rin tutadi.

Byudjet tashkilotlari rahbarlari va moliya organlari xodimlari byudjet, demak, xalq mablag‘laridan samarali, maqsadli va manzilli foydalanish uchun mas’uldir.

Shuningdek, xalq mablag‘lariga nisbatan har qanday noqonuniy holat uchun qonunga muvofiq qat’iy javob berishga to‘g‘ri kelishini ham esdan chiqarmasligi darkor.

O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasi

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining nazorat-taftish Bosh boshqarmasi

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: