Pampersning foydasi kattami yoki…
Pamperslar paydo bo‘lishi bilan yosh onalar hayoti ancha yengillashdi desak xato qilmaymiz. Endi kuniga 10 marta bolaning tagini almashtirib, yuvishning hojati qolmaydi. Bundan tashqari, kechasi bola tagini xo‘llab qo‘ysa ham ota-onasi va o‘zining shirin uyqusini buzmaydi. Xullas, pampersning foydali tomonlari juda ko‘p. Lekin bunday tagliklar bola sog‘lig‘i uchun xavfli, degan gap ham yo‘q emas.
An’anaviy tagliklar pamperslardan foydalimi?
Bu noto‘g‘ri mulohaza. Chunki matoli taglik namlikni shimib olish xususiyatiga ega emas. Bunday taglik bolaning terisini quruq saqlay olmaydi, qolaversa, mato namlansa, yumshoqligini yo‘qotadi. Natijada bolaning terisi qizarib, achishishi mumkin. Zamonaviy pamperslar namlikni o‘ziga tortib olib, bolaning terisini quruq saqlaydi. Agar undan to‘g‘ri foydalanib, har 3-4 soatda almashtirilib turilsa, bola hech qanday zarar ko‘rmaydi.
Bolaning oyog‘ini qiyshaytiradimi?
Malakali mutaxassislarning ta’kidlashicha, pamperslar bolaning to‘g‘ri o‘sishiga xech qanday zarar ko‘rsatmaydi. Qolaversa, pamperslar oyoq va son bo‘g‘imlariga xalaqit qilmaydi.
Teri «nafas olmaydimi?»
Bilsangiz, sifatli pamperslar havo o‘tkazish xususiyatiga ega. Ular boshqalardan narxi va ko‘rinishi bilan ajralib turadi. Lekin har qancha sifatli va qimmat pampersdan foydalansangiz ham, har safar uni almashtirayotganda kamida yarim soat bolaning terisiga dam berishga odatlaning.
O‘g‘il bolalar uchun xavflimi?
Onalar o‘rtasida «o‘g‘il bolaga pampersni ko‘p kiydirish kelajakda bepushtlikni keltirib chiqaradi» degan gap yuradi. Aslida-chi? Aynan shu mavzuda izlanish olib borgan olimlar allaqachon pampersning o‘g‘il bolaning salomatligiga hech qanday zarar qilmasligini isbotlab berishgan. Agar pampers kiydirish va gigiyena qoidalariga to‘g‘ri amal qilinsa, albatta.
Qizlar uchun-chi?
Yuqorida aytilganidek, pamperslar o‘g‘il bolalar uchun katta xavf keltirmaydi, ammo qizlarga kelganda undan ehtiyotkor bo‘lish talab qilinadi. Negaki, e’tiborsizlik tufayli go‘dakda sistit va boshqa virusli kasalliklar paydo bo‘lishi hech gap emas. Shuning uchun, mutaxassislar har gal qiz bolaning tagligini almashtirayotganda uni, albatta, yuvintirish kerakligini ta’kidlashadi. Shunday ekan, nam salfetkani chetga surtib, suvni iliting va shirintoyingizni yuvintirishga odatlaning.
Necha yoshgacha kiyiladi?
Ma’lum bo‘lishicha, bola 12-20 oyligidan boshlab tuvakka o‘tirish darajasiga yetadi. Aynan mana shu paytda u o‘zining xatti-harakatlariga nisbatan javobgarlik seza boshlaydi. Ammo bu bola 1 yoshidan boshlab, pampers bilan butunlay xayrlashishi kerak degani emas. Bolaning necha yoshigacha pampers kiyishi yoshiga emas, boshqa narsaga bog‘liq. Masalan, bolani kunduzi tuvakka o‘tirg‘izish mumkin, lekin tunda tagi ho‘l bo‘lib bezovtalanmasligi uchun esa pampersdan foydalanish o‘rinli. Bunday holatda bola qachonki ertalab tagi to‘liq quruq bo‘lib uyg‘onsa, shunda pampers bilan xayrlashsa bo‘ladi. Yana bir holat: ayrim bolalar pampersda o‘zini yaxshi his etmaydi va kiyganda ko‘p bezovtalanadi, mana shunday vaziyatlarda pampersdan iloji boricha ertaroq qutulish tavsiya etiladi. Shuningdek, juda faol bolalarni pampersdan erta ajratish maqsadga muvofiq.
Muddatga e’tibor bering
Pampersdan foydalanishning kunduzgi normasi 2-3 soatni tashkil qiladi. Bordiyu, bola 1 soatda tagini to‘ldirib qo‘ysa, unda darhol boshqasiga almashtirish kerak bo‘ladi. Uyqu paytida yuqorida belgilangan muhlatga atigi bir soat qo‘shish mumkin. Mabodo, bola tagi namligini sezmay uxlashda davom yetsa, uni uyg‘otmay turib ham tagini almashtirish mumkin.
Almashtirganda…
Bolani har safar toza havoga olib chiqishdan oldin va uyga qaytgandan so‘ng, uxlashidan oldin va keyin tagligini almashtirishni qoidaga aylantiring. Pampersdan belgilangan vaqtdan ziyod foydalanmang. Bu tavsiya ko‘proq pampersni tejash maqsadida «to‘lishini» kutadigan onalarga tegishli. Hozir do‘konlarda bolalar uchun maxsus ishlab chiqarilgan nam salfetkalar soni va turi juda ko‘p. Esingizda bo‘lsin, har qanday qimmat va o‘ta sifatli nam salfetka baribir toza iliq suv o‘rnini bosa olmaydi. Shu sabab bunday vositalardan iloji boricha kamroq foydalaning. Foydalangan taqdirda ham salfetkaning tarkibini o‘rganib chiqishga erinmang. Bolalar gigiyenasi uchun mo‘ljallangan salfetkaning tarkibida kremi borlaridan foydalanmagan ma’qul.
«Havo vanna»laridan foydalaning
Har gal pampersni almashtirayotganda, bolaning terisiga paxta yog‘i yoki oddiy zaytun moyini surting va 10-20 daqiqa quyosh nuri tushadigan joyda olib o‘tiring. Ana shu vaqt mobaynida bolaning terisiga diqqat bilan razm solib, qizil dog‘lar yoki pampersdan qisilgan izlar yo‘qligiga ishonch hosil qiling. Bordi-yu, pampers bolaning sonlarini qisayotgan bo‘lsa, uni bir o‘lcham kattasiga almashtiring.
Qachon voz kechish kerak?
– Bola tuvakka o‘rgangan bo‘lib, kunduzi to‘liq undan foydalansa;
– Undan tashqari (sayr chog‘ida yoki mehmonga borganda) hojatga chiqmoqchiligini ayta olsa;
– Kechasi hojatga borish uchun uyg‘onsa yoki aksincha bunga hojat sezmasa.
Yodda tuting: qachonki bolangiz:
– hali pampersga ehtiyoj sezib, uyqudan tagi ho‘l bo‘lib uyg‘onsa;
– endigina tuvakka o‘rganib, ammo ba’zida unga yetib borishga ulgurmay qolsa;
– Uyqudan tashqari, sayrda yoki mehmonga borganda hojatga chiqishi kerakligini ayta olmasa pampersdan voz kechishga shoshilmang…
Gulhayo MUSTAFOYEVA tayyorladi