Oyoq tomirlari ko‘karsa…
Qon-tomir muammolari butun dunyoda keng tarqalgan kasalliklar sirasiga kiradi. Ayniqsa, keyingi paytlarda ko‘pchilik insonlarda varikoz xastaligi tez-tez uchramoqda. Xo‘sh, buning asosiy sababi nima? Xastalikning kelib chiqishiga qanday omillar sabab bo‘ladi?
Aytish lozimki, ayrim kishilar varikozni faqat estetik muammo, deb o‘ylaydi. Biroq kasallikka o‘z vaqtida e’tibor berilmasa, salomatlik uchun jiddiy xavf tug‘dirishi mumkin!
Mazkur xastalikka ko‘proq ayollar moyil bo‘ladi. Buning asosiy sababi esa homiladorlikdir. Ya’ni ularda 25-45 yoshlar oralig‘ida varikoz ko‘p kuzatiladi. Qolaversa, erkaklar ham 45-50 yoshlarda ushbu kasallikka chalinishga moyil bo‘ladi.
Ma’lumki, vena qon tomirlari organizmda qon aylanishini ta’minlaydi. Biroq yuza venalarining kengayishi, klapanlar yaroqsizligi va venoz qon oqishining buzilishi sababli venalarning varikoz kengayishi kuzatiladi.
Xastalikning kelib chiqishiga irsiyat, uzoq muddat tik oyoqda turish, homiladorlik (bachadonning boshqa organlarga kuchli bosimi, qon tomirlarini siqishi), semirish, biriktiruvchi to‘qimaning tug‘ma zaifligi, kam harakatlik, gormonal dorilarni qabul qilish, gormonal o‘zgarishlar, endokrin kasalliklar, yuqori venoz bosim, surunkali kasalliklarning rivojlanishi kabi bir qancha omillar sabab bo‘lishi mumkin.
Venalarning varikoz kengayishida bir necha bosqich farqlanadi.
Ilk bosqichda ish kunidan so‘ng oyoqlarda og‘irlik va charchoq, kech tushgandan keyin to‘piq, oyoq va pastki oyoqning shishi kuzatiladi. Bunday holda barcha alomatlar tungi dam olishdan so‘ng yoki faol yurishdan keyin yo‘qoladi.
Shuningdek, oyoqlarning tez toliqishi, boldir sohasida venoz tugunchalar paydo bo‘lishi, tik turganda venalarning bo‘rtib chiqishi, teri qichishishi va ekzemasimon dermatit hamda boshqa qator belgilar rivojlanadi. Agar ularga o‘z vaqtida e’tibor berilmasa, boldir sohasida trofik yaralar paydo bo‘lishi, o‘tkir tromboflebit, varikoz tugunining yorilib qon ketishi, hatto, o‘lim holati kuzatilishi mumkin.
Shu bois kasallikning dastlabki alomatlari paydo bo‘lganda darhol shifokor (qon tomir jarrohi)ga murojaat qilish kerak.
Xastalikka chalinmaslik uchun vaznni me’yorda saqlash, sog‘lom turmush tarziga rioya qilish, surunkali ravishda jismoniy zo‘riqishdan va uzoq vaqt tik oyoqda turishdan himoyalanish, tor kiyim va baland poshnali poyabzal kiymaslik tavsiya etiladi.
Yodda tuting – har qanday xastalikni uy sharoitida mustaqil davolagandan ko‘ra mutaxassis tavsiyasi bilan davolash maqsadga muvofiqdir.
Alisher DAVRONOV,
RSHTYOIM Navoiy filiali
davolash ishlari bo‘yicha
direktor o‘rinbosari