Vasiylik va homiylik

u qanday amalga oshiriladi?

2014 yil 2 yanvarda qabul qilingan “Vasiylik va homiylik to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni rasmiy e’lon qilingan kunidan e’tiboran olti oy o‘tgach kuchga kiradi. Ushbu huquqiy hujjat, ijtimoiy siyosat davlatimiz siyosatining ajralmas bir qismi ekanini o‘zida ifoda etadi. Uning hayotga joriy etilishi sog‘lom bola yilida sog‘lom turmush tarzini yuksaltirishga munosib hissa qo‘shadi. Unda bolalarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash hamda aholining ijtimoiy zaif qatlamlarini, murakkab hayotiy vaziyatga tushib qolgan yoki yuzaga kelgan holatlar natijasida davlat va jamiyat tomonidan alohida himoya va ko‘makka muhtoj shaxslarga g‘amxo‘rlik qilish huquqiy normalari belgilab qo‘yilgan. Ushbu mavzuda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati Oysha Oxunova bilan suhbatlashdik.

– Bugungi kunda homiylik va vasiylik yo‘nalishidagi huquqiy munosabatlar, asosan O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksi, Oila kodeksi, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1999 yil 12 apreldagi qarori bilan tasdiqlangan “Vasiylik va homiylik to‘g‘risida”gi Nizomda va boshqa me’yoriy hujjatlar bilan tartibga solinayotgan edi. Alohida qonunning vujudga kelishidan asosiy maqsad nima?

– O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 65-moddasida “Onalik va bolalik davlat tomonidan muhofaza qilinadi”, deb nazarda tutilgan, 64-moddaga muvofiq “Davlat va jamiyat yetim bolalarni va ota-onalarning vasiyligidan mahrum bo‘lgan bolalarni boqish, tarbiyalash va o‘qitishni ta’minlaydi, bolalarga bag‘ishlangan xayriya faoliyatlarini rag‘batlantiradi”, deb ta’kidlangan. O‘zbekiston Respublikasining har bir qonuni ana shu asosiy qomusimizdan kelib chiqadi. Shuningdek, zamon talablaridan kelib chiqib, ushbu sohada islohotlar o‘tkazishdir.

Yuqorida qayd etilgan me’yoriy hujjatlarda yetishmayotgan huquqiy normalarni sanaydigan bo‘lsak, eng avvalo, vasiylik va homiylik organi tushunchasiga ta’rif berilmagan edi. Shuningdek, vasiylik va homiylik masalalari hamda uni amalga oshirish mexanizmlari yetarli darajada tartibga solinmagandi. O‘zbekiston Respublikasi Oila Kodeksi tomonidan tartibga solish predmeti doirasiga kirmagan vasiylik va homiylikka muhtoj shaxslarni joylashtirish shakllari ham chegaralangandi.

Shuningdek, amaldagi qonun hujjatlarida vasiylik va homiylikka muhtoj shaxslarning barcha toifalariga, ayniqsa, sud tomonidan muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan deb, topilgan shaxslarga, shuningdek, sog‘lig‘i tufayli homiylikka muhtoj voyaga yetgan shaxslarga vasiylik va homiylik qilish masalalari hamda mexanizmlari yetarli darajada tartibga solinmagan va belgilanmagan edi.

Yana o‘qing:  Eng mitti kompyuter yaratildi

Bugungi kunda mamlakatimizda ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan voyaga yetmaganlarni joylashtirishning to‘rtta shakli mavjud: farzandlikka olish, vasiylik va homiylik, biror oilaga tarbiyaga berish (patranat).

Voyaga yetgan muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan, shuningdek, muomalaga layoqatli, faqat sog‘lig‘i tufayli homiylikka muhtoj shaxslarni joylashtirishning ikkita shakli mavjud. Bunday holatlarda vasiylik va homiylikka muhtoj voyaga yetgan shaxslarni joylashtirishning asosiy shakli sifatida O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda O‘zbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi tasarrufidagi muassasalarga topshirish belgilangan. Ushbu holat oila munosabatlarining, milliy qadriyat va an’analarning mustahkamlanishiga o‘zining salbiy ta’sirini ko‘rsatadi, aksariyat hollarda vasiylik va homiylikka muhtoj shaxslarning yaqinlari va qarindoshlari mas’uliyatsizligiga olib keladi.

Yuqorida qayd etilgan holatlarda vasiylik va homiylik bilan bog‘liq munosabatlarni huquqiy jihatdan qayta ko‘rib chiqishni va ularning umumiy muvofiqlashtirish zaruratini yuzaga keltirgan edi. Bugungi kun talablaridan kelib chiqqan holda vasiylik va homiylik instituti uchun huquqiy me’yorlarning mazmunini umumiy bo‘lgan tamoyillar asosida belgilash talab etilgani tufayli yangi qonun vujudga keldi.

Xullas, bugungi kun talablariga muvofiq vasiylik va homiylik institutining ehtiyoji ularning mazmun-mohiyatini butun institut uchun umumiy bo‘lgan prinsiplar bilan qamrab olishni talab etadi.

– Vasiylik va homiylik instituti nafaqat vasiy yoki homiyning huquq va majburiyatlarini, ayni paytda vasiylik va homiylikka olinganlarning hamda vasiylik va homiylik organlarining huquq, majburiyat va javobgarliklarini belgilovchi normalarni ham o‘z ichiga olganligi ayni muddao bo‘libdi…

– Ushbu me’yorlar turli qonun hujjatlarida o‘z ifodasini topgan edi, biroq, vasiylik va homiylik jarayonlarini tartibga solish va muvofiqlashtirish uchun yetarli asos bo‘la olmayotgandi. Masalan, amaldagi qonunchilikda bir oyda vasiylik, homiylik belgilanishi ko‘zda tutilgan, ayni paytda vasiylik va homiylikka ehtiyoji bo‘lgan shaxslarni dastlabki joylashtirish turlari belgilanmagan edi. Bu esa o‘z navbatida vasiylik va homiylikka olingan shaxslarning mulkiy huquqlarining boshqalar tarafidan buzilishiga olib kelayotgan holatlar ham kuzatilgandi. Bu esa tabiiy-ki, ularning ijtimoiy himoyasiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Ushbu huquqiy normalar yanada takomillashtirildi.

 

40-modda. Vasiylikdagi yoki homiylikdagi shaxsga nafaqa tayinlash

Vasiyning yoki homiyning o‘z vasiyligidagi yoki homiyligidagi shaxsning ta’minotiga doir xarajatlarining o‘rni vasiylikdagi yoki homiylikdagi shaxs mablag‘lari hisobidan qoplanadi, bu mablag‘lar yetarli bo‘lmagan taqdirda esa, vasiylik va homiylik organlari qonun hujjatlarida belgilangan tartibda uning ta’minoti uchun nafaqa tayinlash maqsadida tegishli organlarga murojaat qiladi.

 

41-modda. Vasiylik va homiylik organlari faoliyati ustidan nazorat

Vasiylik va homiylik organlari hamda ularning mansabdor shaxslari faoliyati ustidan nazoratni konun hujjatlarida vakolat berilgan davlat organlari va mansabdor shaxslar amalga oshiradi.

 

43-modda. Baciy va homiyning hisoboti

Vasiy va homiy o‘z majburiyatlarining bajarilishi to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda vasiylik va homiylik organiga hisobot taqdim etishi shart.

 

O‘zbekiston Respublikasi “Vasiylik va homiylik to‘g‘risida”gi Qonunidan

 

Yana o‘qing:  Yangi pedagogik texnologiyalar

Shuningdek, vasiylik va homiylik belgilanishiga ehtiyoji bo‘lgan shaxslarning moslashuvi, hamda vasiy va homiy bo‘lishni xohlagan shaxslarni tanlab olish, ularni dastlabki psixologik-pedogogik va ijtimoiy tayyorlashdan o‘tkazishning aniq mezonlari mavjud emas edi.

Respublika bolalar ijtimoiy moslashuvi markazi va “SOS – O‘zbekiston bolalar mahallasi” tomonidan mamlakatimizda ijtimoiy xizmat ko‘rsatish borasida ijobiy tajribalar amaliyotga joriy qilinayotgan bo‘lsada, xalqaro tajribadan farqli ravishda, mamlakatimizda voyaga yetmaganlarning ijtimoiy yetimligining oldini olish hamda voyaga yetmagan shaxslarga ijtimoiy homiylik qilish bo‘yicha ijtimoiy xizmat ko‘rsatuvchi muassasalar yetarli darajada rivojlanmagan.

– “Vasiylik va homiylik to‘g‘risida”gi Qonun 9 ta bob va 50 ta moddadan iborat. Ushbu muhim hujjat yuqorida keltirilgan kamchiliklar inobatga olinib ishlab chiqilgan. Shundaymi?!

Qonunning 3-moddasi asosiy tushunchalar deb ataladi. Unda vasiylik va homiylikning huquqiy shakliga sharh beriladi. Uning 4-moddasida esa vasiylik va homiylik sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari belgilangan.

Uning 7-moddasida esa Vasiylik va homiylik sohasidagi faoliyatni amalga oshiruvchi davlat organlari, 8, 9, 10-moddalarida ularning vakolatlari, 11-moddasida vazifalari, 31, 32-moddlarda vasiylar va homiylarning huquq va majburiyatlari, 33, 34, 35-moddalarda vasiylikdagi va homiylikdagi shaxslarning huquq va majburiyatlari belgilangan.

Qonunning 7-bobdagi 7 ta modda esa vasiylikdagi va homiylikdagi shaxslarning mulkiy huquqlarini himoya qilishga bag‘ishlanadi

Sakkizinchi bob esa vasiylik va homiylik sohasiga tegishli organ faoliyati va tegishli shaxslarning majburiyatlarini bajarishi ustidan nazorat qilish xuquqiy normalari belgilangan.

– Ushbu qonunni ishlab chiqish jarayonida ayrim davlatlarning tajribasi ham o‘rganilgan bo‘lishi, tabiiy.

– Darhaqiqat, ushbu qonunni ishlab chiqish jarayonida ayrim davlatlarning tajribasi o‘rganildi. Masalan, Beloruss Respublikasining Fuqarolik kodeksi, Fransiya Fuqarolik kodeksi, Ukraina Fuqarolik kodeksi, Armaniston Oila kodeksi, Rossiya Federatsiyasining “Vasiylik va homiylik to‘g‘risida”gi Federal Qonuni o‘rganilib, xalqaro me’yorlar qiyosiy tahlil qilindi. Yaxshi tajribalar e’tiborga olindi.

O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonunchiligida xalqaro farzandlikka olish xuquqiy normalar belgilangan bo‘lsada, ayni paytda xorijiy fuqaro ishtirokida vasiylik va homiylik belgilanishi amaliyotini tartibga soluvchi normalar mavjud emas edi. Ushbu holat ham mamlakatimiz fuqarolarini ijtimoiy himoya qilishning muhim jihatlaridan biri hisoblanadi. Ana shunga ham alohida e’tibor berildi.

Yana o‘qing:  MAQSAD – TINCHLIK VA OSOYISHTALIKNI SAQLASH

– Yangi qonunni o‘qigach, kelgan xulosalaringiz…

– Shuni alohida ta’kidlash kerakki, 2013 yil 4-5 iyun kunlari Jeneva shahrida bo‘lib o‘tgan BMTning bola huquqlari qo‘mitasining 63-sessiyasida mamlakatimizning “Bola huquqlari to‘g‘risida”gi Konvensiyani bajarishga doir 3-4 ta davriy ma’ruzasi va Konvensiyaga ilova qilingan Fakultativ protokollar bo‘yicha dastlabki ma’ruzalari ko‘rib chiqilganida bolalarning manfaatlarini ta’minlash bo‘yicha O‘zbekistonda olib borilayotgan davlat siyosati ijobiy baho olgani juda quvonarli. Bu mamlakatimizda bolalarning ijtimoiy himoyasi yuqori darajada ekanligini isbotlaydi. Lekin biz muvaffaqiyatlar bilan to‘xtab qolmaymiz. Tarix g‘ildiragi aylanar ekan taraqqiyot bo‘lishi shart.

Vaqt tog‘ni, suv toshni yemiradi, deydi dono xalqimiz. Ushbu naqldan kelib chiqsak, ushbu vasiylik va homiylik institutidagi huquqiy normalarning vaqt sinovidan o‘tmaganlari tushib qoldi. Ba’zilari takomillashtirildi. Eng asosiysi ishlashga qulay bo‘lgan aniq mezonlari mavjud bo‘lgan yaxlit qonun paydo bo‘ldi. Islohotlar esa davr talabidir.

Vasiylik va homiylik savob ish! Shunday ekan umrimizni yaxshi amallar ila o‘tkazmoq ham qarz ham farzdir. Yangi qonun ana shu ezgu ishga xizmat qiladi.

– Mazmunli suhbatingiz uchun tashakkur!

 

Suhbatdosh: Javlon SA’DULLAYEV

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: