Inson hayotiga tahdid soladigan xastalik
Ona va bola salomatligi sog‘lom jamiyatni yaratishda muhim o‘rin tutadi. Bu, avvalo, oilaning mustahkam bo‘lishi va ona-bolaning salomatligi bilan bog‘liqdir.
Afsuski, hozirgi paytda, hayotga yengil qarash, yashirincha nikohdan o‘tish yoki tibbiy ko‘rik hujjatlarini tanish-bilishchilik orqali to‘g‘rilash oqibatida yoshlarning to‘ydan keyin OIV infeksiyasi bilan kasallangani ma’lum bo‘layotgani kuzatilmoqda. Buning oqibatida, OIV infeksiyasining tug‘ilajak bolaga xavf solishi yuzaga kelyapti.
Kuni kecha Toshkent shahar hokimligida shahar OITSga qarshi kurash markazi hamda shahar Oila va xotin-qizlar bosh boshqarmasi hamkorligida o‘tkazilgan tadbir ham “Yoshlarni OITS infeksiyasidan asrash va homilador ayollar o‘rtasida OIV infeksiyasidan xabardorlikni oshirish yuzasidan olib borilayotgan ishlar” masalalariga qaratildi. Unda Toshkent shahar OITSga kurash markazi mutaxassislari, shahar Oila va xotin-qizlar bosh boshqarmasi va uning tuman bo‘limlari rahbarlari, shahar SSV “Ona va bolalikni himoya qilish” bo‘limi vakillari, shahar Adliya boshqarmasi va tuman FHDYo rahbarlari, tuman oila va xotin-qizlar bo‘limi rahbarlari, Reproduktiv salomatlik markazi, TTB va IIB xodimlari, ginekologlar va diniy qo‘mita vakillari ishtirok etishdi.
Tadbirni o‘tkazishdan maqsad Prezidentimizning 2023 yil 20 yanvardagi “Odamning immunitet tanqisligi virusi keltirib chiqaradigan kasallikka qarshi kurashish tizimini yanada kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori, shuningdek, 2023 yilda OIV infeksiyasi tarqalishiga qarshi chora-tadbirlarini takomillashtirishga oid vaziyatlarni amalga oshirish bo‘yicha “Media reja”ning 9-bandi – Homilador ayollar orasida OIV infeksiyasidan aholini, xususan, yoshlarni xabardor qilishdan iboratdir.
– Bugungi kunda yosh avlodning salomatligini saqlash, ayniqsa, yoshlarni OIV infeksiyasidan asrash, ushbu xavfli, inson hayotiga tahdid soladigan xastalikning oldini olish muhim vazifalarimizdan biridir. Shu bois, birinchi navbatda, nikohdan o‘tishdan oldin tibbiy ko‘rikdan o‘tish, muhojirlikdan qaytganlarni chuqur tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish muhim ahamiyatga ega, – dedi Toshkent shahar OITSga qarshi kurashish markazi bosh shifokori Vinera Barotova.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar turmush qurishdan oldin tibbiy ko‘rikdan o‘tish, OIV bilan kasallangan homilador ayoldan bolaga vertikal yuqish yo‘lining oldini olish, bolani ona sutisiz quruq sut bilan boqish, joylardagi oilaviy poliklinikalarda barcha homilador ayollar tekshiruvini yanada kuchaytirish, nikohlanuvchilarning to‘liq tibbiy ko‘rikdan o‘tishini ta’minlash va kelajakda quriladigan har bir oilani OIV infeksiyasidan asrash masalalari va mavjud muammolarni bartaraf etish masalalariga alohida to‘xtalishdi.
Dilobar AKRAMOVA,
Toshkent shahar OITSga qarshi kurashish markazi epedemiologi