Sharafli kasbni ulug‘layotganlar
Qaysi bir sipohiy o‘zini ko‘rsatgan bo‘lsa, rag‘batlantirib haqini ado etsinlar. Qaysi bir sipohiy xizmatda yurib qarilik yoshiga yetarkan, uni oylik-haqdan mahrum etmaslik va martabasidan tushirmaslik kerak. Hech bir sipohiyning xizmati nazardan chetda qolmasin. Chunki ular davlat xizmatida ekan, boqiy hayotlarini foniy dunyo naqdi uchun ayamaganliklarining o‘zi ham in’omga va moddiy ta’minotga loyiqligini bildiradi. Uni in’omidan mahrum qilib, xizmatlarini ko‘rsatmasalar, noinsoflik qilgan bo‘lurlar.
“Temur tuzuklari”dan
Bugun Qurolli Kuchlarimiz safida o‘z sohasining fidoyisi, yuksak bilim va kasbiy mahorat sohibi bo‘lgan harbiy xizmatchilar juda ko‘p. Katta leytenant Anzor Meyliyev ana shunday jasur o‘g‘lonlar sirasidan. Uning ofitser sifatida xizmatni boshlaganiga ko‘p vaqt bo‘lgani yo‘q. Lekin uning shu kungacha erishgan muvaffaqiyatlarini yosh ofitserlarga o‘rnak qilib ko‘rsatsa arziydi. Bu haqda quyida batafsil hikoya qilamiz.
“Kutilgan farzand degani”
U Qashqadaryo viloyati, Qarshi tumanidagi O‘zbekpistakent qishlog‘ida tug‘ilib voyaga yetdi. Bu qadrdon qishloqning chang ko‘chalari uning qancha-qancha sho‘xliklariga, o‘yinqaroqliklariga guvoh bo‘lgan. Bugun u o‘sha shirin va beg‘ubor damlarni orziqish bilan yodga oladi.
– Bolaligimda juda sho‘x bo‘lganman, – deydi Anzor kulib. – Maktabdan keliboq darslarimni qilardim, keyin esa ko‘chaga yugurardim. Onam biz bolalarning o‘qishiga juda qattiq turardi. Shu bois dars qilib bo‘lmagunimizcha ko‘chaga chiqarmasdilar. Hozir eslasam, onamning o‘sha vaqtdagi qattiqqo‘lligi tarbiyaning o‘ziga xos usuli bo‘lib, biz farzandlarning kamolotida muhim o‘rin tutgan ekan. Buni yillar o‘tib angladim.
Ular oilada olti farzand ulg‘aydilar. Uch qiz, uch o‘g‘il. Otasi – Ortiq aka kamtar, kamsuqum inson. U ko‘p yillardan buyon tumandagi gaz ta’minoti boshqarmasida mehnat qilib kelmoqda. Onasi – Amina opa esa butun umrini farzandlar tarbiyasiga bag‘ishlagan oilaparvar ayol. Ha, bu oilani qishloqda barcha o‘zgacha hurmat bilan tilga oladi. Negaki, oilada kamol topgan farzandlarning barchasi el-yurtga foydasi tegadigan, o‘qimishli insonlar bo‘lib yetishdilar.
– Anzor juda kamdan-kam uchraydigan ismlardan. Ismingizning ma’nosini bilasizmi? – so‘rayman suhbatdoshimdan.
– Bu haqda juda ko‘pchilik so‘ragan, – deydi u kulib. – Anzor – kutilgan farzand degan ma’noni bildiradi. Ismimning o‘ziga xos tarixi bor. Dadam harbiy xizmatga borganlarida Anzor ismli bir yigit bilan do‘stlashgan ekan. Ular uch yil mobaynida juda qadrdon va inoq bo‘lib ketishgan. Shu boisdan ham xizmatni yakunlaganlarida bir-biridan ajralishi juda og‘ir bo‘lgan. Dadam bir gal: “Anzor juda g‘ayratli, mehribon va ochiqko‘ngil yigit edi. Yana hech qachon boshqalardan yordamini ayamasdi. Haligacha haqiqiy do‘st deganda, u ko‘z oldimda gavdalanadi. O‘g‘lim, men ana shu insonga havas qilib, ismingni Anzor qo‘yganman. Sening yurtga, yurtdoshlaringga foydang tegadigan inson bo‘lishingni xohlayman”, deb aytganlari xotiramda muhrlangan…
HARBIY KASBGA HAVAS UYFONDI
– Harbiy kasbga qiziqishim 7-sinfga o‘tganimda paydo bo‘lgan, – deydi katta leytenant Anzor Meyliyev. – O‘shanda yozgi ta’tildan chiqib, endi o‘qishni boshlagan kezlarimiz edi. Bir kuni kechki dasturxon ustida dadam o‘rtoqlari Fazliddin akaning o‘g‘li Samarqanddagi harbiy akademik litseyga o‘qishga kirganini aytib qoldilar. Bu xabarni eshitib, yuragimda bir cho‘g‘ milt etgandek bo‘ldi. Shu kundan boshlab menda ham o‘sha litseyda tahsil olish istagi tug‘ildi. Yosh bola orzu-havasga beriluvchan bo‘ladi. Men ham xayolan o‘zimni harbiy libosda tasavvur qilib, entikib ketardim. Tezroq o‘sha kunlar kelishini intiqlik bilan kutardim. Nihoyat, oradan ikki yil o‘tgandan so‘ng men ham Samarqanddagi harbiy akademik litseyga o‘qishga kirdim. U yerni bitirib, Toshkent oliy umumqo‘shin qo‘mondonlik bilim yurtida tahsilni davom ettirdim…
Shunday qilib, kamolot pallasiga qadam qo‘ygan bo‘lajak ofitser uchun o‘qish va izlanishlar davri boshlandi. O‘qishga kirgani bilan o‘z zimmasidagi mas’uliyat yengillashib qolmasligini, aksincha, yanada ortishini tahsilning dastlabki kunlaridanoq anglab yetgan kursant yigit endi berilayotgan saboqlar mobaynida o‘zi uchun zarur bo‘lgan bilim va ko‘nikmalarni astoydil o‘zlashtirishga kirishdi. Quvnoq tashvishlarga to‘la yillar ortda qolavergani sari Anzor o‘zi havas qilgan kasbni mukammal egallab boraverdi. Ha, harbiylik kishidan kuchli bilim va malakani talab qiladi. Shu boisdan ham oliy harbiy ta’lim muassasasida tahsil olayotgan kursantlar zimmasidagi mas’uliyat hissi ham ortiq bo‘ladi. Nazariy bilimlarni mustahkamlash uchun o‘tkaziladigan tinimsiz mashg‘ulotlar, izlanish bo‘lajak ofitserning dunyoqarashini kengaytirib, bilimlarini mustahkamlashga yordam berdi. Nihoyat, kursantlik yillari ortda qoldi – Anzor Meyliyev oliy harbiy ta’lim muassasasini muvaffaqiyatli tamomladi.
JAMOADA O‘Z O‘RNIGA EGA
“Inson qalb amri bilan qilgan ishlaridagina yuqori cho‘qqilarni zabt etishi mumkin”, degan ekan allomalarimizdan biri. Bu hayotiy haqiqatning isbotini qahramonimizning xizmat faoliyati misolida ham ko‘rish mumkin. Zero, qalb da’vati olis manzillar, ulug‘ ishlar sari yetaklaydi, insonga doim dalda va madad bo‘ladi. To‘g‘ri, uni hayotga tatbiq etish yoki amalga oshirish biz o‘ylaganchalik oson kechmasligi mumkin. Bunday paytlarda muvaffaqiyatga bo‘lgan ishonch, iroda, ichki kuch o‘zini namoyon etadi. Lavhamiz qahramoni katta leytenant Anzor Meyliyev ana shu hayotiy haqiqatni chuqur anglab yetgan holda, ofitser sifatida xizmatni boshlagan ilk kezlardanoq ustozlaridan olgan bilimlarga tayangan holda maqsadlari tomon dadil qadam tashladi, qiyinchiliklardan cho‘chimadi, boshqalarga o‘rnak bo‘ldi. Va kutilganidek, astoydil qilingan mehnat tez orada bo‘y ko‘rsatdi. 2012-2013 yillar mobaynida Mudofaa vazirligi qo‘shinlari bo‘linmalari guruhlari o‘rtasida o‘tkazilgan ko‘rik-tanlovda katta leytenant Anzor Meyliyev guruhi barcha yo‘nalishlar bo‘yicha eng yuqori natijalarga erishib, “Eng ilg‘or guruh” nomiga sazovor bo‘ldi. 2013 yil yosh ofitser uchun ikki karra omadli keldi, desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Chunki u yaqinda Konstitutsiyamiz qabul qilinganligining yigirma bir yilligi munosabati bilan mamlakatimiz Prezidenti farmoniga binoan davlatimizning yuksak mukofoti – “Sodiq xizmatlari uchun” medali bilan taqdirlandi.
– Meni mana shunday yuksak mukofotga loyiq ko‘rishganidan juda xursandman, – deydi u. – Insonni qilgan mehnati ulug‘laydi, degan gap bor. Bu so‘zning isbotini men o‘z hayotim misolida ko‘rdim. Garchi mukofotga loyiq topilib, shunday nufuzga erishgan bo‘lsam-da, avvalo bu darajaga yetishimda menga ta’lim-tarbiya bergan va yo‘l-yo‘riq ko‘rsatgan ustozlarimning, orzularimni qo‘llab-quvvatlagan hamda hamisha ishonch bildirib, duoi jonimni qilib turgan yaqinlarimning hissasi beqiyos, deb o‘ylayman. Shunday ekan, qadrdonlarimning va davlatimizning menga bildirgan ishonchini oqlab, Vatan osoyishtaligi yo‘lida sidqidildan xizmat qilishga harakat qilaman.
Qurolli Kuchlarimiz safida mana shunday fidoyi yigitlarning ko‘pligi yurtimiz tinchligi va osoyishtaligining bardavomligi kafolatidir. Shu o‘rinda bir narsani ta’kidlab o‘tmoqchimiz, katta leytenant Anzor Meyliyev yosh bo‘lishiga qaramay ustoz maqomiga erishgan harbiy xizmatchilardan. Uning jamoada o‘z o‘rni bor. Asosiysi ham shu emasmi, aslida!
Gulnora XOJIMURODOVA,
katta leytenant