Farzandini himoyachim, qo‘rg‘onim deb erkalar
ENG AJIB GO‘DAK
Nozim Hikmatning “Eng ajib go‘dak hali ulg‘aymagan go‘dakdir”, degan misralarini o‘qib, ta’sirlandim. Oppoq qog‘ozdek toza yuragiga ko‘p narsalarni yozish mumkinligiga nisbat berib shunday deyilganmikin? Masalan, alla orqali Vatan haqidagi boqiy qo‘shiqni. Asotirlardagi pahlavonlar, o‘tmishimizdagi qahramonlarni. Yoki tariximiz fidoyisi Abdusattor Jumanazar aytgan qadimgi jangchi burg‘usidan yangragan ohangni. Himoyachim, qo‘rg‘onim deb, tiklangan g‘ururni, orni, nomusni ajib go‘dakning qalbiga yozish mumkin. Shunda hali biz yashamagan kunlarni yashaydi, biz qilmagan orzularni qiladi. Ko‘ksi baland, g‘ururi undan-da baland bo‘lib ulg‘ayadi. Ochig‘i, men bu go‘dak – sog‘lom bola timsolida Vatan himoyachisini ko‘rdim. Axir, xalqimizda ham ulg‘ayayotgan farzandni “himoyachim”, “qo‘rg‘onim” deb bejiz erkalatmaydi-da. Xalq hikmatlarida gap ko‘p.
QALBIMIZDAN JOY OLGAN SANA
Prezidentimizning 2013 yil 12 dekabrdagi “Vatan himoyachilari kunini nishonlashga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi farmoyishi va undagi ustuvor vazifalar, “O‘zbekiston yagona Vatanim” umumiy shiori ostida respublikamiz bo‘yicha o‘tkaziladigan tadbirlar to‘g‘risida o‘qib, yuragimda bayram ruhi yanada jo‘sh urdi. Bayram shukuhi xalqimiz, keng jamoatchiligimiz qalbidan yanada chuqurroq o‘rin olishi uchun amalga oshiriladigan tadbirlardan ruhlandim.
Mazkur muhim hujjat asosida joylarda turli-tuman tadbirlar amalga oshirilmoqda. Tahririyatga telefon qo‘ng‘iroqlari, elektron pochta orqali kelayotgan, umumxalq bayramiga tayyorgarlik bilan bog‘liq xabarlar oqimining “shashti” baland. Vatan himoyachisi, Vatan himoyasi haqida so‘z aytishga chog‘langan millatdoshlarimni bir-bir bag‘rimga bosgim keladi. Marg‘ilonda 75 yoshli Muhammadjon hoji Mahmudov degan jamoatchi muxbirimiz bor. Vatan himoyachilari, ular bilan bog‘liq tadbirlar haqida doim xabar yo‘llab turadi. “Shunday kunlarni ko‘rganimizga shukronalik uchun yozaman. O‘z armiyamizga ega bo‘lganimiz uchun yozaman. Tinchligimiz, osoyishtaligimiz himoyasida hech kimdan kam bo‘lmagan mardu maydonlarimiz turgani uchun yozaman”, deydi otaxon. Men hoji boboni o‘zimcha “xalqning ovozi” deyman.
Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, Prezidentimiz farmoyishiga binoan Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi faollari mahallalar, maktab, muassasalar, yirik korxona va tashkilotlarda aholi bilan madaniy-ma’rifiy tadbirlar, muloqotlar o‘tkazib, Vatanni himoya qilish, uni sevish, harbiylikning qanchalar sharafli ish ekani borasida yanada kengroq tushuntirishmoqda. Xo‘sh, bunday uchrashuvlar nima beradi? Albatta keng jamoatchilikda mudofaa qudratimizdan g‘ururlanish, faxrlanish tuyg‘ularini shakllantiradi, ertangi kunga umid, ishonchni mustahkamlaydi.
Umumta’lim maktablari, o‘rta maxsus va oliy ta’lim muassasalarida yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga qaratilgan maxsus soatlar tashkil qilinmoqda. Jasorat va mardlik mavzularida ochiq darslar o‘tkazilyapti. Xo‘sh, bunday ma’naviy-ma’rifiy ishlar zamirida qanday maqsad bor? Ta’kidlash lozimki, jasorat saboqlari yigitlarda mardlik, matonat fazilatlarini tarbiyalaydi. Jasorat ko‘rsatishga, Vatani, oilasi, yaqinlarini, sevgan qizini har qanday xavf-xatardan himoya qilishga yuragida ishtiyoq, g‘urur alangalanadi. Lobar qizlarning yigitlarni Vatanning, xalqning himoyachisi sifatida tabriklayotganini ham o‘ziga xos an’ana sifatida qutlash kerak. Bu bilan er yigit yuragida uyg‘onadigan mardlikni qutlash kerak.
”Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati, “Nuroniy”, “Mahalla” jamg‘armalari, xotin-qizlar qo‘mitalari vakillarining bayram tadbirlarida faol ishtirok etayotganini barchamiz yaxshi bilamiz. Harbiy qism va muassasalarga jamoat tashkilotlari xodimlarining borishi, tadbirlarda faol qatnashishi xalq va armiya bir tanu bir jon degan g‘oyaning amaliy namoyonidir.
Nuroniy otaxon, onaxonlarning Vatan himoyachilari bo‘lgan farzandlari huzuriga borishida ulkan ma’no bor. Davlatimiz yurt posbonlariga yaratgan sharoitlar bilan tanishishadi, hayotiy tajribalari, pand-nasihatlari, duolari bilan harbiy xizmatchilar ongiga vatanparvarlik tuyg‘ularini singdirishadi. Bu aynan mentalitetimizga xos xususiyat.
O‘zbegimda to‘yga to‘yona degan gap bor. Vatan himoyachilari kuni bayrami munosabati bilan harbiy xizmatchilarga yangi turar joy binolari topshiriladi. Harbiylar yashayotgan mahallalarda tantanali tadbirlar o‘tkaziladi. Bu sharafli kasb egalari doimo davlatimiz, xalqimiz e’tiborida ekanini ifodalaydi.
Istiqlolimizni, ona yurtimizni g‘animlardan himoya qilish yo‘lida mardlarcha halok bo‘lganlar oilalariga borish, ularga moddiy, ma’naviy ko‘mak berish zamirida qanchalar ulkan ma’no bor. Bunday tadbirlar orqali o‘sib kelayotgan yosh avlod qalbida Vatanning qanchalar aziz, muqaddas ekanligi, er yigit jasorati o‘lmasligi haqida tushunchalar shakllanadi.
Harbiy qismlardagi kutubxonalarni harbiy-vatanparvarlik ruhidagi adabiyotlar bilan yanada boyitish borasida amalga oshirilayotgan ishlarni yanada jonlantirish to‘g‘risida eshitib, quvondim. Ko‘z oldimda bugunning posboni – intellektual salohiyati, ma’naviyati yuksak harbiy xizmatchilar timsoli jonlandi.
Binolar, ko‘chalar yonidan o‘tganingizda Vatan himoyachisini madh etuvchi turli shiorlar, bannerlardan ko‘z quvnaydi. Qalbimizda mustaqil O‘zbekistonimiz armiyasidan faxrlanish, g‘ururlanish tuyg‘ulari alangalanadi.
Xullas, tadbirlarning qaysi birini sanashni bilmaysiz. Vatan himoyachilari kuni tom ma’noda xalqning, millatning bayrami, yuragimizdan chuqur joy egallagan muqaddas kun ekanligi to‘g‘risidagi tasavvurlar kengayadi. Buyuk xalqqa, tanlagan yo‘lidan dadil odimlayotgan, yuksak marralarni egallayotgan xalqqa munosib bayram degim keladi, bu kunni.
TINCHLIKNING QIYMATI
Tinchlikning bahosi, qiymati bormi? Bu savolni zarur bo‘lsa har kuni o‘z-o‘zimizga berishimiz lozim. Bunga javoban “bebaho ne’mat” deyishga og‘iz juftlaganingizni sezyapman. Millatimizga xos xarakterdan kelib chiqib, albatta shunday javob beramiz-da. Ammo bu ne’matning antonimi – urush olovi so‘ngani yo‘qligini ham esdan chiqarmasligimiz kerak. Birgina 2012 yilning o‘zida dunyo bo‘yicha 307 milliard AQSH dollari miqdorida qurol sotilgan, degan ma’lumotni o‘qidim. O‘z halovatini buzishga insoniyat ana shunday behisob mablag‘ni sarflayapti. Shu sababli ba’zi mamlakatlarda tinchlik, halovat “mo‘rt” bo‘lib qolgan. Qanchadan-qancha to‘kilgan qonlar, fido bo‘layotgan jonlar ham biz uchun eng tansiq bo‘lgan ne’matni ba’zan tiklay olmayapti. Ha, davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, tinchlik uchun kurashmoq kerak. Demak tinchlikning, halovatning qiymati baland. Shuning uchun ham uning qo‘riqchilari har qanday jamiyatda qadrlanadi. Tinchlikparvar millatimizda esa yurt himoyachisiga hurmat, ehtirom ko‘rsatish qadriyat darajasiga aylangan, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Bobom bolaligimda “ha, polvon”, desa tushunmaganman. “Kurash tushmasam, qanday polvon bo‘ldim?”, deb o‘ylaganman. Yillar o‘tib angladim. Himoyachim bo‘lsin, yurtni balo-qazolardan asrasin, degan ma’noda aytilarkan, bu kalom. Xalq dahosini qarang. Xalq buyukligini qarang. Nafaqat o‘zi, so‘zi ham qudratli bo‘lib kelgan bu millatning.
Uzilgan rishta mustaqillik tufayli bog‘landi. Ajdodlarimizning Vatan himoyasiga muqaddas ish sifatida qarab kelganini nazarda tutyapman. Xalq va armiya bir tanu bir jon, degan g‘oya bugun jamiyatda yangicha rang olayotgani ham bizni ajdodlar an’anasi bilan bog‘layapti. Shu bois, 14 yanvar – Vatan himoyachilari kuni barchamizning bayramimiz, barchamizning tantanamizga aylandi. Bu kunning yildan-yilga o‘zgacha mazmun kasb etib borayotgani, eng ulug‘, eng aziz ayyomimiz bo‘lgan Mustaqillik bayrami darajasida yuksak nishonlanayotgani buning yorqin dalilidir.
“VATAN QO‘LI OCHIQ BOBOMNING KAFTI”
“Vatan qo‘li ochiq bobomning kafti, safarchog‘ momomning tutgan tuguni”, deb yozibdi kichik serjant Juma Mamatov milliy armiyamizning 22 yilligiga bag‘ishlab “Vatanparvar” gazetasida o‘tkazilayotgan “Posboniman muqaddas yurtning” tanloviga yuborgan she’rida. Akademik litsey o‘quvchisi Muqaddas Oqmamatova esa elektron pochtamizga yo‘llagan maktubida “Sening noming yozilgan yuragimga, barkamollik – men intilgan yo‘l, Vatan”, deb yozgan. Bunday ta’rif-tavsiflarni ko‘p-ko‘p keltirishimiz mumkin.
Bayram arafasida, bayram kunlarida el-yurtimizga fidoyi, sadoqatli, haqiqiy vatanparvar, chuqur bilim va katta hayot tajribasiga ega insonlar – siyosatshunoslar, olimlar, ijodkorlar, xullas, xalqning ziyoli qatlami yordamida o‘tkazilayotgan tadbirlar samarasi bu. Yoshlar ongida Vatan, uning himoyachisi haqida teran tushunchalar shakllanmoqda. Vatanni himoya qilish g‘oyasi ongida qurolga aylanayotgan avlodni, istiqlol farzandlarini qutlash kerak.
Alijon SAFAROV,
podpolkovnik