Bolalar ortopediyasi: ota-onalar qaysi o‘rinlarda xatoga yo‘l qo‘yadi?
Har qanday xastalik profilaktikasida tibbiy ko‘rik hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi. Jumladan, bolani o‘z vaqtida ortoped tekshiruviga olib borib turish kerak. Yo‘qsa, tug‘ma yoki orttirilgan nuqsonlar o‘z vaqtida aniqlanmasligi tufayli bo‘g‘imlar noto‘g‘ri shakllanib, keyinchalik jiddiy kasalliklar yuzaga kelishi xavfi yuqori.
Masalan, chaqaloqlar beshikka to‘g‘ri belanmasa, uning suyaklari noto‘g‘ri shakllanishi va turli xastaliklar paydo bo‘lishi mumkin. Xususan, chanoq va bo‘ksa bo‘g‘imida displaziya aniqlangan bolalarni beshikka yotqizish og‘ir oqibatlarga olib keladi.
Odatda, bolani beshikka belashdan oldin uning vujudi siqib yo‘rgaklanadi, qo‘llari bog‘lanadi, oyoqlari ham bir-biriga juda yaqin qilib o‘raladi. Biroq go‘dak vujudi ayni o‘sib-rivojlanadigan davrda bu tarzda o‘rab-chirmash uning salomatligiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Shu bois, bolani yo‘rgaklashda chaqaloq oyoqlari orasi katta ochilib, qo‘llari bo‘sh qo‘yilishi, gavdasi bemalol harakatlanishi uchun sharoit yaratilishi maqsadga muvofiq. Aks holda, kichkintoylarda nafaqat son suyagi displaziyasi, balki bo‘yin qiyshiqligi kabi nuqsonlar shakllanadi.
Bundan tashqari, ota-onalarga farzandini tez-tez ochiq havoda, quyosh nuri ostida sayr qildirishni maslahat beramiz. Qolaversa, bolalarga mo‘ljallangan maxsus uqalash muolajalarini o‘z vaqtida olish ularning sog‘lom o‘sishi, jumladan, raxit kasalligiga chalinmasligiga xizmat qiladi.
Bunga yetarli darajada e’tibor qaratilmasa, ko‘krak qafasi deformatsiyasi kelib chiqadi. Bolalarning o‘tirishi, turishi va yurishi ham e’tiborimiz markazida bo‘lishi lozim. Bu skolioz kasalligi, ya’ni umurtqa pog‘onasi qiyshiqligi paydo bo‘lishining oldini olishda muhim.
Tug‘ma maymoqlik ham – bolalar o‘rtasida keng tarqalgan ortopedik kasallik turi. Uni bartaraf etish uchun, avvalo, xastalikni o‘z vaqtida aniqlash zarur. Bu muolajalar samaradorligi va xavfsizligini ta’minlaydi.
Bel-umurtqa, tizza va yelka bo‘g‘imi kasalliklariga esa kamharakatlilik, ortiqcha vazn, noto‘g‘ri ovqatlanish sabab bo‘ladi. Shu bois bola parvarishida sog‘lom turmush tarziga qat’iy amal qilish eng muhim talabdir.
Tug‘ma maymoqlik yangi usulda, tez va samarali davolanmoqda
JSST ma’lumotlariga ko‘ra, dunyoda har yili 100 ming nafardan ortiq bola tug‘ma maymoqlik bilan dunyoga keladi. Beparvolik yoki noto‘g‘ri muolaja oqibatida bu holat kelgusida nogironlikka sabab bo‘lishi yanada achinarlidir.
Ammo zamonaviy ilm-fan yutuqlari va innovatsion davolash usullari bu tug‘ma nuqsonni kaminvaziv yo‘l bilan samarali muolaja qilish imkonini bermoqda.
Tug‘ma maymoqlik eng ko‘p uchraydigan ortopedik nuqson hisoblanadi. Biroq yaqin yillargacha uni davolashda qo‘llanilgan an’anaviy usullar nafaqat yetarli natija bermagan, balki ko‘p hollarda og‘ir asoratlarga ham sabab bo‘lgan.
Endi esa xavotirga o‘rin yo‘q. Markazimizda bu kasallikni ilg‘or xorijiy davlatlarda qo‘llanilayotgan Ponseti usulida muolaja qilishni yo‘lga qo‘yganmiz.
Avvalo, u yuqori samara berishi va kaminvazivligi bilan ajralib turadi. Qolaversa, bemor uchun katta qiyinchilik tug‘dirmaydi va sarf-xarajatlar narxi ham ancha arzon.
Tuzalish muddati qisqa va eng muhimi, asoratsiz. Shu bilan birga, bemorni muolajadan so‘ng reabilitatsiya qilishga ehtiyoj yo‘q.
Markazimiz shifokorlari bu amaliyotni uch bosqichda bajarmoqda.
Dastlabki bosqich gipslashni o‘z ichiga oladi. Unda bemorning tizzasi 90 gradus bukilgan holda butun oyoq uzunligi bo‘ylab gips bog‘lamlari qo‘yiladi va ular har 5-7 kunda uzluksiz almashtirib boriladi.
Navbatdagi bosqichda maymoqlikka xos asosiy nuqson – Axill payi kaltaligi bartaraf etiladi. Payni uzaytirish jarayoni terini kesmasdan, narkozsiz va choksiz amalga oshiriladi.
Bu amaliyotdan keyin bemor oyoqlariga yana 3 hafta davomida gips bog‘lami qo‘yiladi.
So‘nggi bosqichda maymoq oyoqqa maxsus moslama – Breyslar taqiladi. Bu kasallik qaytalanishining oldini olishga xizmat qiladi.
Mazkur jarayon davomiy bo‘lib, bemor dastlabki 3 oy ichida sutkaning 23 soatida mazkur moslamani taqib yurishi zarur. Keyinchalik ushbu miqdor bosqichma-bosqich kamaytirib boriladi.
Quvonarlisi, bu yangilik minglab bemorlarning uzoq yillik darddan og‘ir operatsiyalar hamda jarohatu asoratlarsiz xalos bo‘lib, sog‘lom hayotga qaytishiga imkoniyat yaratmoqda.
Murod IRISMETOV,
Respublika ixtisoslashtirilgan
travmatologiya va ortopediya ilmiy-amaliy tibbiyot
markazi direktori