Lipomani olib tashlash kerakmi?

Lipoma – yaxshi sifatli o‘sma, yog‘ to‘qimalaridan tuzilgan bo‘lib, asosan terida, kam holatlarda esa sut bezi, bosh va orqa miya­da ham hosil bo‘ladi. O‘sma sekin astalik bilan o‘sadi va maliginizatsiyalanish ehtimoli ham kamroq. Lipoma juda keng tarqalgan o‘sma kasalligidir, statistika bo‘yicha har yuz kishidan bittasida lipoma mavjud. Kasallik ayollar va erkaklarda teng nisbatda tarqalgan.

Lipoma – ushlab ko‘rilganda yumshoq, yumaloq shaklli, yog‘ hosilalari bilan to‘lgan, ko‘pincha terida hosil bo‘ladigan yaxshi sifatli o‘sma. Xalq orasida lipoma «jirovik» nomi bilan ataladi. Ko‘p holatlarda lipoma xavfsiz hisoblanadi. Lipoma teri osti yog‘ qavatida yoki yog‘ to‘qimalaridan shakllanadi. Shu sababli, lipoma tananing har qanday yog‘ saqlanadigan qismida hosil bo‘lishi mumkin. Odatda insonlarda 1 yoki 2 dona lipoma hosil bo‘ladi, kamdan kam holatlarda ko‘p sonli lipoma qayd etiladi va bu holat tarqoq lipomatoz deb ataladi, erkaklar orasida ayollarga nisbatan ko‘proq tarqalgan.
Teri ostidan sekin astalik bilan o‘suvchi yumshoq hosila – odatda lipoma deb yuritiladi. Lipoma «sharcha» kabi bo‘ladi. Uning o‘lchami turli xilda bo‘ladi, no‘xat donasidan to ko‘ndalang o‘lchami bir necha santimetrgacha uchraydi. Lipoma ushlab ko‘rilganda rezina kabi zich, yumshoq qattiqlikka ega.
Odatda lipoma o‘rta yoshdagi insonlarda 40 va 60 yoshlar oralig‘ida kuzatiladi, bolalarda bu kasallik kam qayd etiladi. Lipoma paydo bo‘lishining aniq sababi noma’lum. Ammo ular quyidagi insonlarda ko‘roq uchraydi:
• Tug‘ma kasallik – Kouden sindromi bilan kasallangan insonlar;
• Gardner sindromi;
• Madelung kasalligi.
Lipoma bir oila vakillarida uchrash ehtimoli yuqori, ya’ni moyillik nasliy taraflama beriladi. Semizlik lipomalar paydo bo‘lishida hech qanday ahamiyat kasb etmaydi.


Anatomik jihatdan lipomalar bir necha guruhga bo‘linadi:
• Bosh, yuz, bo‘yin lipomalari;
• Gavda lipomasi – bel, qorin sohasida;
• Qo‘l, oyoq qismlaridagi lipomalar;
• Ko‘krak qafasi lipomalari;
• Qorin bo‘shlig‘i a’zolari lipomalari;
• Urug‘ tizimchasidagi lipomalar;
• Boshqa sohalardagi lipomalar.


Lipoma sekin-astalik bilan o‘sib boradi va spetsifik belgilar yuzaga keltirmaydi, faqatgina teri sathida shish hosil bo‘ladi. Ichki lipomalar odatda sezilmaydi, ya’ni simptomlarsiz kechadi.
Sut bezi lipomasi odatda menopauza, ya’ni klimaks davridan keyingi yoshdagi ayollarda yuzaga keladi. Uning o‘lchami 1 sm bo‘lib, og‘irligi bir necha grammgacha bo‘lishi mumkin. 5 sm.dan katta bo‘lgan va og‘irligi 500 gr dan yuqori bo‘lgan lipoma gigant lipoma deb ataladi.
Sut bezi lipomasi belgilari:
• og‘riq bo‘lmasligi;
• ushlab ko‘rganda yumshoq bo‘lishi;
• teridan ajralib chiqib turmaydi ya’ni hosila atrof to‘qimalar bilan qo‘shilib ketadi va teri ostidan bo‘rtib chiqib turmaydi.
Odatda lipoma sut bezlari o‘rtasida aniq sezilmaydi, ayollar profilaktik maqsadda UTT (UZI) tekshiruvi yoki mammografiya vaqtida tasodifan aniqlanadi.
Sut bezi lipomasi kamdan kam holatlarda sut bezi saratonini keltirib chiqaradi, shu sababli lipomaning yomon sifatli o‘smaga aylanish xavfi deyarli yo‘q.
Bosh va orqa miya lipomasi. Bosh miya lipomasi tasodifan aniqlanadi, katta yoshli insonlarda boshqa kasallik diag­nostikasida bosh miya MRT yoki KT tekshiruvlari o‘tkazilganda lipoma borligi ham ko‘rinadi. Lipoma bosh miyaning har qanday qismida hosil bo‘lishi mumkin, 50 foiz holatlarda perikalozal lipoma, 25 foiz holatlarda kvadrigimenal isterna va 15 foiz suprasellyar sisterna uchraydi.


Bosh miya lipomalari ham deyarli simp­tomlar yuzaga keltirmaydi. Jarrohlik amaliyoti yo‘li bilan lipomalarni olib tashlash katta xavf va aytarli samara bermaydi. Agar gidrosefaliya yoki talvasa sindromi yuzaga chiqadigan bo‘lsa, davo muolajalari tartib bo‘yicha davom etadi.
Orqa miya lipomasi. Orqa miya lipomasi orqa miyada uchraydigan barcha o‘sma kasalliklarining 35 foiz qismini tashkil etadi va ko‘proq qiz bolalarda uchraydi.


Orqa miya lipomasi bir necha klinik turlarga bo‘linadi:
Lipomiyelomeningosele. Bu tug‘ma patologiya bo‘lib, yog‘li hosila umurtqa bo‘ylab joylashadi va orqa miya kanaliga kirib turadi, orqa miya bilan bog‘liq bo‘ladi. Bu lipoma tashqi ko‘rinishidan umurtqa ortidagi sharchaga o‘xshaydi. Ko‘pchilik bemorlarda lipoma belgisi peshob tuta olmaslikdir. Davolash faqat jarrohlik amaliyoti bilan amalga oshiriladi.
Terminal tola lipomasi. Bunda lipoma orqa miya oxirgi qismidagi tolada hosil bo‘ladi. Bu kabi kasallik kam uchraydi, jarrohlik yo‘li bilan davolanadi, yuqoridagi turidan ko‘ra xavfsizroq.
Orqa miya lipomasi (intradural). Juda kam uchraydi, ko‘pincha bolalar ko‘krak umurtqalar sohasida aniqlanadi, bunda teri yoki suyaklar tizimida hech qanday o‘zgarishlar bo‘lmaydi. Agar o‘lchami kattalashadigan bo‘lsa orqa miyani ezishi mumkin va shunga xos bo‘lgan belgilar yuzaga chiqadi. Bu turdagi lipoma haqida fanda ma’lumotlar juda kam.

Epidural lipomatoz. Epidural sohada ortiqcha yog‘ sintezlanishi natijasida kelib chiqadigan kasallik. Epidural bo‘shliq bu – umurtqa kanali va orqa miya qattiq pardasi oralig‘idagi bo‘shliqdir. Bu kabi lipoma Kushing sindromi, og‘ir semizlik, glyukokortikoidlar qabul qilish natijasida kelib chiqadi. Davosi semizlikni bartaraf etish hamda gormonal preparatlar qabul qilishni to‘xtatish.


Angiomiolipoma. Qon tomirlarga boy bo‘lgan va yog‘ to‘qimalaridan iborat bo‘lgan hosila. Ko‘pincha bel umurtqalari sohasida yoki ko‘krak umurtqalarida aniqlanadi. Bir umurtqa tanasida paydo bo‘ladi, og‘riq simptomi bilan yuzaga chiqishi mumkin, bunga sabab umurtqa disklari orasidan o‘tayotgan nerv tolalarining ezilishidir.
Lipoma 30-40 yoshdagi insonlarda ko‘proq uchraydi. Agar hosila o‘lchami kattalashib borsa va nerv tolalarini ezib qo‘ysa – punsion vertebraplastika amaliyoti o‘tkaziladi. Ba’zida angiomyolipoma buyraklarda aniqlanadi. Katta bo‘lmagan (1-1,5 sm) o‘lchamdagi hosila davo talab etmaydi, shunchaki vaqti vaqti bilan UTT (UZI) yordamida tekshirib turiladi.

Yana o‘qing:  Istisqo qanday kasallik?

Teri ostida hosil bo‘lgan lipoma palpatsiya usuli bilan oson aniqlanadi. Organizmi ichki qismlaridagi lipoma UTT (UZI), MRT, rentgenografiya usullari yordamida tekshiriladi. Tashxis qo‘yishda qiyinchiliklar yuzaga kelsa biopsiya olinadi va mikroskop ostida kuzatiladi.

Lipoma organizmning har qanday qismida hosil bo‘lishi mumkin, shu sababli kasallikni turli yo‘nalishdagi shifokorlar davolashi mumkin. Bu albatta lipomaning joylashgan sohasiga bog‘liq bo‘ladi. Teri sohasida hosil bo‘lgan lipoma dermatolog va jarroh tomonidan davolanadi. Sut bezlarida paydo bo‘lgan lipoma esa mammologlar tomonidan, bosh yoki orqa miyada hosil bo‘lgan lipoma esa neyroxirurglar tomonidan davolanadi.

Ateroma lipomadan qanday farqlanadi? Lipoma yog‘ to‘qimalaridan tuzilgan hosiladir, ateroma esa yog‘ bezlari sekretidan ya’ni bez yo‘llarining yopilib qolishi natijasida hosil bo‘ladi. Ateroma yog‘ bezlari yo‘q sohalarda paydo bo‘lmaydi ya’ni o‘pka, miya, qorin bo‘shlig‘i, urug‘ tizimchasi va boshqalar.
Ateroma ko‘pincha boshning sochli qismida hosil bo‘ladi, yiringlash va yallig‘lanishga moyil, yuza joylashadi. Ateromaning yallig‘lanishida o‘lchami kattalashadi, qizarish belgilari paydo bo‘ladi, bu kabi o‘zgarishlar lipomada kuzatilmaydi. Bemorda ateroma yoki lipoma hosil bo‘lganligini aniqlash maqsadida UTT (UZI) tekshiruvi o‘tkaziladi.


Agar lipoma og‘riqsiz va katta o‘lchamda bo‘lmasa davo talab etmaydi. Sut bezlari lipomasi odatda kuzatiladi. Buning uchun har 6 oyda mammografiya tekshiruvi o‘tkazilib turiladi, agar hosil o‘lchami kattalashmasa uni olib tashlash talab etilmaydi.
Lipomani olib tashlash kerakmi?

Lipoma quyidagi holatlarda olib tashlanadi:
• Nerv oxirlarini ezib qo‘ysa;
• Diskomfort tug‘dirsa;
• O‘lchami yoki konsistensiyasi o‘zgarsa;
• Olib tashlangandan so‘ng qayta hosil bo‘lsa;
• O‘sishda davom etsa.


Lipomani olib tashlashdan oldin kortikosteroidlar yuboriladi, bu o‘sma o‘lchami kichrayishiga yordam beradi.
Lipomani olib tashlashda quyidagi usullar o‘tkaziladi:
Jarrohlik yo‘li: mahalliy og‘riqsizlantirish orqali lipomani skalpel yordamida kesib olish va jarohat joyini tikish;
Liposaksiya: lipoma ichiga igna yordamida kiriladi va ichidagi tuzilmalar so‘rib olinadi;

Lipomani lazer yordamida olib tashlash: bu usul 3 sm.dan katta o‘lchamdagi lipomalarni olib tashlash uchun o‘tkaziladi. Jarrohlik amaliyotida sog‘lom to‘qimalar jarohatlanishi va qon ketish xavfi juda kam.
Lazer yordamida olib tashlangandan so‘ng, uning o‘rnida chandiq hosil bo‘lmaydi.
Lipomani xalq tabobati yordamida davolab bo‘lmaydi, lipoma hosil bo‘lgan sohaga muz qo‘yish yoki qizdirish, turli xil o‘simliklardan tayyorlangan mazlar surishning sezilarli samarasi yo‘q, bu moddalar yog‘ to‘qimalariga hech qanday ta’sir ko‘rsatmaydi.

Yana o‘qing:  Tibbiy savodxonlik “alifbo”si qo‘l yuvishdan boshlanadi

Lipoma hosil bo‘lishiga olib keluvchi aniq bir sabab bo‘lmaganligi bois profilaktikada ham aniq bir chora tadbirlar mavjud emas. Xavfni kamaytirish maqsadida tana vaznini me’yorda ushlab turishning o‘zi kifoya.

Nilufar VAHOBOVA,

shifokor

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: