Angina xavfli(mi?)
Angina o‘tkir yuqumli kasallik bo‘lib, halqumda, oddiy tilda aytganda, tomoq bezlari deyiladigan tanglaydagi bodomsimon bezlarining yallig‘lanishdir. Agar ochiq og‘izga qaralsa, ularning halqum yo‘lining har ikki tomonida joylashganini ko‘rish mumkin.
Tibbiyotda bodomsimon bezlarning shamollashi tonzillit deb ataladi. Angina uning bir turi bo‘lib, bakteriyalar (goho virus va zamburug‘lar) keltirib chiqaradigan o‘tkir yallig‘lanishdir. Angina ko‘pincha juda og‘ir kechadi va xavfli asoratlar qoldiradi.
Alomatlari:
• qazg‘oqlanish, quruqshash va ayniqsa, yutinganda halqumda og‘riq paydo bo‘ladi;
• harorat ko‘tariladi;
• boshi og‘riydi;
• bo‘g‘im va mushaklar og‘riydi;
• limfatik tugunlar kattalashadi (quyi jag‘ osti paypaslansa, bilinadi).
Kichik yoshdagi bolalarda esa quyidagi holatlar ko‘rinadi:
• ovqatdan bosh tortish;
• og‘izdan so‘lak oqishi;
• tishlarining qorishib qolishi.
Agar bodomsimon bezlarni ko‘rish imkoni bo‘lsa, ular oq sarg‘ish tusdagi yiring bilan qoplangan bo‘ladi (qizil kataral angina). Bodomsimon bezlarning butun yuzasini och sariq «pufakchalar» qoplagan bo‘lsa, bu follikulyar angina. Anginaning eng yomon asoratlari biri dastlabki pallalarda halqum yiringlaydi, yuqumli kasallik bosh chanog‘i bo‘shlig‘iga tarqalib, miya qobig‘i yallig‘lanishi rivojlanadi (meningit), sepsis bo‘ladi (qon zaharlanadi). So‘ngra (2-4 haftadan keyin) surunkali tonzillit, bod, glomerulonefrit, miokardit kasalliklari kelib chiqadi.
Anginaning dastlabki belgilaridayoq shifokorga murojaat qilish kerak. Chunki bu kasallikning eng yengil shakli ham yomon asoratlarga va surunkali shakllarga olib kelishi mumkin. Angina yuqumli kasallik, shu bois shifokorni uyga chaqirish maqsadga muvofiq.
Shifokor tekshirishning turli usullarini qo‘llashi mumkin, masalan: faringoskopiya; qon tahlili; ko‘krak qafasi flyurografiyasi; burun-halqum suvi va shillig‘i (rinit)ni bakteriologik tekshirish va hokazolar.
Muolaja uyda (ambulatorik usulda) o‘tkazilib, bemor, albatta, boshqalardan tajratib qo‘yiladi. Angina yuquvchan, shu bois bemorni alohida xonaga joylashtirish, uyni tez-tez shamollatib, ho‘l latta bilan supurib-sidirish kerak. Yosh bolalarni ham, katta yoshdagi odamlarni ham bemor oldiga qo‘ymaslik kerak. Bemorning ovqat yeydigan o‘z idishi bo‘lishi shart, ulardan kasallik vaqtida boshqa hech kim foydalanmasligi kerak. Kasallikning birinchi kunlarida hali harorat chiqib turgan davrda, bemor to‘shakka «mixlab» qo‘yiladi. Angina og‘ir kechsa, asorati kuchayaversa, bemor kasalxonaga yotqizilishi lozim.
Parhez. S vitamini va V guruhi vitaminlariga boy yengil ovqatlar tavsiya etiladi. Suyuqlikni ko‘p ichish foydali: yangi tayyorlangan xo‘l mevalar sharbati, limonli yo maymunjonli choy, sut, ishqorli ma’dan suvi. Achchiq, qaynoq va muzdek ovqat istisno etiladi.
Dorilarni shifokor ko‘rsatmasi va uning nazorati ostida ichish kerak. Bu vositalar bemorning o‘ziga qarab tayinlanadi angina tabiatiga, yoshga, yonidagi surunkali kasallikka, organizmning umumiy holatiga ham qaraladi. Tashqi muolaja va shamollashga qarshi preparatlarni qo‘llash kasallikning yengil shakllarida (kataral angina) samarali. Anginaning og‘irroq shakllarida tashqi muolajani yanada kuchliroq vositalar, eng avvalo, umumiy antibiotik muolaja bilan to‘ldiriladi.
Jarrohlik muolajasi. Yiringli angina rivojlanganda bemorni jarrohlik muolajasi uchun zudlik bilan kasalxonaga yotqizish kerak. Eng ko‘p qo‘llaniladigan jarrohlik muolajasi bu abssessni ochish va tozalashdir.
Xalq tabobatida ham anginani samarali davolash yo‘llari mavjud. Turli giyohlardan tayyorlanadigan damlamalar shular jumlasidan. Misol uchun Oq g‘ozpanja giyohi xalq orasida «bo‘g‘izcha» va «bo‘g‘iz o‘ti» deb ataladi. Undan damlangan choy shamollashni tez yo‘qotadi, takroriy anginadan ancha vaqtgacha xalos qiladi. Choyni tayyorlash uchun 1 oshqoshiq g‘ozpanja kukuni 1 stakan qaynatilgan suvga solinadi, kamida 1 soat tindiriladi. Kunda 2 mahal 1 stakandan ichiladi.
Yalpiz yaprog‘i 10 gr. ittikanak giyohi 15 gr. qizilpoycha giyohi 5 gr. valeriana ildizi 5 gr. olinib aralashtiriladi. 1 oshqoshiq to‘plamni olib 200 ml. sovuq suvga solinadi, qaynatib, 1 soat tindiriladi. Qaynatmani issiq holda kunda 1-2 mahal va yotishdan oldin 1 stakandan ichiladi. Moychechak gullari yoki munchoqgulning tuyilganidan 1 stakan sutga 2 choyqoshig‘i solinadi, 1 choyqoshiq toza asal qo‘shib qaynatiladi va suziladi, qaynoq holida kunda 2-3 mahal ichiladi.
1 oshqoshiq budrani 200 ml. suvga solib, 5 daqiqa qaynatilib, tindiriladi. Og‘iz chayish va kunda 3-4 mahal 50-100 ml. dan ichish tavsiya etiladi.
1-2 oshqoshiq quruq moychechak gulini 2 stakan qaynoq suvga solib, 10-15 daqiqa suvli idishda qaynatilib, sovitiladi va suziladi, qaynatmaga 1-2 choyqoshiqda asal solsa ham bo‘ladi. Aralashmani ichib, og‘izni chayish mumkin.
Dushitsa nastoykasidan (200 ml. suvga 1 choyqoshiq solib) og‘iz chayish yoki choy o‘rnida ichish mumkin.
Angina boshlanganda limonni, ayniqsa, po‘stini uzoq chaynash yordam beradi. Qirilgan limon va asaldan bolalarga aralashma qilib berilsa, yana yaxshi. Limonni iste’mol qilib bo‘lgach, undagi efir moyining tomoq shilliq pardasiga ta’sirini kamaytirmaslik uchun 3 soatgacha hech nima yemay turish kerak. 3 soatdan keyin muolaja amali yangilanadi. Tashqi muolaja uchun xalq tabobati retseptlari giyohlar (kushtoron, moychechak)ning issiq qaynatmalari, natriy bikarbonat (soda), bor kislotasi, vodorod peroksidi eritmalari va hokazolar bilan chayish mumkin.
Bo‘yin atrofini issiq saqlash (paxta-doka bilan bog‘lash yoki isituvchi kompress)tayinlanadi. Isituvchi bog‘ich yoki kompress anginaning o‘tishini ancha yengillashtiradi. Kompress amali quyidagicha: mato (yaxshisi shamollashni oluvchi kanop bo‘zdan foydalanish kerak) ni 1 choy qoshiq sirka solingan 0,5 l suvda ivitiladi (isitilgan o‘simlik moyi, suv qo‘shilgan spirt yoki bolaning peshobi yoki bo‘lmasa oddiy issiq suv) va siqib tashlanadi.
Ho‘l latta bilan bo‘yin qoplanadi, uning ustidan mumli qog‘oz (kompres qog‘ozi) yoki sellofan plyonka qo‘yiladi, keyin yung bo‘yinbog‘ bilan o‘rab issiq qilinadi-da, doka yo ro‘mol bilan bog‘lab qo‘yiladi. Kompress muddati 1,5-2 soat. Yangi karam yaprog‘idan kompress qilsa ham bo‘ladi, uni har 2 soatda almashtirib turiladi. Bu kompress faqat bodomsimon bezlarning emas, balki bo‘yin limfatik tugunlarining shamollashini ham bartaraf etadi.
Mors va asalli yangi klyukva mevasini shamollash kasalliklari, anginani davolashda qo‘llasa bo‘ladi. Asal va klyukva (yoki brusnika) aralashmasining suvi bilan kasal tomoq chayiladi.
Angina va tonzillit keltirib chiqaruvchi ko‘plab mikroorganizmlarga nisbatan faol moddalar qoncho‘pda bor. Koncho‘p choyi bilan bodomsimon bezlar bo‘shlig‘i va oraliqlari chayiladi va yuviladi. Choyni suv hammomida bir stakan suvga 1 oshqoshiq giyoh tashlab damlanadi.
Durdona MUROTALIYEVA tayyorladi