Osh tuzi nima uchun yodlangan bo‘lishi zarur?
Yod – inson organizmining me’yoriy faoliyati uchun lozim bo‘lgan element. U tabiiy ravishda faqat ma’lum iqlim sharoitida, ko‘pincha dengizga yaqin mintaqalarda hosil bo‘ladi.
Yod kam miqdorda uchraydigan hududlarda esa odamlarning bu moddaga ehtiyojini yetarli darajada qoplash uchun qo‘shimcha choralar ko‘rish talab etiladi. Uning tanqisligi aqliy zaiflikning asosiy omilidir. Ma’lumotlarga ko‘ra, har yili dunyoda 38 millionga yaqin bola yod tanqisligi xavfi bilan tug‘iladi. Qolaversa, bu modda yetishmasligi qalqonsimon bez va ovqat hazm qilish organlari faoliyati bilan bog‘liq turli jiddiy kasalliklarni keltirib chiqaradi.
Bundan tashqari, tirnoqlarning tabaqalanishi, soch to‘kilishi, teri quruqlashuvi, uyquchanlik, charchoq ham organizmda yod taqchilligi alomatlaridandir. Shu sababli bu kabi muammolarning oldini olish maqsadida dunyoda osh tuzini yodlash amaliyotidan keng foydalaniladi.
Organizm uchun kerakli bo‘lgan yodni turli dengiz mahsulotlarini iste’mol qilish yo‘li bilan olish mumkin. Bizning mintaqamizda bunday ne’matlar serob bo‘lmagani sababli osh tuzini yodlashga ehtiyoj tug‘iladi.
Osh tuzining asosiy tarkibiy qismi natriy bo‘lib, u qon aylanishi va qon bosimini boshqarish, asab tizimi hamda mushaklar orasidagi uzviy aloqani ta’minlash vazifasini bajaradi. Uning ikkinchi elementi bo‘lgan xlor esa ovqat hazm qilishga yordam beradi.
Organizmdagi moddalar almashinuvini me’yorlashtirish uchun kuniga bir choy qoshiq – 5 gramm osh tuzi iste’mol qilish tavsiya etiladi. Qolaversa, u yod tanqisligi kasalligining oldini olishga ham xizmat qiladi.
Mamlakatimizda yodlangan osh tuzi «Aholi o‘rtasida mikronutriyent yetishmasligi profilaktikasi to‘g‘risida»gi qonun asosida ishlab chiqariladi. Davlat standarti talablariga ko‘ra, osh tuzi tarkibida yod miqdori tonnasiga 40 gramm miqdorda bo‘lishi belgilab qo‘yilgan.
Sifatli osh tuzining qadog‘ida ishlab chiqargan tashkilot nomi, tovar belgisi, mahsulot nomi, uning navi va yanchilish darajasi, ishlab chiqarilgan sanasi, normativ hujjat nomi, yaroqlilik muddati, yodlash qo‘shimchasi nomi hamda yod ulushi kabi bir qancha ma’lumotlar aks etgan bo‘lishi kerak.
Osh tuzlarining saqlanish harorati 28 darajadan oshmasligi lozim. Qotib qolgan, nam tortgan, begona hidlarga ega bo‘lgan, yaroqlilik muddati o‘tgan, qadoqlari buzilgan osh tuzlarining foydali xususiyatlari yo‘qolgan bo‘ladi. Bunday mahsulotlarni iste’mol qilmaslikni tavsiya qilamiz.
Nodira ALIXANOVA,
Aholining sog‘lom turmush tarzini qo‘llab-quvvatlash va jismoniy faolligini oshirish markazi direktori