Soch nega to‘kiladi?
Soch to‘kilishi xilma-xil sabablarga bog‘liq. Barvaqt soch to‘kilishi ichki sekretsiya bezlari, jigar, me’da-ichak yo‘li a’zolari faoliyatining buzilishi, vitaminlar yetishmasligi yoki soch folikulalari (xaltachalari)ning tug‘ma kamchiligi va hokazolarga bog‘liq. Soch to‘kilishi ko‘pincha Seboreya natijasida ham soch vaqtdan ilgari to‘kilishi mumkin.
Uzoq muddat gavda temperaturasi yuqori turadigan ba’zi infetsion kasalliklar (skarlatina, tiflar, gripp va boshqalar)da, og‘ir operatsiyalardan so‘ng ba’zida soch to‘kiladi, lekin bunda sog‘liq asliga qaytgach, soch to‘kilishi to‘xtaydi. Vaqtincha yoki doimiy soch to‘kilishi boshning sochli qismi terisiga zamburug‘ yuqqanligi natijasi bo‘lishi ham bo‘lishi mumkin, bu holda soch har joy – har joydan to‘kilib ketadi.
Asabiy kechinmalar, o‘ta charchash va boshqalar oqibatida ko‘pincha soch uya-uya yoki dumaloq-dumaloq bo‘lib to‘kiladi. Bunday (ya’ni dumaloq-dumaloq bo‘lib) soch to‘kilishi davolansa ko‘pincha to‘xtaydi. Sochi to‘kilayotgan kishi dermatolog yoki kosmetologga nechog‘li erta borsa, davo shunchalik naf berishi mumkin.
Soch to‘kilishini to‘xtatishda uni to‘g‘ri parvarish qilish katta ahamiyatga ega.
Quyida teri kasalliklari shifokori Ikromxon Obidovning soch nega to‘kilishi xususida fikrlari bilan tanishishingiz mumkin.
Soch kasalliklari yog‘ bezlari funksiyasining buzilishi natijasida kelib chiqadi. Dastlab bosh terisida mayda kepakka o‘xshagan tangacha – qazg‘oq paydo bo‘ladi, bu ko‘pincha seboreya kasalligida kuzatiladi. Soch to‘kilib, o‘rnidan yangi soch chiqib turishining buzilishi sabablari har xil. Ba’zan soch butunlay to‘kilib, kishi kal bo‘lib qolishi yoki aksincha soch zo‘r berib o‘sishi mumkin. Bosh kiyimining og‘ir yoki tor bo‘lishi, uzoq vaqt parik kiyib yurish, shuningdek, oftobda boshyalang yurish ham soch to‘kilishiga sabab bo‘ladi. Qish kunlarida boshyalang yurish yaramaydi, aks holda yuza tomirlari qisilib soch oziqlanishi o‘zgaradi.
Qarilikda soch to‘kilishi ulg‘ayish bilan terida yuz beradigan o‘zgarishlariga bog‘liq. Vaqtidan ilgari soch to‘kilishi turli yoshda kuzatiladi. Ko‘pincha biror betoblik alomati bo‘lishi mumkin.
Bolalarda soch to‘kilishi og‘ir yuqumli kasalliklar, shuningdek, organizmda vitaminlar yetishmasligi, jigar, me’da-ichak, nerv tizimi, qalqonsimon bezlar kasallanishi oqibatida ro‘y beradi. Soch to‘kilishi ayrim yuqumli kasalliklar, masalan, zahmda ko‘proq kuzatiladi. Bemor tuzalganidan so‘ng to‘kilgan sochlar o‘rniga yangi sochlar o‘sib chiqadi. Ba’zan o‘quvchilarda, imtihon davrida ham soch to‘kilishini kuzatish mumkin. Bu o‘ta toliqish, uyqusizlik davrida yuzaga keladi. Ayollarda esa sochni har xil turmaklash, preparat, ya’ni uzoq saqlanadigan jingalak qilish soch to‘kilishi sabab bo‘ladi.
Vaqtidan oldin soch to‘kilishi o‘rta yoshdagi erkaklarda ko‘proq uchraydi. Bunda ikki chakka va tepadagi soch to‘kiladi. Bir necha yildan so‘ng umuman soch qolmaydi, yoki «tepakal»ga aylanadi. Odatda «tepakal»lik nasl suradi. Uya-uya bo‘lib soch to‘kilishiga esa asab faoliyatining buzilishi, shuningdek, organizmning zaharlanishi sabab bo‘ladi. Bu holat go‘yo to‘satdan ro‘y berganga o‘xshaydi. Dastlab bir-ikki joydan to‘kilib, ular kengayib boradi va bir-biriga qo‘shilib, sochlarning umuman to‘kilib ketishiga sabab bo‘ladi. Soch to‘kilgan yerdagi teri sillik, yaltiroq, yallig‘lanmagan bo‘ladi. Sochning bu xilda to‘kilishi odatda xronik, unga davo qilish ancha mushkul kechadi, hatto davolangandan keyin ham soch to‘kilishi mumkin. Ayrim dorilarni surunkali ichib yurish yoki sochni noto‘g‘ri parvarishlash oqibatida ham soch to‘kilishi mumkin.
Sochda kasallik paydo bo‘lganda, albatta, shifokorga murojaat qilish zarur. Soch to‘kilishiga sabab bo‘lgan omillar bartaraf etilganidan keyin to‘kilgan soch o‘rniga yangisi chiqa boshlaydi. Bu kasallikning oldini olish uchun sochni to‘g‘ri parvarishlash, organizmni chiniqtirish, vitaminlarga boy ovqatlar tanovvul qilish, sport bilan shug‘ullanish, piyoda sayr qilish va yetarlicha dam olish lozim. Spirtli ichimlik va chekishga ruju qo‘ymaslik tavsiya etiladi.
Kompyuter oldida ko‘p o‘tirishingiz ham sochni siyraklashib, nurining yo‘qolishiga va ko‘p to‘kilishiga sabab bo‘ladi. Hattoki, qosh va kipriklar to‘kilishi xavfi ham bor.
Ma’lumotlarga qaraganda soch har 4 yilda to‘kilib o‘rniga yana yangi sochlar o‘sib chiqar ekan. Ammo shu 4 yil ichida sochning to‘kilishi ham biror bir kasallikning boshlanishi asoratini bildirishi mumkin.
Soch to‘kilmasligi uchun maslahat!
- Uy sharoitida bir osh qoshiq asalga bitta tuxum sarig‘ini qo‘shib aralashtirasiz va sochingizga surib (maska) qo‘yasiz. va 2-3 soatdan keyin yuvib tashlaysiz.
- 1 kosa spirtga 10 ta qalampirni ichiga solib bo‘ktirib qo‘yasiz. Eritmani boshingizga surib qo‘yib buni ham 3-4 soatdan keyin yuvib tashlaysiz.
- Sochingiz mustahkam bo‘lishi uchun sarimsoq piyozni qirg‘ichdan o‘tkazib suvini ajratib olasiz va boshingizga surtasiz yoki qatiq surib qo‘ysangiz ham bo‘ladi.
- Sochingiz o‘sishi uchun kastorniy masla, bodom yog‘ini boshingizga surib qo‘yasiz va 3-4 soatdan so‘ng yuvib tashlaysiz.
Bergan maslahatlarimga rioya qilsangiz sochingiz mustahkam va chiroyli bo‘ladi.
Soch ildizlarini mustahkamlashda chindan ham sarimsoqdan foydalanadi, uni ezib suvli ezmani soch ildizlariga surib selofan qalpoq kiyib bir soat ushlanadi va hidli, sochga yog‘li quruqligiga qarab mos keladigan oziqlantiruvchi shampun bilan yuvib tashlanadi, sarimsoqning hidi atrofdagilarni ortiqcha bezovta qiladigan darajada qolmaydi.
Yana limonni ko‘p iste’mol qilishlik ham soch to‘kilishining oldini oladi.
Soch to‘kilishiga asosiy sabablardan biri stress! Nimaga yosh bolani sochi hech to‘kilmaydi, chunki uning dardi yo‘q, hech narsani jiddiyga olmaydi.
Keyin vaqtida, sog‘lom ovqatlanishga ham diqqat qilish kerak. Och qolish, och qolgandan keyin birdan ovqat yeyish qanday oshqozonni og‘ritib bezovta qilsa, bundan butun vujud ta’sirlanarkan, soch ham shu sabab to‘kilishi mumkin.
E’tibor berganmisiz, sokin, xotirjam, qachon qaramang ishini o‘z paytida qilgan, vaqtiga diqqat etgan kishilarning ham jismoniy, ham ruhiy sog‘ligi joyida bo‘ladi…
Inson bir narsadan siqilganda, «voy kech qoldim», deb shoshganda butun tana ta’sirlanarkan….Bundan xulosa chiqarsak bo‘ladi…
Soch to‘kilishi vitamin tanqisligidan, kalsiy yetishmasligidan, gemaglabin tushib ketganidan, ichki organizmlarning kasallanganidan, issiqdan sovuqqa chalinganda(ya’ni issiq havodan yoki suvdan tezlik bilan va ko‘p martalab sovuq havoga yoki suvga almashilganda yoki aksincha) va har xil shampunlar ishlatilganda yuzaga keladi.
Soch to‘kilgan joylarga maxsus suyuqlik surtish tavsiya qilinadi. 40 foizli spirtga bitta achchiq garmdori va saromsoqpiyozni bitta tishini maydalab aralashtiriladi va 3 kun qorong‘uda saqlanadi. Soch to‘kilgan joyga surganda 2 soat surp yoki chit mato bilan o‘raladi. Keyin tozalab yuviladi. Bu usul bir haftada bir marta qo‘llaniladi. Agar soch kam to‘kilsa, bu usulni bir oyda bir marta qo‘llasa bo‘ladi (hidi kelishi tabiiy, hidini ketkazishga harakat qilish mumkin, lekin hidi ketishi anchalik qiyin).
Sochi zaif kishilarga soch to‘kilishining oldini olish va ildizlarini baquvvat qilish uchun kunjut va bodom yog‘ini teng o‘lchovda olib aralashtirib soch ildizlariga surtib massaj qilish tavsiya qilinadi.
Dilrabo MUROTALIYEVA yozib oldi