«Hashamatli hayot sindromi»

Shunday sindrom bormi? Kitoblarda yo‘q, biroq hayotda bor. So‘nggi paytlarda 17-20 yoshga yetgan o‘g‘li yoki qizining xarakteridan norozi bo‘lib kelayotgan ota-onalar soni ko‘paygan. Mana bu o‘g‘limni (qizimni) bir ko‘rib qo‘ysangiz, xarakteriga tushuna olmay qoldim, yegani oldida, yemagani ortida, tagiga mashina olib berib qo‘yganmiz, eng yaxshi noutbuk va smartfon tutadi, zo‘r institutga kirgizib ham qo‘ydik, hashamatli uyimiz bor, tog‘ yonbag‘rida dala hovlimiz bor, uyda bir ish qilay demaydi, qilsayam chala qiladi, chiroyli va qimmat kiyinishni xush ko‘radi, ko‘chadan beri kelmaydi, hatto ovqatlangan idish-tovog‘ini dasturxondan olib ham qo‘ymaydi, ish buyursang xafa bo‘ladi, ukam yoki opam qilsin deydi, qattiqroq koyisang arazlab uydan chiqib ketadi.

Axir mening ham, otasining ham bolaligi juda qiyin o‘tgan, olti bolali uyda katta bo‘lganmiz, katta mehnatlar evaziga qiyinchilik bilan shu darajaga erishganmiz, bir-birimizga juda mehr-oqibatli bo‘lganmiz. Bunga qancha mehr bersak, shuncha mehrli bo‘lish o‘rniga xudbin bo‘lib boryapti. Otasi qattiqqo‘l bo‘laman, deb bir-ikki marotaba urishib bergan edi, yoniga yo‘lamaydigan bo‘ldi va yomon ko‘rib qoldi. Biror marotaba kasal qilmay o‘stirganman, biroq biz kasal bo‘lib qolsak, ishi ham yo‘q. Ayting, nega bolam shunday, bunga na psixoterapevt, na mullaga o‘qitish, na buvasi yoki buvisining o‘giti yordam berdi. Biz murojaat qilmagan odam qolmadi. Axir yomon tarbiya bermagan bo‘lsak, mehrimizni ko‘rib-bilib turgan bo‘lsa. Nima qilaylik?! Naslimiz ham toza! Nima qilishni bilmay qoldim. Bu nima o‘zi?! Ruhiy kasallikmi? Tarbiyadagi nuqsonmi? Bu nima balo o‘zi?


Buni men «Hashamatli hayot sindromi» deb atagan bo‘lar edim. Asosiy sababi, albatta, bu – to‘q oila!


«Hashamatli hayot sindromi» rivojlanishiga turtki bo‘luvchi asosiy omillar:
1) Uyda xizmatkor saqlash va bolani mehnatga o‘rgatmay katta qilish;
2) Ilk bolalik davridan uni o‘z holiga tashlab qo‘yish;
3) Nopok yo‘llar bilan topilgan pullar evaziga boqish;
4) Bolaning har bir xarxashasini so‘zsiz bajarish;
5) Bola oldida o‘zaro bahslashaverish;
6) Ilk bolalik davridan qimmatbaho narsalarga o‘rgatish va sotib olib berish;
7) Topib kelingan pullarni bolaning oldida sanash;
8) Ota-onaning ishdan kech qaytishi va hokazo.
Xo‘sh nima qilish kerak? O‘g‘il yoki qiz aqlli-xushli bo‘lib o‘sib-ulg‘aysin deb ne azoblar bilan erishilgan hashamatli hayotdan voz kechilsinmi?

Oldini olish yo‘llari:

Yana o‘qing:  O‘zbekistonda “Mahalla iftixori” ko‘krak nishoni ta’sis qilindi

1) Bola uch yoshga to‘lgunga qadar Sizga dekret ta’tili berildimi, ishlamang, vaqtingizni bola bilan o‘tkazing. Bolani ko‘krak suti bilan boqing, mehr bilan emizing. Sut bilan nafaqat oziq moddalar, balki onaning mehri ham o‘tadi. Emib katta bo‘lgan bola onaga ham, otaga ham mehrli bo‘ladi. Erkak kishi esa na homilador ayol, na bola emizadigan ayol bilan urishmasin, uni xafa qilmasin. Bola onaning qornida hammasini eshitib yotadi va miyasiga yozib qo‘yadi. Shuningdek, janjal paytida qonda to‘plangan adrenalin va boshqa zaharli moddalar bolaga yo‘ldosh orqali, tug‘ilgandan keyin sut orqali o‘tadi.

2) Uch yoshgacha bo‘lgan bolani qanday tarbiyalashni bilmasangiz, kitob do‘koniga boring. Hozir bunday kitoblar ko‘p va nafaqat jismoniy parvarish, balki psixologik parvarish haqida ham ma’lumot bor.

3) Ilk bolalik davridan boshlab qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib salom berishni o‘rgating va chiroyli qilib alik oling.

4) Bola qo‘liga qoshiq tutishni o‘rgangan kundan bosh­lab, uni mehnatga o‘rgating va rag‘batlantirib boring: a) asalim, anavini olib ber; b) bo‘talog‘im, anavi non ushoqlarini to‘play olasanmi? v) qani, ishtoningni o‘zing kiyib ko‘rchi; g) manavi narsa halol, mana bu narsa harom va hokazo.
Shuni esda tuting: 10-12 yoshgacha bola ota-ona aytganini qilsa, undan so‘ng o‘z bilganini qiladi. Keyingi tarbiya – bu kechikkan tarbiya. Kitob bolani ilmli qilsa, mehnat uni tarbiyalaydi. Shuning uchun bolani esini taniganidan mehnatga o‘rgating.

Men «Hashamatli hayot sindromi» degan kasallikdan farzandingizni forig‘ qilish yo‘llari haqida aniq retsept yozib bera olmayman. Bu juda qiyin masala. Biroq ushbu kitobda har xil psixoterapevtik usullar haqida yozganman. Ulardan foydalanish mumkin. Har holda tarbiya fani eng qiyin fan ekanligini unutmang. Erta tarbiya, erta tarbiya va yana bir bor erta tarbiya! So‘zimni buyuk mutafakkir Rudakiy aytgan ushbu misralar bilan tugallamoqchiman: «Gar kishi hayotdan olmasa ta’lim, unga o‘rgata olmas hech bir muallim». Shundan o‘zingiz xulosa chiqarib olavering.

Zarifboy IBODULLAYEV,

tibbiyot fanlari doktori,

professor

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: