Qon bosimini to‘g‘ri o‘lchashning 9 qoidasi
Qon bosimini o‘lchash qiyin emas, ayniqsa, zamonaviy avtomatlashtirilgan tonometrlar yordamida bu hamma bajara oladigan oddiy yumushga aylanadi. Lekin qon bosimini o‘lchaganda natijaning aniq chiqishi uchun amal qilish zarur bo‘lgan qoidalar bor. Ularning ayrimlarini e’tiboringizga havola etamiz.
- Biror ish qilganingizdan keyin darhol qon bosimingizni o‘lchamang, avval, 5 daqiqacha tinch sharoitda o‘tiring. Qon bosimini o‘lchashdan yarim soat oldin chekmang va qahva ichmang.
- Stulga qaddingizni tik qilib o‘tiring. Oyoqlaringizni chalishtirmang. Oyoqlar polda shunday turishi kerakki, tizzalar baland ko‘tarilmasligi lozim.
- Yengingizni shimaring, yaxshisi – yengi uzun kiyimda bo‘lsangiz, uni yechib qo‘ying, shunda manjetni o‘rashda muammo yuzaga kelmaydi.
- Qo‘lingizni shunday joylashtiringki, tonometr manjeti taxminan yurakning to‘g‘risida bo‘lsin. Ba’zan buning uchun qo‘l ostiga yostiqcha qo‘ygan ma’qul.
- Manjetni to‘g‘ri o‘rang. Uning pastki tomoni tirsakdan 2-2,5 sm yuqorida bo‘lishi kerak.
- Manjetni shunday o‘rangki, u bilan qo‘lingiz orasiga 1-2 barmoq sig‘adigan bo‘lsin. Tonometr pulsni qayd etishi uchun rezina naychalar tirsakning ichki tomoniga qarashi kerak.
- Tonometrning barcha naychalari tekis bo‘lsin, chigallashib yoki tugun bo‘lib qolmasin.
- Tonometr manjetni havoga to‘ldirishi uchun dasturni ishga tushiring yoki uni mustaqil harakatga keltiring (bu qanday modelni xarid qilganingizga bog‘liq). Qurilma havoni qo‘yib yuborishini kuting yoki klapanni ochib, havoni o‘zingiz qo‘yib yuboring.
- Tonometr ko‘rsatkichlarini yozib olib, ikki daqiqadan keyin boshqa qo‘lingizda ham qon bosimingizni o‘lchab ko‘ring.
Sog‘liqni saqlash vazirligi
Matbuot xizmati