Vujud gavhari
Kundalik hayotda «ko‘z nuri» degan atamaga ko‘p bora duch kelamiz. Aytaylik, bolaligimizda ota-onamiz «ko‘z nuringni behudaga to‘kma», deya ta’kidlashadi. Yoshimiz ulg‘ayganda esa o‘zimiz ham kichiklarga shunday maslahat, o‘git beramiz. Bu bejiz emas. Chunki, to‘kis, baxtli turmush kechirish, ezgu manzillarga yetish uchun sog‘lom ko‘zlar kerak bo‘ladi.
Xo‘sh, ko‘z nuri degani o‘zi nima? Mazkur tushuncha sog‘lom inson organizmida sog‘lom ko‘zlar faoliyatining ifodasidir. Ko‘zlar unga tushgan yorug‘lik, nur orqali sog‘lom ko‘rinadi va obrazni qabul qiladi. Ko‘chma ma’noda, ko‘z nuri – ko‘z shoh pardasining sog‘lomligi, yaltirashi, ko‘zgudek aks berib, tiriklikni namoyon etishidir.
Ko‘zlar nega xastalanadi?
Ko‘z kasalliklari kelib chiqishining sabablari ko‘p. Bu borada nasliy, ekologik omillar bilan birga, nosog‘lom turmush tarzining ham kattagina o‘rni bor. Masalan, ertadan-kechgacha televizor tomosha qilish, kompyuter oldida o‘tirish bolaning ko‘rish qobiliyatiga salbiy ta’sir o‘tkazmay qolmaydi. Bunday kasalliklarning oldini olish uchun ratsional ovqatlanish, jismoniy faollik, tozalik, ekologik muhit musaffoligi, kun tartibini to‘g‘ri tashkil etish, o‘z vaqtida hordiq chiqarish juda muhim.
Hozirgi kunda jahon tibbiyotida refraksiya anomaliyalari, (uzoq yoki yaqinni yaxshi ko‘rmaslik – miopiya, gipermetropiya, astigmatizm), turli ko‘z jarohatlari, katarakta, glaukoma, presbiopiya (keksaygan sari ko‘rishning pasayib borishi) kabi kasalliklar ko‘p uchramoqda.
Eng ilg‘or usullar qo‘llanilmoqda
Dunyo tibbiyoti oftalmologiya va ko‘z mikroxirurgiyasi yo‘nalishida ham ulkan yutuqlarga erishdi. Poytaxtimizda, viloyatlar markazlari va tumanlarda faoliyat yuritayotgan oltmishga yaqin tibbiyot muassasalari hamda besh yuz ellikdan ko‘proq tibbiyot xonalarida bu yo‘nalishda aholiga yuksak texnologiyalar vositasida tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda.
Respublika ixtisoslashtirilgan ko‘z mikroxirurgiyasi markazining maslahat-tashxis poliklinikasida kuniga bir yuz ellikka yaqin qatnov qayd etiladi. Eng ilg‘or diagnostika va davolash vositalari bilan jihozlangan klinikada yiliga olti mingdan ko‘proq bemorda noyob jarrohlik amaliyotlari o‘tkaziladi.
Izlanishlar natijasida kataraktani davolashning oltin standarti deb nom olgan zamonaviy usullari, shoh pardani ko‘chirib o‘tkazish amaliyoti, glaukoma, miopiya kasalliklari, qandli diabetning og‘ir asorati – diabetik retinopatiya kabi xastaliklarda lazer texnologiyalari vositasida tig‘siz jarrohlik amaliyotlari joriy etilgani bemorlarga yorug‘ dunyoni qayta ko‘rish imkoniyatini berayotir.
Tibbiyot ilmining bunday yangiliklarini hududiy tibbiyot muassasalarida ham tatbiq etish maqsadida Respublika ixtisoslashtirilgan ko‘z mikroxirurgiyasi markazida oftalmologlarning malakasini oshirish uchun qisqa muddatli o‘quv kurslari tashkil etilgan. Bundan tashqari, olimlarimiz va shifokorlar reja asosida chekka hududlarga chiqib, aholini chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishadi, joylarda jarrohlik amaliyotlari olib boriladi, mahorat darslari uyushtiriladi.
Tibbiy profilaktika
Har qanday xastalikning oldini olishda samarali usul bu – tibbiy profilaktika, sog‘lom turmush tarzini yo‘lga qo‘yishdir. Yoshi qirqdan oshganlar garchi shikoyati bo‘lmasa ham yilda bir marta shifokor ko‘rigidan o‘tishi, ko‘zning ichki bosimini o‘lchatishi kerak.
Xira ko‘rayotganidan shikoyat qilganlarning ahvolini taxminiy usullar – uzoqqa barmoqlarini ko‘rsatib, yaqinga kitob sahifasini o‘qitib tekshirib ko‘rishi mumkin. Qolaversa, ko‘zdagi qizarish, qovoqlarda qisilish, jarohat belgilariga befarq bo‘lmaslik shart. Ko‘zoynak taqishning ham o‘z qoidasi bor. Qandli diabet, gipertoniya kabi kasalligi bor bemorlar shifokor ko‘rigiga borishi lozim.
Bundan tashqari, uyda muolaja olayotgan bemorlar ko‘z tomchilaridan to‘g‘ri foydalanishi, ularni qo‘llashdan avval shaxsiy gigiyena qoidalariga rioya etishi maqsadga muvofiq.
Dilshod ABDINAZAROV,
oliy toifali shifokor