“NIKA PHARM”NING ISTIQBOLLI ODIMLARI
“O‘zsanoatqurilishbank” ATB o‘z hamkori bo‘lgan “SQB Securities” kompaniyasi OAV xodimlariga tadbirkorlik sub’yektlarini qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan ishlarning amaliy natijalari bilan tanishtirib, uning faoliyati to‘g‘risida ma’lumot berish maqsadida “Nika pharm” dori mahsulotlari ishlab chiqarish korxonasiga press-tur uyushtirdi.
“SQB Securities” investitsiya kompaniyasi bugungi kunda kapital bozorida turli innovatsion yechimlar, mahsulot va xizmatlarni tatbiq etib, yirik sanoat korxonalari, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’yektlarining xalqaro moliya bozoriga chiqishiga ko‘maklashib kelmoqda. Investitsion vositachi, konsultant, shuningdek, investitsion aktivlarning ishonchli boshqaruvchisi sifatida kompaniya ham mahalliy, ham xalqaro moliya institutlari bilan investitsiya-bank sohasida sherikchilik aloqalarini mustahkamlamoqda.
Bu ishlab chiqaruvchi korxonalar uchun global hamkorlik platformasida kredit liniyalari, maslahatlar, aktivlarni boshqarish, investitsiyaviy bitimlar va boshqa operatsiyalarni amalga oshirishda strategik hamkorlikni ta’minlaydi.
Jumladan, yirik farmatsevtika ishlab chiqaruvchi – “Nika pharm” MCHJ “SQB Securities” ko‘magida ana shunday imkoniyatga ega bo‘ldi. Unga investitsiya kompaniyasi sa’y-harakati bilan Osiyo taraqqiyot bankidan 3 million AQSH dollari miqdorida to‘g‘ridan-to‘g‘ri kredit jalb etildi.
Ushbu mablag‘ hisobiga korxonaning “Covid-19” kasalligini davolashda qo‘llanilayotgan 20 turga yaqin dori vositalarini ishlab chiqarish kengaytirilib, moliyalashtirildi.
Press-tur davomida OAV xodimlari “Nika pharm” korxonasida dori mahsulotlarini qutilash va joylash hamda tayyorlash kabi ishlab chiqarish jarayoni bilan tanishishdi. “Nika pharm”ning tashkil topishi, faoliyati, eksport va erishilgan muvaffaqiyatlar haqida ma’lumot berilib, rolik namoyish etildi.
Maryam AHMEDOVA