Inson qanchalik to‘g‘ri va sog‘lom ovqatlansa, terisi shunchalik chiroy ochadi

Tibbiyot fanlari doktori, professor Ulug‘bek SOBIROV bilan aholi orasida eng ko‘p uchraydigan teri kasalliklari bo‘yicha suhbatlashdik.

– Teri kasalliklari ichida eng keng tarqalgani va ularning og‘ir shakllari haqida gapirib bersangiz?


– Hozirgi kunda teri kasalliklari bilan xastalangan bemorlar soni ortib bormoqda. Bulardan psoriaz, ya’ni qipiqli temiratki, vitiligo, terining allergik xastaliklari, husnbuzar, po‘rsildoq yara kasalligi keng tarqalgan. Ma’lumki, teri butun inson tanasini qoplab turuvchi a’zo bo‘lib qolmay, balki barcha ichki a’zolar bilan uzviy bog‘liq holda qator muhim vazifalarni bajaradi. Odamning sog‘lig‘i, yurak-qon tomir, asab, oshqozon-ichak trakti, endokrin tizimi bilan bir qatorda, terining funksiyasi va xususiyatiga ham bog‘liq.

– Yosh bolalarda gerpes virusi uchrab turadi. Onalarning hammasi ham bu nimadan kelib chiqqanini bilmaydi. Ushbu virus haqida ma’lumot bersangiz…


– Viruslar sabab kelib chiquvchi dermatozlar teri kasalliklari ichida salmoqli o‘rinni egallaydi. Uchuq (gerpes virusi), kontagioz mollyuska, so‘gallar bolalarda ko‘p uchraydi.
Oddiy uchuq virusi boshqa viruslardan farq qilib, u inson organizmida yillab saqlanishi, ba’zi noxush holatlar (zotiljam, bronxit, O‘RVI, har xil intoksikatsiyalar va boshqalar) ta’sir etganda faollashib, kasallikni yuzaga keltirib chiqaradi. Aksariyat hollarda qo‘rqish, sovqotish, shamollash, gipovitaminoz holatlari ham viruslarni qo‘zg‘atib oddiy uchuqqa sabab bo‘ladi. Ba’zan bemor bilan muloqotda bo‘lganda ham kasallik yuqishi mumkin. Kasallik onadan bolaga muloqot vaqtida, tug‘ruq yo‘llari orqali, ifloslangan homila oldi suyuqligi orqali va platsenta orqali yuqishi mumkin. Bunday hollarda kasallik og‘ir, asoratli kechishi mumkin. Kasallik O‘RVI kasalliklar bilan birga kechganda havo-tomchi yo‘li bilan yuqishi mumkin.

– Bugun qaysi go‘zallik saloniga kirmang «piling», «botoks», «mezoterapiya» xizmatlariga ko‘zingiz tushadi. Mutaxassis sifatida yuzga shu usulda «ishlov» berishlariga qanday qaraysiz?


– Aholi orasida kosmetologik uslublar keng tarqalishi kuzatilmokda. Bu muolajalar so‘zsiz mutaxassislar tomonidan bajarilishi zarur va maxsus protseduralar in’yeksiyalar, botulotoksin, mezoterapevtik protseduralar, pilinglar aniq ko‘rsatmalar asosida, tavsiyalarga ko‘ra bajarilishi shart. Kosmetologik muolajalar malakali mutaxassislar tomonidan kat’iyan nazorat bilan maxsus sharoitda o‘tkazilishi kerak. Tanlangan mahsulotlarda davlat sertifikati bo‘lishi zarur. Kosmetologik muolajalarni aynan yoshiga, terining holatiga karab, mutaxassis tanlaydi va tavsiya kiladi. To‘g‘ri tanlangan tibbiy kosmetologik muolajalar terini go‘zallashtiradi va yoshartiradi.

– Xalqimiz orasida oq dog‘lar baliq, sut, tuxum mahsulotlarini aralashtirib yeyishdan kelib chiqadi, degan qarash bor. Aslida vitiligo kasalligining kelib chiqish sabablari qanday?


– Vitiligo orttirilgan teri kasalligi bo‘lib, turli shakl va o‘lchamdagi aniq chegaralangan oq dog‘ bilan xarakterlanadi. Bu kasallikning kelib chiqishiga ko‘plab omillar sabab bo‘ladi. Ya’ni asab, endokrin va immunitet tizimi va lipidlar pereks oksidlanishi tizimining buzilishi natijasida hujayralarning o‘z-o‘zini yemirishi, shuning­dek, terining mik­roelement tarkibi va metabolik jarayonning o‘zgarishi bilan bog‘liq. Vitiligo surunkali avj olib kechishi bilan ajralib turadi. Ayol va erkakda bir xilda uchraydi. Vitiligo kasallikka moyillik (genetik) va qo‘zg‘atuvchi (tashqi) omillar ta’sirida paydo bo‘ladi. Tashqi omillarga emotsional asabiylashish va quyosh ta’sirida kuyish, ichki a’zolarning surunkali yallig‘lanishi, zaharlanish, disbakterioz, gijja, endokrin va immun tizimi buzilishlari sabab bo‘lishi mumkin.

Vitiligo odatda to‘satdan boshlanadi. Bemor, eng avvalo, depigmentatsiya o‘chog‘i (yoki o‘choqlari)ni sezadi. Vitiligoning klinik ko‘rinishi teri qoplami turli sohalarida gipo va depigmentatsiya o‘choqlarining mavjudligi bilan xarakterlanadi va vaqt o‘tishi bilan kattalashishga moyil bo‘ladi. Vitiligo kosmetik nuqson bo‘lib, ko‘pincha, bemorda ruhiy tushkunlikni keltirib chiqaradi.

– Nasldan-naslga o‘tadigan teri kasalliklariga qaysilar kiradi?


– Terining irsiy kasalliklari genodermatozlar, deb ataladi. Hozirda teri irsiy kasallik­larining 200 dan ortiq turi mavjud bo‘lib, ular butun teri kasalliklarining 10 foizini tashkil etadi. Ularga ixtioz, tug‘ma bullyoz epidermoliz, darye kasalligi, keratodermiyalar, albinizm,enteropatik akrodermatit kasalligi va boshqalar kiradi. Ushbu kasalliklar ma’lum bir genga bog‘liq bo‘lib, ­nasldan naslga o‘tadi. Kasallik kelib chiqishida qarindoshlar o‘rtasidagi nikoh, onaning homiladorlik vaqtidagi turli xil genital va ekstragenital kasalliklar bilan kasallanishi sabab bo‘ladi.

– Teri saratoni bilan kasallangan bemorlarga ham tez-tez duch kelamiz. Ushbu xastalikka chalinmaslik uchun nimalarga ahamiyat berish zarur?


– Terining o‘sma kasalliklari o‘z o‘rnida o‘sma oldi kasalliklari, terining yaxshi sifatli o‘sma kasalliklari va terining yomon sifatli o‘sma kasalliklariga ajratiladi.Terining saraton kasalliklariga bazalioma, melanoma, yassi hujayrali teri saratoni, T va V hujayrali teri limomalari va boshqalar kiradi.

Teri saratoniga chalinmaslik uchun terini to‘g‘ri parvarish qilish, teri gigiyenasiga rioya qilish, teri kasalliklarida o‘z vaqtida shifokor nazoratida, asoratlarsiz, to‘g‘ri davo muolajasini olib borish, quyosh nuridan saqlanish va quyosh nuridan to‘g‘ri foydalanish, terini turli xil jarohatlardan himoya qilish, bilib bilmasdan terida paydo bo‘lgan nuqsonlarni tabiblarda shifokor ko‘rigisiz davolamaslik zarur.

Dermatoonkologiya hozirgi zamonaviy tibbiyotda rivojlanib kelayotgan sohalardan biri bo‘lib, ushbu soha kasallikka o‘z vaqtida, erta, zamonaviy ilg‘or tibbiyot diagnostikasi usullardan foydalangan holda aniq tashxis qo‘yish, zudlik bilan davo choralarini ko‘rishga va kasallikning oldini olish uchun aholi orasida tibbiy madaniyatni oshirishga qaratilgan.

– Terimiz himoya qatlamimiz bilan birgalikda chiroyimiz hamdir. Uning sog‘lom, ko‘rkam nur sochishi uchun qanday taomlanish zarur? Aksincha, qanday amallarimiz terimiz go‘zalligiga rahna soladi?


– Terining go‘zalligi ovqatlanish ratsioni bilan bog‘liq. Ilmiy izlanishlar natijasida shu narsa fanga aniq bo‘ldiki, inson qanchallik to‘g‘ri va sog‘lom ovqatlansa, nafaqat sog‘lig‘i yaxshilanadi, balki terisi ham kun sayin chiroy ochadi. Organizm birinchi nav­batda oqsil va vitaminlarga to‘yingan bo‘lishi zarur. Albatta mikroelementlarning ham teri sog‘lom nur sochishida o‘z o‘rni bor. Yod, selen, magniy, sink, mis, kalsiy, kaliy ham me’yorida bo‘lishi shart.
Muntazam fast-fud iste’mol qilish, yog‘li ovqatlar me’yorini bilmaslik, shirinlik­larni pala-partish yeyishlik oshqozon-ichak tizimi faoliyati buzilishiga olib keladi. Oziq moddalarning yomon so‘rilishi ovqat hazm bo‘lishini sekinlashtiradi yoki aksincha. Mana shu buzilishlarning barchasi terining tashqi ko‘rinishi salbiy holga kelishiga sabab bo‘ladi. Shuning uchun dermatologlar bevosita gastroyenterologlar bilan birgalikda hamkorlikda ishlaydi.

– Homiladorlikning oxirgi uch oyligida terida qichishish, achishish va mayda toshmalar kuzatiladi. Ayting-chi, homiladorlik teridagi asoratlarsiz o‘tishi uchun bo‘lajak onalar nimalarga ahamiyat qaratishi lozim?


– Homiladorlik davrida ona organizmidagi o‘zgarishlar juda keskin o‘tadi. Ayol organizmi boshqacha tarzda ishlaydi.
Homiladorlikdan oldin toshmalar patologiya hisoblansa, homiladorlik bilan bog‘langan gormonal o‘zgarishlar davrida aynan shu toshmalar norma, deb qabul kilinadi. Homilador ayollarda toshma kuzatilsa, zudlik bilan shifokorga murojaat qilish kerak. Agar toshmalar terining yuza qismida joylashgan bo‘lsa husnbuzarlarni eslatadi. Lekin shuni yodda tutish kerakki, yuzdagi toshmalar qizilcha, gerpes, suvchechak kabi xavfli virusli kasalliklar alomati bo‘lishi ham mumkin.
Qolaversa, homilador ayollarning ko‘krak va orqa yelka sohalaridagi toshmalar ko‘pincha yuqumli kasalliklar, ichak funksional buzilishlari natijasi bo‘lishi mumkin. Yuqoridagi holatlar ko‘pincha homiladorlikning oxirgi uch oyligida kuzatiladi.

– Qaysi ichki kasalliklar hisobiga yuzga dog‘ tushadi?


– Ko‘zgu qarshisiga turib, yuzingizga diqqat qiling: rangi tiniqmi, husnbuzar yoki toshma bo‘lsa, kattaligi, holati va miqdori qancha? Dog‘ni ko‘rsangiz uning o‘lchami va yuzning qaysi qismidan joylashganiga qarang. Ishonish qiyin-u, lekin yuzning har bir qismidagi kamchilik ichki a’zolarning u yoki bu turi bilan bog‘langan bo‘ladi. Masalan, oshqozon-ichaklarda muammo bo‘lsa, yuz yonoqlarining o‘rta qismida husnbuzar paydo bo‘ladi. Bezovtalik surunkali tus olib, xastalikka aylansa, dog‘ paydo bo‘lishi mumkin. Yuz tuzilishi, holati va ko‘rinishiga qarab tashxis qo‘yish tibbiyotda ommalashgan usullardan biri. Zero, yuz sohasiga dog‘ tushishi, husnbuzar yoki toshma chiqishi o‘z-o‘zidan sodir bo‘lmaydi. Odatda mazkur holat bir qator omillar bilan taxmin qilinadi.

Jumladan: gormonal balans muvozanati o‘zgarishi (ko‘pincha xomilador ayollarda, yuz, bo‘yin va qorin sohasiga dog‘ tushishi bilan kuzatiladi);
peshob ajratish yo‘li hamda jigardagi o‘zgarishlardagi teri pigmentatsiyasi (qo‘l kafti yuzasidagi mayda dog‘lar, yuz yonoqlariga yoyilgani);
qalqonsimon bez faoliyatidagi o‘zgarishlar, siydik qopi yallig‘lanishi, avitaminoz ham dog‘ yuzaga keltirishi mumkin (peshona ikki chakkasi, qo‘l kafti yoki oyoqdagi dog‘);
quyoshda uzoq vaqt toblanish melanin sintezini faollashtiradi. Bu esa asosan yuzda dog‘ paydo bo‘lishiga olib keladi (yonoq, burun atrofidagi dog‘, kurakdagi mayda sepkil);
stress va asabiylik. Ma’lumotlarga ko‘ra asabiy kishilarda dog‘ paydo bo‘lishi ko‘proq kuzatiladi (bo‘yin sohasi, quloq atrofida yuzaga kelgan dog‘lar);
tashqi muhit ta’siri, ish faoliyati kimyoviy moddalar bilan bog‘liq bo‘lsa, noto‘g‘ri tanlangan pardoz vositalari, o‘rinsiz bajarilgan kosmetik muolajalar ham dog‘ tushishiga olib keladi.

Akmal ERGASHEV suhbatlashdi

Yana o‘qing:  Organizmga kalsiy yetishmasligining 6 belgisi

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: