Farzandlari sog‘ elning ko‘ngli tog‘dir

Azal-azaldan har qaysi ota-ona o‘z bolasining sog‘lom va barkamol, aql-zakovatli, baxtli bo‘lishini istaydi. Shunday farzandni voyaga yetkazish, uning hayotda munosib o‘rin egallashiga erishish – ota-onaning eng ulug‘, eng muqaddas orzusi, desak, ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz.

Biz sog‘lom deganda, nafaqat jismoniy, balki ma’naviy jihatdan ham sog‘lom bolani o‘zimizga tasavvur etamiz.

Islom KARIMOV

Farzand – oila quvonchi, hayotimizning mazmuni. Uning salomatligi ko‘nglimizning xotirjamligi, halovatidir. Azaldan xalqimiz bolaning dunyoga kelishi, uning parvarishi va ta’lim-tarbiyasiga yuksak e’tibor qaratgan. O‘zaro mehr-oqibat tuyg‘ularini shakllantirish, kattalarga hurmat, kichiklarga izzat ko‘rsatish, el ishiga kamarbasta, vatanparvar, jismonan chiniqqan va ma’nan yetuk avlodni kamol toptirish milliy mentalitet va umrboqiy qadriyatlarimizning asosini tashkil etadi.

Prezidentimiz tomonidan 2014 yilga “Sog‘lom bola yili” deb nom berilishini taklif etishi barcha yurtdoshlarimiz qalbiga cheksiz quvonch baxsh etdi. Boisi, bolajon xalqimiz barcha orzu-umidlarini, sa’y-harakatlarni farzandlarining kamoloti, baxtu saodatida ko‘radi.

Istiqlolning dastlabki yillaridan yurtimizda sog‘lom avlod tarbiyasi umumxalq harakatiga aylantirildi. Mamlakatimizning ilk ordeni – “Sog‘lom avlod uchun” nomi bilan atalgani hamda shu nomda hukumatga qarashli bo‘lmagan xalqaro xayriya jamg‘armasining tashkil etilishi ulug‘vor maqsadlar sari qo‘yilgan ezgu qadam edi. Prezidentimiz 1993 yildagi “Buyuk maqsad yo‘lidan og‘ishmaylik” deb nomlangan ma’ruzasida shunday ta’kidlaydi: “Biz naslimizning kelajagi – sog‘lom avlod uchun kurash boshladik. Shu nom bilan orden ta’sis etdik va maxsus xalqaro jamg‘arma tuzdik. Bu bejiz emas. Sog‘lom deganda biz faqatgina jisman baquvvat farzandlarni emas, balki ma’naviy boy avlodni ham ko‘zda tutganmiz. Chunki har taraflama sog‘lom avlodga ega bo‘lgan xalqni hech qachon yengib bo‘lmaydi. Buni hammamiz yaxshi anglamog‘imiz shart”. Bundan yigirma yil muqaddam yangragan ezgu da’vatni bugun har bir yurtdoshimiz qalban his etib, yangi maqsad va zafarlar sari odimlayapti.

Sog‘lom ota-onadan ham jismonan, ham ruhan sog‘lom avlod dunyoga keladi. Oila iqtisodiy jihatdan ta’minlangan bo‘lsa, farzandining kelajagiga zamin yaratadi. Yosh avlodning sog‘lom voyaga yetishi, kasb-hunar o‘rganishi va kelajakda jamiyat rivojiga hissa qo‘sha oladigan shaxs bo‘lib kamol topishiga ko‘maklashadi. Biroq, ichkilikbozlik va giyohvandlikka ruju qo‘ygan, shuningdek, ruhiy xasta yoki ayrim sabablarga ko‘ra mehnatga layoqatsiz ota-onalarning farzandlari nosog‘lom muhit tufayli hayotda o‘z o‘rnilarini topishga qiynaladi.

Yana o‘qing:  QVP – salomatlik markazi

Shunday oilalarning farzandlari ham davlatning kuchli ijtimoiy siyosati tufayli e’tibordan chetda qolmaydi. Shuningdek, O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan nodavlat-notijorat tashkilotlari hamda aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamini qo‘llab-quvvatlashga mas’ul mutasaddi tashkilotlar kam ta’minlangan oilalar farzandlarining ham to‘la to‘kis yashashlari va o‘z iqtidorini namoyon etishlari uchun doimo harakat qiladi.

Istiqlol tufayli kishilar ongida yangi dunyoqarash shakllandi. Avvalo, har bir fuqaro o‘zi va oila a’zolarining salomatligiga mas’uliyatni chuqur his etmoqda. Hukumatga qarashli bo‘lmagan “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya jamg‘armasi ham aholining tibbiy savodxonligini oshirishda o‘z hissasini qo‘shmoqda.

O‘tgan yigirma yil davomida jamg‘arma ijtimoiy-siyosiy, tibbiy va ma’naviy yo‘nalishda keng qamrovli ishlarni amalga oshirib kelmoqda. Davlatimizning insonparvarlik siyosatini aholi o‘rtasida targ‘ib etayotir.

“Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya jamg‘armasi onalik va bolalikni muhofaza qilish, muruvvat, ta’lim, sport, tibbiyotga doir davlat dasturlarini va xorijlik hamkorlar bilan xalqaro yo‘nalishlardagi loyihalarni amalga oshirish yo‘lida ham izchil faoliyat olib bormoqda. Jamg‘arma tashkil etilganidan buyon uning viloyatlardagi filiallari hamda shahar tuman tayanch maskanlari, poytaxtdagi Tibbiy-ijtimoiy markazi, hududlardagi “Ambulans” tibbiy-ijtimoiy patronaj brigadalari jamoalarining aholi salomatligini asrash yo‘lidagi fidokorona xizmatlarini ta’kidlab o‘tish o‘rinlidir.

Aholining reproduktiv salomatligini yaxshilash, tug‘ish yoshidagi ayollarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish va doimiy nazoratga olish, homilador ayollarni bepul vitaminlar bilan ta’minlash, yurtimizning chekka hududlarida istiqomat qilayotgan aholini sifatli tibbiy xizmat bilan qamrab olish maqsadida joylarda qishloq vrachlik punktlarini barpo etish va zamonaviy tibbiy uskunalar hamda malakali kadrlar bilan ta’minlash yuksak darajada amalga oshirildi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida “Ona va bola skriningi” markazlarining faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Perinatal markazlari tashkil etildi. Tug‘ruq komplekslarida qayta qurish va ta’mirlash ishlari olib borilib, zamonaviy tibbiy jihozlar o‘rnatildi.

Ta’lim tizimida amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlarda ham bolajon xalqimiz va yurtimizning istiqboli namoyondir. “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonun va “Kadrlar tayyorlash Milliy dasturi” asosida uch bosqichli ta’lim tizimining yo‘lga qo‘yilishi olijanob maqsadlarimizning amalga oshishiga zamin yaratmoqda. Bugun yurtimizning qay go‘shasiga bormang, zamon talablariga mos ravishda qad rostlagan muhtasham ta’lim muassasalarini ko‘rib cheksiz iftixor tuyasiz. Jadal taraqqiy etayotgan mamlakatlar yoshlari qatorida bugun o‘zbek yoshlari ham axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan unumli foydalanib, bilim va dunyoqarashini boyitayotir. Xalqaro fan olipiadalarida o‘zbek yoshlarining muvaffaqiyatli ishtirok etayotgani so‘zimizning yorqin isbotidir.

Yana o‘qing:  O‘ZBEKISTON YOSHLAR SIYOSATI – MAMLAKATNI YANADA RIVOJLANTIRISH YO’LIDA

Sport va san’at xalqlar o‘rtasida o‘zaro hamjihatlik va totuvlikni ta’minlabgina qolmay, mamlakatni dunyoga tez tanitadi. Eng avvalo, sport – inson salomatligi va irodasini mustahkamlaydi. Shu bois o‘tgan yillar mobaynida yurtimizda bolalar sportini rivojlantirish, ularni ommaviy sportga jalb qilish borasida ulkan ishlar amalga oshirildi. Birgina dunyoning boshqa mamlakatlarida mavjud bo‘lmagan, uch bosqichli – “Umid nihollari”, “Barkamol avlod”, “Universiada” musobaqalarining tashkil etilishi va muntazam o‘tkazib kelinayotgani, eng chekka hududlarda ham muhtasham sport majmualarining bunyod etilgani va ushbu maskanlarda sport mashg‘ulotlarini o‘tagan yoshlarning dunyo arenalarida yurtimiz bayrog‘ini baland ko‘tarayotgani sog‘lom avlodni tarbiyalashdek ulug‘vor maqsadimizni o‘zida ifoda etadi.

Bir paytlar qishloq joylarida qizlarning badiiy gimnastika bilan shug‘ullanishini tasavvur qilib bo‘lmas edi. Sportning bu nafis turi bo‘yicha respublikada federatsiya tashkil etilishi natijasida badiiy gimnastika bilan muntazam shug‘ullanadigan qizlar soni keskin oshdi. 2003 yilda 1 ming 700 nafar qiz nafis sport turi bilan shug‘ullangan bo‘lsa, qariyb o‘n yilga yaqin muddat ichida ularning soni 36 ming nafarga yetdi.

Quvonch bilan aytish joizki, bugun yurtimizda 1 million 800 ming nafardan ziyod bola 30 dan ziyod sport turi bilan muntazam shug‘ullanmoqda. Jismoniy tarbiya va sport bilan shug‘ullanish el farzandlarining jismoniy rivojlanishi va salomatligining mustahkamlanishiga zamin yaratmoqda.

Ma’lumotlarga tayanadigan bo‘lsak, o‘tgan davrda bolalar o‘rtasida o‘tkir respirator virusli infeksiyalar, pnevmoniya (zotiljam), bronxit, skolioz umurtqa pog‘onasi qiyshayishi kabi xastaliklarga chalinish holatlari kamayganini kuzatish mumkin.

O‘zbekistonning “Save the Children” (“Bolalarni asraylik”) xalqaro tashkiloti tomonidan bolalarga g‘amxo‘rlik ko‘rsatayotgan dunyodagi o‘nta mamlakat safiga kiritilgani ham bejiz emas, albatta. Hozir 92 foiz o‘g‘il-qizlarimizning vazni va bo‘yiga doir ko‘rsatgichlari Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti talablariga mos keladi.

San’at sohasida ham ko‘zmunchoq bolalarimiz yuksak muvaffaqiyatlarni qo‘lga kiritmoqda. Jahon musiqasining yirik namoyandalari yaratgan asarlarni, ular yashab ijod etgan mamlakatlarning katta sahnalarida ijro etib, jonajon diyorimiz nomini dunyoga tarannum etmoqda.

Oila – saodat oshiyoni, muqaddas dargoh. Hayot mazmunini farzandlari iqboli bilan o‘lchaydigan xalqimiz bolalarining ta’lim-tarbiyasini shu mo‘jaz vatandan boshlaydi. Prezidentimiz aytib o‘tganidek, sog‘lom bola – avvalo, sog‘lom va ahil oilaning mevasidir.

Yana o‘qing:  Sog‘lom va barkamol farzandlar orzu-maqsadimiz, hayotiy manfaatlarimiz timsolidir

Bosh Qomusimizning alohida bobida oilaning ijtimoiy maqomi belgilab berilgan. “Oila”, “Fuqarolik”, “Uy-joy” kodekslari va boshqa qonun hujjatlarida oilaviy munosabatlar o‘z ifodasini topgan.

Nikohlanuvchi yoshlarni majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishning joriy qilinishi yangi qurilayotgan oilalarning mustahkam poydevori bo‘libgina qolmay, farzandlarning sog‘lom dunyoga kelishi va ulg‘ayishiga asos bo‘lib xizmat qiladi. Yosh oilalarni qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan ulkan ishlar, ularni uy-joy, ish o‘rinlari bilan ta’minlash, turmush darajasini oshirish uchun banklar tomonidan imtiyozli kreditlar ajratishi kabi ulkan imkoniyatlar zamirida saodat oshiyonlarida kamol topayotgan bolalarga g‘amxo‘rlik, ularning jismonan sog‘lom va ma’nan yetuk bo‘lib kamolga yetishiga ko‘maklashishdek ezgu maqsad mujassamdir.

Ona – farzandning ilk tarbiyachisi. Uning salomatligi, bilimi va dunyoqarashi bola tug‘ilishi va barkamol ulg‘ayishida muhim asos ekanini barcha yaxshi anglaydi.

Prezidentimiz o‘z ma’ruzasida, ayolni qadrlash, og‘ir ishlardan xalos etish, turli kasalliklardan himoya qilish – er kishining, jamiyatimizning burchidir, deya ta’kidlagani, yurtimiz ayollarining qadr-qimmatini yana bir pog‘ona yuksaltirdi.

Mamlakatimizda xotin-qizlarning ijtimoiy faolligini oshirish, ularni qo‘llab-quvvatlash, salomatligini saqlash, turmush darajasini yuksaltirish borasida ham salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda. O‘smir qizlar, nikohlanuvchilar va ayollar bepul tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilmoqda. Ular orasida farzand tarbiyasini yuksaltirishga hamda oila va jamiyatga munosabatini va tibbiy madaniyatini oshirishga doir ma’naviy-ma’rifiy ishlar izchillik bilan olib borilmoqda.

Aytish joizki, bu borada oldimizda turgan vazifalar ham talaygina. Qizlarning erta turmush qurishi, qarindoshlar o‘rtasidagi nikohning oldini olish, oilalarda sog‘lom muhitni qaror toptirish borasida aholi orasida tushuntirish targ‘ibot ishlarini kuchaytirish muhim vazifalarimizdan biridir.

Bir so‘z bilan aytganda, Prezidentimiz rahnamoligida “Sog‘lom bola yili”da amalga oshiriladigan xayrli ishlarni hayotga tatbiq etish Hukumatga qarashli bo‘lmagan “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya jamg‘armasi jamoasi zimmasiga ham yuksak mas’uliyat yuklaydi. Zero, sog‘lom avlodni tarbiyalash, ularni yurt koriga yaraydigan insonlar etib voyaga yetkazish har birimizning sharafli burchimizdir.

Svetlana INAMOVA,

Hukumatga qarashli bo‘lmagan

“Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya jamg‘armasi Boshqaruvi raisi

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: