Chiroyli qaddi-qomatga erishish sirlari

ortiqcha vazndan xalos bo‘lish va Chiroyli qaddi-qomatga ega bo‘lish har bir ayolning orzusi hisoblanadi. Boisi tashqi ko‘rinishdagi turli kamchiliklar ayollar go‘zalligini kamaytirish bilan birga ko‘nglini xira qilib, salomatligiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Xastalik keltirib chiqaradi


Ortiqcha vazn (semizlik) kasallik bo‘lib, teri osti va tananing boshqa joylarida me’yordan ortiqcha yog‘ to‘p­lanishi natijasida kelib chiqadi. Kamharakatlanish, genetik faktorlar, endokrin kasalliklar, noto‘g‘ri ovqatlanish yoki psixologik buzilish­lari, stresslarga beriluvchanlik kabi faktorlar semizlikni keltirib chiqaradi. Ushbu sabablardan eng ko‘p uchraydigani kam harakatlanish, noto‘g‘ri ovqatlanish va genetik faktorlardir.

Semizlik oqibatida metabolik sindrom, qandli diabet, yurak ishemik kasalligi, miokard infarkti, insult, gipertoniya kasalligi, surunkali vena qon-tomirlarining yetishmovchiligi, xoletsistit va o‘t-tosh kasalligi, artritlar, osteoxondroz va osteoartrozlar, umurtqa pog‘onasi churralari, jigarning yog‘li distrofiyasi hamda onkologik kasallik­larga sabab bo‘lishi mumkin.

Ushbu kasallik­larning o‘z vaqtida oldini olish hamda ularni bartaraf etish uchun, avvalo, insondan jismoniy faollik, sog‘lom turmush tarzi va ovqatlanish ratsioniga rioya qilish talab etiladi. Chunki chiroyli qaddi-qomatga erishish uchun muayyan jismoniy mashqlarsiz xavfsiz hamda samarali ozishning iloji yo‘q.

Faol harakat tanadagi yog‘larni eritadi


Kamharakatlilik, kun davomida uzoq vaqt kompyuterda ishlash inson organizmida ortiqcha vazn bilan bog‘liq ko‘plab kasalliklarni keltirib chiqaradi. Mazkur xastaliklarning oldini olish maqsadida har bir kishi kundalik ish faoliyatini jismoniy faollik bilan boshlashi, ya’ni toza havoda sayr qilishi, jismoniy mashqlar bilan band bo‘lishi va albatta sog‘lom hamda to‘g‘ri ovqatlanishga e’tibor qaratishi lozim. Zero, toza havoda sayr qilish – mushak, yurak-qon tomir tizimini mustahkamlaydi, nafas olish ritmini rivojlantiradi. Faol harakatlar tanadagi yog‘larning erishiga, shu orqali ortiqcha vazndan qutilishiga yordam beradi.

Tabiiy yo‘llardan foydalanamiz


Bundan tashqari, semizlikka qarshi kurashda sog‘lom ovqatlanish ham muhim o‘ringa ega. Turli xil sabzavot va mevalarni iste’mol qilishga odatlanish sog‘lom va to‘g‘ri ovqatlanish ratsionini shakllantirishga xizmat qiladi. Shu bilan birga, ba’zi hollarda muhim, ammo ko‘z ilg‘amas qoidalarga rioya etishimiz salomatligimizni mustahkamlashga xizmat qiladi. Misol uchun, har kuni nahorda 200 grammdan kam bo‘lmagan iliq suv iste’mol qilishni odatga aylantirsak salomatligimiz uchun koni foyda bo‘ladi. Chunki suv tezlik bilan oshqozonga va ichaklarga tushadi, zaharli moddalarning chiqarilishiga yordam beradi. Ichaklarni tozalab, ovqatdan keladigan foydali moddalarning yaxshi o‘zlashtirilishiga hissa qo‘shadi. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, tongda och qoringa ichilgan suv metabolizmni 25 foizga tezlashtiradi. Bu esa ortiqcha vaznga ega odam uchun kaloriyani faol sarflash natijasida ozishga yordam berishini anglatadi.

Qolaversa, vaznni bir xil me’yorda saqlab qolish uchun tarkibida shakar mahsulotlari bor mahsulotlar (shokolad, shakar, marmelad, murabbo, tort, pishiriqlar, muzqaymoq, asal), yog‘li va dukkakli mahsulotlar, dudlangan hamda qovurilgan ovqatlarni imkoni boricha kam iste’mol qilish lozim.
Iloji boricha kundalik ovqatlar ratsionini to‘g‘ri tashkil etish maqsadga muvofiq. Buning uchun ertalabki nonushtani yaxshi tanovul qilib, kechki ovqatni esa uxlashdan 3 soat oldin yeyishga odatlanish darkor. Bordiyu, uxlash oldidan qorin ochib qolgudek bo‘lsa, bir stakan qatiq yoki bo‘lmasa olma tanovul qilish mumkin.

Hammasi o‘z qo‘limizda

Yana o‘qing:  O‘t-tosh kasalligini jarrohlik amaliyotisiz davolasa bo‘ladimi?


Ertalab, uyqudan uyg‘ongandan so‘ng yengil badantarbiya va dush qabul qilish ham jismoniy faollikni oshirishga xizmat qiladi. Chunki suv muolajalari badanni ortiqcha shlak­lardan tozalab, ishchanlik faoliyatini oshiradi.
Ortiqcha vaznning oldini olish, sog‘lom turmush tarziga rioya qilish va to‘g‘ri ovqatlanish qaddi-qomatning go‘zal bo‘lishida muhim o‘ringa ega. Shunday ekan, buning uchun bizdan ko‘p narsa talab etilmaydi. Shunchaki, jismoniy mashqlar, kundalik ovqatlanish ratsionni to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish va faol turmush tarziga erishishning o‘zi kifoya!

— Semizlikka asosan kam harakatlanish, noto‘g‘ri ovqatlanish va genetik faktorlar sabab bo‘ladi.
— Faol harakatlar tanadagi yog‘larning erishiga, shu orqali ortiqcha vazndan qutilishiga yordam beradi.
— Turli xil sabzavot va mevalarni hamda har kuni tongda 200 grammdan kam bo‘lmagan iliq suv iste’mol qilishga odatlaning.

Guli ShAYXOVA,

diyetolog

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: