Surunkali gastrit va oshqozon saratoni: qanday qilib oldini olish mumkin?

Shifokor Yoqub NAmatov bilan suhbatimiz oshqozon-ichak kasalliklari profilaktikasi, diagnostika va davolash usullari bo‘yicha bo‘ldi. Ushbu ma’lumotlar aholi orasida oshqozon-ichak kasalliklarining oldini olish va erta aniqlashda sizga ham asqatadi, degan umiddamiz.

– Avvalo, gastroenterologiyaning bugungi eng muhim yutuqlari, tibbiyotimizning birlamchi bo‘g‘inida bu borada yaratilgan sharoitlar haqida ma’lumot bersangiz.


– Tibbiyotga zamonaviy endoskop, laboratoriya tahlil vositalari, ultratovush tahlil uskunalarining kirib kelishi boshqa sohalar kabi gastroenterologiya rivojida ham muhim o‘rin tutdi. Quvonarlisi, jahon tibbiyotining bunday ilg‘or texnologiyalari bugungi kunda mamlakatimiz tibbiyotining birlamchi bo‘g‘inlarida ham joriy etilgan.

– Yoshi kattalar, ba’zida yoshlar orasida ham jig‘ildon qaynashidan shikoyat qiluvchilar uchrab turadi. Ularga uy sharoitida qanday yordam berishimiz mumkin?


– Avvalo, bemor holatini yaxshilab o‘rganishingiz kerak. Ya’ni ovqatlangandan keyin orqada to‘sh tagida achishish bormi, qimirlasa og‘riq kuchayadimi, jig‘ildon qaynashi bir haftada bir martadan oshadimi, shularni so‘rash kerak. Jig‘ildon qaynashining oldini oluvchi tabletkalar qabul qilganda behuzurlik, to‘sh tagidagi og‘riq yo‘qoladimi, yo‘qmi? Agar jig‘ildon qaynashi bir haftada 2 marta va undan ortiq kuzatilsa, bu gastroezofago refleks kasalligi bo‘lishi mumkin. Ya’ni, organizmda moddalar almashinuvi buzilishi natijasida safro qizilo‘ngachga tushayotgan bo‘ladi. Buni o‘z vaqtida aniqlab, davolatmaslik qizilo‘ngach saratoniga olib kelishi mumkin.
Shu bois, jig‘ildon qaynashi tez-tez kuzatiladigan odamlarni, albatta, umumiy amaliyot shifokori ko‘rigiga jalb etishingiz shart. Oilaviy poliklinikada bemor tegish­li tibbiy ko‘riklardan o‘tkazilib, ambulator sharoitda vrach nazorati ostida o‘z sog‘lig‘ini to‘liq tiklashga erishadi.

– O‘t-tosh kasalliklari asosan ayollar o‘rtasida qayd etiladi, buning sababi nimada, oldini olsa bo‘ladimi?


– To‘g‘ri, ayollar o‘rtasida o‘t pufagi kasalliklari, jumladan, o‘tda tosh paydo bo‘lishi holatlari ko‘p uchraydi. Bunga homiladorlik davrida ayol organizmida ro‘y beradigan gormonal o‘zgarishlar asosiy sabab sifatida ko‘rsatiladi. Ya’ni gormonal o‘zgarish tufayli safro quyuqlashadi. Ertalab og‘iz qurishi, og‘izdan noxush hid kelishi, og‘iz achchiq bo‘lishi o‘t pufagi kasalligi belgilaridir. Bunday vaziyatda bemorni ultratovush tahliliga yo‘llab, o‘tda tosh bor-yo‘qligini aniqlash kerak. Agar o‘tda tosh bo‘lmasa, ko‘p miqdorda toza suv, safro haydovchi giyoh choylar ichish, uyqu oldidan og‘ir hazm bo‘ladigan, xamirli taomlar yemaslik, jismoniy faol bo‘lish orqali sog‘liqni asrash mumkin.

– O‘t pufagidagi toshni giyohlar yordamida tushirish mumkinmi?


– Yo‘q, buning iloji yo‘q. O‘t pufagidagi toshni faqat jarrohlik yo‘li bilangina bartaraf etish mumkin. Ilgarilari litoterapiya vositasida maydalab tushirish mumkin, degan nazariyalar ham bor edi. Biroq zamonaviy tibbiyot bu g‘oyani ham rad etdi. Bugungi zamon tibbiyot taktikasi shunday: o‘t pufagida tosh insonni bezovta qilmayotgan bo‘lsa, unga tegmaslik kerak. Faqat bunday holatda safro haydovchi giyohlardan ichish mumkin emas. Chunki unday giyohlar toshni joyidan qo‘zg‘atib qo‘ysa, bemor ahvoli birdan og‘irlashishi mumkin. Qachonki tosh bezovta qilsagina jarrohlik yo‘li bilan o‘t olib tashlanadi.

– Men biriktirilgan hududdagi xonadonlardan birida yashovchi o‘rta yoshli kishi ovqatlangandan keyin yoki ko‘p harakat qilsa, o‘ng tomonida og‘irlik sezishidan shikoyat qilmoqda. Bu o‘t pufakda muammo borligi belgisimi yoki jigar kasalligi alomatimi?


– Bu jigar steatozidan dalolat. Noto‘g‘ri ovqatlanish, kam harakatlilik, semizlik ushbu kasallikka sabab bo‘ladi. Bunday insonlarga xonadon sharoitida har kuni kamida yarim soat jismoniy harakat qilishni, uglevodli mahsulotlar, ya’ni yog‘li taomlar, shirinliklardan tiyilishni maslahat bering. Safro haydovchi giyohlardan choy damlab ichishni tavsiya qiling.

– 12 barmoqli ichak va oshqozon yarasi qanday namoyon bo‘ladi?


– Agar inson och qolsa, oshqozon-ichakda kuchli og‘riq bo‘ladi. Ovqat yegandan keyin og‘riq biroz muddatga bosiladi. Bemor kechqurunlari ham og‘riqdan aziyat chekadi. Bular 12 barmoqli ichak yoki oshqozon yarasi belgilari sanaladi. Aytish kerakki, oshqozon yarasidan ko‘ra, 12 barmoqli ichak yara xastaligi ko‘proq kuzatiladi.

– Surunkali gastrit va uning natijasida kelib chiqadigan oshqozon saratoniga qarshi kurashda nimalarga ­e’tibor qaratishni tavsiya qilasiz?


– Sizlarga ma’lumki, surunkali gastrit kelib chiqishida xelikobakter pilori infeksiyasi asosiy rol o‘ynaydi. Garchi, zamonaviy tibbiyot bu infeksiyani bartaraf etishning samarali yo‘llarini topgan bo‘lsa-da, bemorlar o‘z vaqtida tibbiy ko‘rikka murojaat etmasligi tufayli surunkali gastrit va oshqozon saratoni kelib chiqmoqda. Buning oldini olish uchun uchta omilga alohida e’tibor qaratish lozim: oilada 12 barmoqli ichak va oshqozon yarasi kasalligi bilan og‘riganlar, atrofik gastrit kasalligi bilan xastalanganlar, ota-onasi yoki yaqin qarindoshlari orasida oshqozon saratoni bilan xastalanganlar bo‘lsa, bunday insonlarni, albatta, xelikobakter pilori infeksiyasini aniqlash bo‘yicha tekshiruvga yo‘llash kerak. Shu yo‘l bilan oshqozon saratonining oldi olinadi.

– Oshqozon-ichak kasalliklarining oldini olishda aholi amal qilishi oson bo‘lgan qoidalar bormi?


– Ha, bunday oltin qoidalar bor: iste’mol qilinadigan ovqat 10 daraja haroratdan past va 65 darajadan yuqori bo‘lishi kerak emas. Ovqatni shoshmasdan, yaxshilab chaynab yeyish lozim. Shoshilib ovqat iste’mol qilinsa yoki dasturxon ustida suhbat qurilsa, oshqozonga havo kiradi va kishi kekira boshlaydi. Kuniga uch yoki to‘rt marta, kam-kamdan ovqatlanish, kechqurun hazmi og‘ir taomlardan tiyilish, tabiiy mahsulotlar – meva, sabzavotlarni ko‘proq yeyish, transjir mahsulotlar – margarin, mayonezlarga ruju qo‘ymaslik, kuniga 2-3 litr toza suv ichishga odatlanish oshqozon-ichak kasalliklariga qarshi mustahkam himoyadir.

Yana o‘qing:  TANGA DARMON DARMONDORILAR

Akmal ERGASHEV suhbatlashdi

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: